O‘zA O`zbek

14.08.2018 16:05 Chop etish versiyasi

Bog‘chada ingliz, rus, koreys va xitoy tillari chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitiladi

Bog‘chada ingliz, rus, koreys va xitoy tillari chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitiladi
Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi yuz o‘ringa mo‘ljallangan “Sevinch” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida 17 nafar xodim mehnat qilayotir.

Muassasada bolalar yotoqxonasi, oshxona, har bir guruh uchun alohida-alohida mo‘jaz kutubxona burchagi, maxsus til o‘rganish xonalari, pediatr hamda tibbiyot xonalari, ovqatlanish, musiqa va gimnastika zallari mavjud. Mashg‘ulotlar olib boriladigan zarur xonalar innovatsion texnologiya va uskunalar bilan jihozlangan.

Bu yerda bolajonlarga ingliz, rus, koreys va xitoy tillari chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitiladi. Sharq yakka kurash turlari, badiiy gimnastika, musiqa, raqs kabi 10 dan ziyod to‘garaklarni tashkil etishda iqtidorli pedagoglar jalb etilgan.

Bog‘cha hovlisida ixchamgina suzish havzasi, mashg‘ulot va musobaqalar uchun sport maydonchasi, bir nechta attraksionlar barpo etilgan.

Muassasada tashkil etilgan “Yoz – o‘tmoqda soz” yakuniy hisobot tadbirida jamoatchilik vakillari, tarbiyalanuvchilarning ota-onalari ishtirok etdi.

Ota-onalar muassasada tarbiyalanayotgan farzandlarining burro-burro o‘zbek, rus, koreys, xitoy tillarida she’r aytib, qo‘shiq kuylashiga guvoh bo‘ldi. Bolajonlarning qayiqchalar poygasi, suzish musobaqasi taassurotlarga boy bo‘ldi.

A.Qayumov, O‘zA
1 838