O‘zA O`zbek

20.07.2018 16:03 Chop etish versiyasi

Bo‘linma yangi binoda ish boshladi

Bo‘linma yangi binoda ish boshladi
Jizzax shahar ichki ishlar bo‘limining 3-son bo‘linmasi Alisher Navoiy nomidagi mahalla hududida to‘liq rekonstruksiya qilingan ikki qavatli binoda ish boshladi. 

Mamlakatimiz ichki ishlar tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar aholining tinchlik va xavfsizligini ta’minlash, huquqlarini ishonchli himoya qilishda yuksak samara bermoqda. 

Jizzax shahrida “Xavfsiz shahar” loyihasini tatbiq etish bo‘yicha shu yil mart oyida 2-son ichki ishlar bo‘linmasi yangi bino bilan ta’minlangan edi. Oradan uch oydan ko‘proq vaqt o‘tib, Madaniyat, Ko‘tarma, Tinchlik, Xayrobod, Alisher Navoiy, Hamid Olimjon mahallalariga xizmat ko‘rsatuvchi bo‘linma ham yangi binoga ega bo‘ldi.

1 milliard 610 million so‘mlik rekonstruksiya ishlari bajarilgan zamonaviy inshootda huquq-tartibot posbonlari samarali faoliyat yuritishi uchun barcha qulayliklar yaratildi. Bo‘linmaning navbatchilik qismida “Xavfsiz shahar” boshqaruv situatsion markazi tashkil etildi. Markaz yo‘l harakati xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, qo‘riqlash xizmati, patrul-post xizmati va boshqa tarmoqlarni geoinformatsion tizim orqali boshqaradi.

3 (1).JPG

Bozorlar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, mehmonxonalar, yo‘llar va boshqa jamoat joylari videokuzatuv uskunalari, zamonaviy signal uzatish texnikasi bilan markazga ulangan. Bu jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish, ularni tez fursatlarda fosh etish imkoniyatini kengaytiradi.

Bo‘linmada tergov, surishtiruv, jinoyat qidiruv, saralash xonalari zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Shaxsiy tarkib uchun dam olish xonasi, ma’naviyat va ma’rifat xonasi, oshxona ishlab turibdi.

Bino ochilishiga bag‘ishlangan marosimda hududdagi mahallalar faollari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirda Prezidentimiz tashabbusi bilan ichki ishlar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida tizimning quyi bo‘g‘iniga alohida e’tibor qaratilayotgani, xususan, profilaktika inspektorlariga xizmat uyi va yengil avtomashinalar berish tartibi joriy etilishi huquqbuzarliklar kamayishiga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

– Ichki ishlar tizimini isloh qilishda bo‘linmalar faoliyatini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani jamoatchilik bilan aloqalarni mustahkamlashda ham o‘z samarasini bermoqda, – deydi viloyat ichki ishlar xodimlari faxriylar kengashi raisi N.Mahamatov. – Bu yillar davomida sinovdan o‘tgan usul. Ichki ishlar bo‘linmalariga yaratib berilayotgan qulay sharoit jamoatchilik tuzilmalari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlaydi. Bu hamkorlik huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi tinchligi va osoyishtaligini ishonchli ta’minlashning muhim kafolati bo‘lib xizmat qiladi.

Tadbirda viloyat hokimi E.Soliyev, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari A.Mirzayev so‘zga chiqdi.

T.Beknazarov, J.Yorbekov (surat) O‘zA
2 406