O‘zA O`zbek

16.10.2019 Chop etish versiyasi

Boʻyinbogʻ desang oʻlarmiding?

Boʻyinbogʻ desang oʻlarmiding?
Ona tilim - oltin sandigʻim

Bu voqeani men bir turk adibidan eshitganman. Unga oʻsha hodisani boshdan kechirgan polvon jiyani hikoya qilgan ekan. U yigit bir xalqaro kurash musobaqasida oʻzbek polvoni bilan tanishib qolibdi. Ular bir mehmonxonada yonma-yon turar ekanlar. Gaplari qovushib, didlari mos kelib, oz vaqt ichida qadrdon boʻlib olibdilar.

Bir kun oʻsha yigit oʻzbek doʻstidan, bir kechaga kravatingni berib tur, deb soʻrabdi. Oʻzbek hayron boʻlibdi. Krovatim senga nega kerak, debdi. Turk unga shivirlabdi:

– Bir jonon bilan tanishib qoldim. Bugun koʻrishadiganmiz. U juda goʻzal ekan...

– Tushundim, krovating yoʻqmi?

– Bor, lekin eskiroq.

– Mening krovatimda aysh-ishrat qilmoqchimisan?

– Bir kecha xolos...

Oʻzbekning joni xalqumiga kelibdi:

– Qani, bir tuyogʻingni shiqirlat! Chiq, koʻzimga koʻrinma!– deya uni haydab chiqaribdi. Turk ham qiziqqon ekan, senga nima yomonlik qildim, nega meni haydaysan, deb oʻzbekning yoqasidan olibdi. Baqir-chaqirga qoʻshnilar yigʻilib, ikki polvonni zoʻrgʻa ajratib qoʻyibdilar. Ular ichida ozarbayjonlik polvon ham bor ekan, janjal nimadan chiqqanini soʻrabdi.

– Men undan faqat kravat soʻradim xolos, – debdi turk.

– Mening krovatimda buzuqlik qilmoqchi boʻldi bu benomus, – debdi oʻzbek.

Ozar yigit bu gapni eshitib rosa kulibdi. Oʻzini toʻxtatolmay, qornini changallab uzoq xanda uribdi. Janjal ustida qah-qah urgan yigitga qarab hamma hayron emish. U nihoyat oʻzini arang bosib koʻzidan oqqan kulgu yoshlarini artib oʻzbekka debdi:

– Sen qardosh, bekorga xafa boʻlibsan. Kravat turk tilida galstuk degani. Doʻsting sendan, galstugingni berib tur, deb soʻrabdi.

Oʻsha oqshom oʻzbek polvoni ziyofat beribdi. Ming uzrlar bilan doʻstiga hamma galstuklarini sovgʻa qilibdi.

– Kravat nima, desang boʻlmasmidi? – debdi turk.

– Boʻyinbogʻ desang oʻlarmiding? – debdi oʻzbek.

Erkin VOHIDOV,
Oʻzbekiston xalq shoiri
“Soʻz latofati“ kitobidan

1 471
OʻzA