Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.04.2018 14:46 Chop etish versiyasi

Bo‘stonliqlik ishbilarmon tog‘da tuya boqish sirini ochdi

11.jpg

Bo‘stonliq tog‘larida sahro jonivorlari podasini ko‘rsangiz hayratlanmang, bu Ilhom tuyachining suruvlari.

Mutaxassislar tuya sutini sog‘ilgan zahotiyoq issiqligida ichilishi kerak, shundagina uning foydali xususiyatlari ortadi, deyishadi. Tabiblar tuya sutini tartib bilan uzoq kun ichishni tavsiya qilishadi. Asosan, cho‘l jonivori sanaladigan “sahro kemalari” oqligini iste’mol qilish uchun shuncha kun jazirama hududlarga borib davolanish ancha mushkul.

Mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, ishbilarmonlikning yangi yo‘nalishiga qo‘l urgan poytaxt viloyati Bo‘stonliq tumani Chimboyliq qishlog‘idan Ilhom Ro‘ziboyev shifotalab odamlarning og‘irini yengil qilish bilan birga, “sahro kemalari” tog‘da ham “suzishi” mumkinligini amalda isbotladi.

07.jpg

Ilhom aka Bo‘stonliq tog‘larida tuyaning sevimli ozuqasi hisoblangan yantoq ko‘p o‘sishini hisobga olib, dastlab sinov uchun 2014-yilda Qoraqalpog‘istondan bir bosh tuya olib keldi. Jonivor tog‘da o‘zini yaxshi his etganini ko‘rgan tadbirkor yana o‘n bir bosh qo‘shdi. Bugunga kelib tuyalari soni 60 boshga yetib qoldi. Ayni paytda 16 bosh sog‘in tuyadan kuniga 70–80 litrgacha sut sog‘ib olinyapti. Bozorda ularning har litrini 20 ming so‘mdan sotmoqda. Bundan tashqari, tuya junidan uy sharoitida to‘qilayotgan ro‘mol, belbog‘, paypoqlarning ham bozori chaqqon. Eng muhimi, oila a’zolarining bari foydali mehnat bilan band.

– Tuyachilik yaxshigina daromad keltirsa-da, tog‘li hududda ularni boqish har kimning ham qo‘lidan kelavermas ekan, – deydi I.Ro‘ziboyev. – Chunki o‘ziga yarasha tashvishlari bor, albatta. Dastlab ish boshlaganimizda qo‘shnilardan “haybati qo‘rqinchli”, “bo‘kiraverib tinchlik bermaydi”, kabi shikoyatlar ham bo‘ldi. Shuni hisobga olib, tog‘ etagida tuyaxona qurdik. U yerga 5-6 ta maxsus vagon joylashtirib, shifotalablar uchun yotib tuya sutidan iste’mol qilishlari uchun sharoit yaratganmiz. Tog‘ giyohlarini iste’mol qilgan tuya sutining shifobaxshligi ortarkan. Odamlar shifo izlab hatto Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlaridan ham kelishmoqda. Bir oy davomida ularni tuya suti yordamida davolashga harakat qilyapmiz.

09.jpg

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tibbiyotda tuya suti va peshobi jigar sirrozi, nafas qisishi kabi og‘ir xastaliklarga davo. Ushbu mahsulotlar qirq kun davomida tartib bilan iste’mol qilinsa, qonni tozalaydi, qon tarkibidagi qand miqdorini me’yorlashtiradi, teri rangini tiniqlashtiradi. Tuyaning juni, go‘shti, hatto tezagigacha shifobaxsh ekani tabobatda isbotlangan. Ba’zi kasalliklarni davolash uchun tuyalar orasida yotish ham tavsiya etiladi.

