O‘zA O`zbek

14.02.2020 Chop etish versiyasi

Boburning to‘la asarlari chop etiladi

Boburning to‘la asarlari chop etiladi

Andijondagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarining jahon madaniyati tarixida tutgan o‘rni, Bobur va boburiylar hayoti va ijodini o‘rganish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tmoqda.

Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi faoliyati, Bobur ijodiy merosini o‘rganish, keng targ‘ib etish borasida olib borilayotgan ishlar muhokama etilayotir. 

Anjumanda Bobur xalqaro jamoat fondi boshqaruvi raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zokirjon Mashrabov fond tomonidan 2019 yilda olib bolirlgan ishlar hamda joriy 2020 yilda amalga oshirilishi belgilangan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. 

–Bobur xalqaro jamoat fondi va ilmiy ekspeditsiyasining tashkil etilganligiga 25 yildan ortdi, – deydi Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi raisi Zokirjon Mashrabov. – O‘tgan ana shu davr mobaynida Fond tomonidan ko‘hna tariximizni chuqur o‘rganish, ma’naviyatimizni yanada yuksaltirish, Bobur va boburiylar yaratgan boy ilmiy-madaniy meros namunalarini Vatanga olib kelib, ilmiy iste’molga kiritish, zaminimizdan yetishib chiqib, xorijda umrguzaronlik qilgan buyuk ajdodlarimiz qabrlarini ziyoratgohlarga aylantirishga qaratilgan ezgu va xayrli ishlar olib borilmoqda. Xususan, Bobur izidan 40 ziyod mamlakatlar bo‘ylab ilmiy safarlar uyushtirildi. Natijada ko‘plab yangi-yangi manbalar qo‘lga kiritildi va “Bobur va jahon madaniyati” muzeyiga olib kelindi.

Anjumanda taniqli ijodkor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Qamchibek Kenja Boburning to‘la asarlar to‘plamini nashrga tayyorlash, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Vahob Rahmon “Bobur ensiklopediyasining uchinchi jildi”, shuningdek, ingliz va rus tillaridagi nashrlariga hozirlik ishlari, fondning Qoraqalpog‘iston mintaqaviy bo‘limi rahbari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Q. Yarashev may oyida Ellikqa’la tumanida “Bobur adabiy merosida ilm va ma’rifat g‘oyalari” mavzusida ilmiy anjuman o‘tkazish, afg‘onistonlik boburshunos olim Azizillo Arrol, professor Abdullo Runi, ozarbayjonlik boburshunos olim, professor Ramiz Asker, qozog‘istonlik boburshunos olim, professor Islom Jemeney, Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Muhsin Pirmuhsiniy, Hindistonning mamlakatimizdagi elchixonasi Madaniy markazi rahbari Chandra Shekxar va boshqalar Bobur va boburiylar ijodiy merosini targ‘ib etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida gapirdi.

Hindistonning mamlakatimizdagi elchixonasi Madaniy markazi rahbari Chandra Shekxar:
–Yurtingizda jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar hayoti va ijodini o‘rganish, keng targ‘ib qilish borasidagi ishlar hukumat darajasida olib borilishiga hamisha havasimiz keladi. Xususan, nafaqat Osiyo, balki jahon ilm-fani, taraqqiyoti va rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan shoir, olim va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburga O‘zbekiston zaminida ko‘rsatilayotgan ehtirom xalqingizning shu yurtdan yetishib chiqqan buyuk tarixiy shaxslarga bo‘lgan hurmatining yorqin namunasidir.

Bishkekdagi Quveyt universiteti rektori Asan Ormushev:

- Bobur jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulkan tarixiy shaxsdir. Jumladan, Z.M. Boburning ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish borasida Qirg‘izistonda ham qator ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, universitetimiz hamda Bobur nomidagi xalqaro jamoat fonda o‘rtasidagi hamkorlik mazkur yo‘nalishdagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirmoqda. Ishonamanki, kelgusida ulug‘ shoirning yana ko‘plab asarlari qirg‘iz tiliga ham tarjima qilinadi. 

Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini davom ettirmoqda. 

402
Faxriddin UBAYDULLAEV, O‘zA