O‘zA O`zbek

03.04.2019 Chop etish versiyasi

Bo‘zda ajrimlar muhokamasi

Bo‘zda ajrimlar muhokamasi

Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumani Bo‘z mahallasida Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi tomonidan “Mening mahallam – mening sudyam” shiori ostida sayyor uchrashuv o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 14 fevraldagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan sudlar tomonidan samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Toshkent shahar Jinoiy, Fuqarolik, Ma’muriy va Iqtisodiy sudlar sudyalarining aholi bilan “Mening mahallam – mening sudyam” shiori ostida sayyor uchrashuvlari jadvali tasdiqlandi.

– Bunday uchrashuvlar huquqbuzarliklarning oldini olish, sudlar faoliyati shaffofligini ta’minlash, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda poytaxtimizdagi har bir mahallani jinoyatchilik va huquqbuzarliklardan xoli hududga aylantirishga qaratilgan turli tadbirlarni o‘z ichiga oladi, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi sudyasi Farruh To‘raxo‘jaev. – Ushbu tadbirlar fuqarolar o‘rtasida loqaydlik va beparvolikka yo‘l qo‘ymaslik, jamiyatda tinch va osoyishta yashash sharoitini yaratish maqsadida o‘tkazilmoqda.

Sayyor uchrashuvda Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi tomonidan chiqarilgan, jinoyatchilikka sabab bo‘ladigan shart-sharoitlarning oldini olishga qaratilgan bir qator xususiy ajrimlar muhokama qilindi.

Shuningdek, sudyalar mahalla vakillarini sudlar faoliyati, jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, sud-huquq sohasidagi islohotlar bilan tanishtirdi.

1 257
G.Boboeva, O‘zA