Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.10.2017 17:58 Chop etish versiyasi

Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar” oromgohida I Respublika yosh ijodkorlar forumi o‘tkazildi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan forumda yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mamlakatimizning barcha hududlaridan nazm, nasr, dramaturgiya, publitsistika va tarjima yo‘nalishlarida ijod qilayotgan 150 dan ortiq iste’dodli yoshlar ishtirok etdi.

– Bo‘lajak adiblarning ijod namunalarida o‘zgacha ruh va yoshlik kayfiyati bor, – deydi Respublika yosh ijodkorlar kengashi raisi M.Abbosova. – Yosh qalamkashlar ijodida mustaqillik, Vatan, tinchlik, yoshlik va muhabbat mavzulari ustuvor ekani kishini quvontiradi. Hali bularning orasidan yurtimizni xalqaro miqyosda keng tanitadigan ulkan ijodkorlar yetishib chiqishi shubhasiz. Bu borada esa mana shunday tadbirlarning ahamiyati katta.

Forum davomida yosh ijodkorlar o‘zaro fikr almashdi. Tajribali mutaxassislar ishtirokida nasr, nazm, tarjima, dramaturgiya va publitsistika yo‘nalishlari bo‘yicha turli ijodiy uchrashuvlar, seminar-trening va o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Samarqand viloyatidan kelgan Islomjon Qo‘chqorov she’riyat yo‘nalishida ijod qiladi. Hozirga qadar uning 50 dan ortiq she’ri viloyat va markaziy nashrlarda e’lon qilingan.

– Bunday nufuzli forumda ishtirok etganimdan juda xursandman, – deydi Islomjon. – Ustozlardan juda ko‘p narsa o‘rgandim, tengdoshlarimning ijodi bilan tanishdim. O‘zim kabi havaskor yosh shoir-yozuvchilar bilan do‘stlashish, ularning she’rlari, hikoya va tarjimalari bilan tanishish imkoniyati umuman adabiy qarashlarimga ham ta’sir qildi. Biz, yoshlarga mana shunday keng sharoit yaratilayotgani uchun davlatimizdan minnatdormiz.

Turli yo‘nalishlarda o‘tkazilgan seminar-trening va o‘quv mashg‘ulotlari barchada katta taassurot qoldirdi. Muloqotlar davomida iste’dodli yoshlarning ijod namunalarini chop etishga ko‘maklashish, nasr, nazm va tarjima yo‘nalishida ilmiy-metodik qo‘llanmalar ishlab chiqish, internet tarmog‘ida yosh ijodkorlar maydonini yaratish yuzasidan fikr almashildi. Hududlarda bu kabi turli amaliy tadbirlar tashkil etish, tanlov va festivallar o‘tkazish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.

Forumda faol ishtirok etgan yoshlarga turli nominatsiyalar bo‘yicha tashkilotchilarning faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
2 411






Все о погоде - Pogoda.uz