O‘zA O`zbek

19.05.2019 Chop etish versiyasi

BMT sammitida Orol masalasi koʻtariladi

BMT sammitida Orol masalasi koʻtariladi

MDXMI bitiruvchilari V xalqaro forum doirasida “Strategik empatiya va xavfsizlik” mavzusiga bagʻishlangan munozaralar ham juda qizgʻin oʻtdi.

Sessiyani Forumning eng martabali mehmonlaridan biri, BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar boʻyicha yordamchisi Miroslav Yencha ochib berdi.

Aytish joiz, BMT, xususan, YUNESKO mamlakatimizning betakror tarixiy va meʼmoriy yodgorliklariga alohida eʼtibor qaratib kelgan. Qolaversa, BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish 2018 yil Samarqandda Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgandan soʻng Orolboʻyi muammolarini oʻz koʻzi bilan koʻrish maqsadida Moʻynoqqa yoʻl olgandi.

M.Yenchaning taʼkidlashicha, aynan Oʻzbekiston Prezidentining tashabbusi bilan Orol fojiasi masalasi xalqaro darajaga chiqdi. BMTning joriy yil sentyabr oyida boʻlib oʻtadigan sammitida ushbu masala koʻtariladi.

Strategik empatiya va xavfsizlik masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Dilshod Axatov, Slovakiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Lukash Parizek, Turkiya xalqaro munosabatlar va strategik tahlil markazi rahbari Sinan Ogan va boshqa ekspertlar ham oʻz mulohazalarini bildirdi.

Forum davom etmoqda.

3 990
Gʻayrat Xonnazarov, OʻzA