Yosh, semiz tuya go‘shti to‘yimliligi jihatidan qoramol go‘shtidan qolishmaydi. Erkak tuyalarning vazni 700–750 kilogramm, urg‘ochilariniki 600–650 kilogramm atrofida bo‘ladi. Bir o‘rkachli tuyalardan yiliga o‘rtacha 2000 kilogrammgacha yog‘liligi 4,5 foiz, ikki o‘rkachli tuyadan esa yog‘liligi 5,4 foiz bo‘lgan 1000 kilogrammgacha sut sog‘ib olinadi.

Ikki o‘rkachli tuyalardan yiliga 5–10, bir o‘rkachlilardan 2–4 kilogramm jun olish mumkin. Sifatiga ko‘ra, ikki o‘rkachli tuyalar juni tarkibida 85 foiz tivit mavjud. Shu bois ular qimmatroq baholanadi. Mahsulotdan junli kiyim-kechaklar, trikotaj, ko‘rpalar tayyorlanadi. Erkak tuyalar urg‘ochilariga qaraganda ko‘proq jun beradi.

10.jpg

Tuyalar yaxshigina transport vazifasini ham bajaradi. Ular vazniga qarab 200–300 kilogramm yuk bilan soatiga 4,5 kilometr tezlikda, kuniga 35 kilometr yo‘l bosa oladi. Ayrim hollarda ularni aravaga qo‘shib yuk tashish ham mumkin.

Odatda tuyalardan 20 yoshga kirgunga qadar foydalaniladi. So‘ng ularning tishlari yedirila boshlaydi va yem-xashaklarni to‘la hazm qila olmaydi. Bunday tuyalar semirtirilib, go‘shtga topshiriladi.

G‘azalkentlik tadbirkor bugun tog‘ sharoitida tuyachilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lganlardan o‘z maslahatlarini ayamaydi:

13.jpg

– Tuyalar tog‘li va zax yerlarda yashay olmaydi, degan gap noto‘g‘ri. Faqat ular to‘g‘ri parvarishlansa, bas. Cho‘l va dasht sharoitidagidek dag‘al o‘t va xashaklar, yantoq kabi o‘simliklar asosiy ozuqasi. Jonivorlarga faqat og‘ir sharoitda yoki qochirish mavsumidagina joyida pichan va yem beriladi. Tuyalar odatda 2–3 yoshligida jinsiy balog‘atga yetadi. Bu davrda nortuyalarni urg‘ochilaridan ajratish lozim. Aks holda ular tez-tez juftlashib, o‘sishdan to‘xtaydi. Tuyalarning bo‘g‘ozlik davri har xil bo‘ladi. Masalan, bir o‘rkachli tuyalarda bu davr 13 oy, ikki o‘rkachlilarda esa 14 oyga boradi. Har bir tuya, asosan, bitta bo‘taloq tug‘adi. Yangi tug‘ilgan bo‘taloq juda nimjon bo‘ladi. U onasidan ajratilgan holda, issiq xonada boqiladi. Har kecha-kunduzda sutkasiga 6–8 martagacha emizilishi lozim. Bo‘taloqlar o‘sib-rivojlanib borgan sari yem-xashakka o‘rgatiladi. Ular ikki yoshga yetganda 350–400 kilogramm vazn oladi. Bunda ularga har kecha-kunduzda 10–12 kilogramm pichan yoki yem berish tavsiya etiladi.

Naqd kelsa, tadbirkorlik kayfiyati ham o‘sib borar ekan. Ishbilarmon “Ilhom hidoyat” fermer xo‘jaligini tashkil qildi. Xo‘jalikda tuyalardan tashqari yigirmadan ko‘p yilqi, qo‘y-echkilar boqilmoqda. Yaqinda viloyat hokimining qarori bilan fermerga tog‘dan 60 gektar yer yaylov sifatida ajratildi. Ilhom aka bugungi kunda mo‘jaz sanatoriy qurish harakatida yuribdi. Tuman mutasaddilari shijoatli tadbirkorning tashabbusini qo‘llab-quvvatlashsalar, ichki turizm rivojiga ham ayni mudao bo‘lar edi.

Farhod Esonov, O‘zA
6 464