Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.05.2018 07:10 Chop etish versiyasi

Bo‘stonliqda 22 nafar harbiy xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik monumenti ochildi

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi harbiy qismlardan birida yurtimiz sarhadlari daxlsizligi va xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash, xizmat burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan 22 nafar harbiylar xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik monumenti ochildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, keng jamoatchilik, yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari, yaqinlari ham so‘zga chiqib, bunday ezgu ishlar uchun tashkilotchilargaminnatdorlik bildirdi.

– Davlatimiz tomonidan turmush o‘rtog‘im Pahlavon Abdullayev kabi harbiylar nomini abadiylashtirish, ularning jasoratini qadrlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar ko‘nglimga taskin beradi, – deydi P.Abdullayevning turmush o‘rtog‘i, Chirchiq garnizoni harbiy poliklinikasi hamshirasi Urbugul Abdullayeva. – Turmush o‘rtog‘im bilan 9 yil baxtli hayot kechirdik. U oilasi, farzandlari, do‘stlari va hamkasblariga mehribon edi. Uning Vatan oldidagi xizmati besamar ketmadi. Ortida qolgan uch farzandi otasiga, yurtiga munosib insonlar bo‘lib kamolga yetmoqda. Bugun ochilgan ushbu yodgorlikda bir qator safdoshlari singari uning ham nomi borligini ko‘rib, ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi.

Tadbirda harbiylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar tomonidan yodgorlik poyiga gullar qo‘yildi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
2 004