O‘zA O`zbek

22.09.2020 Chop etish versiyasi

Boʻston shahridagi markaziy oʻyingoh nega buzilmoqda?

Boʻston shahridagi markaziy oʻyingoh nega buzilmoqda?

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ellikqalʼa tumani markazi – Boʻston shahridagi markaziy oʻyingohning buzilayotganligi hamda uning oʻrni odamlarga sotilayotganligi haqida xabar tarqaldi. Bu xabar qanchalik asosli ekanligini aniqlash uchun tuman hokimligiga murojaat qilib, buzilayotgan markaziy oʻyingohga tashrif buyurdik.

– 15 ming tomoshabinga moʻljallangan mazkur stadion 1991-yilda qurilgan. Biroq oʻtgan yillar mobaynida unda taʼmirlash ishlari olib borilmagan, – deydi Ellikqalʼa tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Azimjon Qurbanov. – Shu bois, tribunaning beton zinopoyalari hamda yon tomonidagi devorlarda yoriqlar paydo boʻlib, stadion avariya holatiga kelib qolgan. 

Shuning uchun bu yerda 2012-yildan buyon hech qanday tadbir va sport mashgʻulotlari oʻtkazilmaydi. Biz stadionning bir qismini buzib, qolgan qismini kapital taʼmirlash boʻyicha manzilli dasturga kiritish choralarini koʻrmoqdamiz. Bu boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligidan ruxsat olganmiz. Ijtimoiy tarmoqlarda stadion buzilib, uning oʻrniga xususiy uylar qurish uchun yer rejasi fuqarolarga berilayotir, degan mish-mishlar tarqalibti. 
photo_2020-09-22_17-59-00.jpg

Buni kim va nima maqsadda tarqatgani bizga nomaʼlum. Bizning maqsadimiz tuman markazida 2,5 – 3 ming tomoshabin sigʻadigan Moʻynoqdagi kabi chiroyli, zamonaviy stadion qurish. Stadionga maxsus qoplama va yugurish yoʻlagi yotqiziladi va soyabon tortiladi. 

Keyinchalik mazkur oʻyingohda nafaqat sport mashgʻulotlari, balki yirik tadbirlarni ham oʻtkazish niyatimiz bor. Ochilgan yer maydonlari esa maysazorlikka aylantiriladi, gullar ekiladi. Odamlarga uy qurish uchun berilmaydi.

Boʻston shahridagi markaziy oʻyingohning qoshida Madaniyat saroyi hamda bolalar-oʻsmirlar sport maktabi joylashgan. Stadionning tashqarisidan qaralganda u huddi katta tuproq uyumiga oʻxshaydi, uni birinchi koʻrgan kishi stadion deb oʻylamaydi. Mutasaddilarning bildirishicha, markazdan kelgan yuqori lavozimdagi amaldorlar ham “nima uchun shahar markaziga tuproq uyulib qoʻyilgan?” deb, eʼtiroz bildirgan.

photo_2020-09-22_17-59-03.jpg

Stadion qurilgan vaqtlarda uning tashqarisi tuproq bilan qurshalgan, tribunalar shu tuproq uyumiga suyanib turibti.

A.Qurbanovning aytishicha, stadionning faqat 4 ta sektori kapital taʼmirlash uchun qoldiriladi, kolgani “snos” qilinadi. Hozirda bir qismi buzilib, undan chiqqan chiqindilar odamlar tomonidan olib ketilmoqda.

– Bizga “snos” uchun byudjetdan pul berilmaydi, shu bois, xohlovchilar buzilishi mumkin boʻlgan qismidagi tuproqlarni, chiqindilarni oʻzlari tashib olib ketmoqda. Stadionni kapital taʼmirlash masalasi Investitsiya dasturiga kiritilgunga qadar, biz shunday hashar yoʻli bilan “snos” masalasini hal qilib qoʻymoqchimiz, – deydi u.

photo_2020-09-22_17-58-56.jpg

Ijtimoiy tarmoqlarda Boʻston shahri markazidagi harbiy samolyot maketi ham oʻrnidan koʻchirilganligi salbiy holat sifatida talqin qilingan.

Maʼlum boʻlishicha, harbiy samolyot maketi tuman markazidagi Jaloliddin Manguberdi nomidagi istirohat bogʻiga koʻchirilgan. Avvalgi turgan joy koʻrimsiz va belgisiz joy boʻlgan. Bolalar ustiga chiqib oʻynagan, ustidan yiqilib jarohat olgan holatlar boʻlgan. 

Shu atrofda yashovchi aholi eʼtirozidan keyin, istirohat bogʻidagi attraksionlar yoniga koʻchirilgan.

photo_2020-09-22_17-59-29.jpg

4 652
E.QANOATOV, M.HABIBULLAYEV (surat), OʻzA