O‘zA O`zbek

19.09.2019 Chop etish versiyasi

BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi delegatsiyasining uchrashuvlari

BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi delegatsiyasining uchrashuvlari

BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayyan boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida 19-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Muloqot chogʻida BMT va mazkur nufuzli tashkilot tuzilmalari bilan hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda demokratik mezonlar asosida mustahkam siyosiy tizim yaratilgan. Jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash, inson manfaatlarini himoya qilishning mustahkam huquqiy mexanizmi mavjud. “Xabeas korpus” institutining joriy etilayotgani mamlakatimizda xalqaro tajriba va tamoyillarni amaliyotga izchil tatbiq etishdagi intilishni aks ettiradi.

Tadbir soʻngida tomonlar 2021-2023-yillarda Oʻzbekiston nomzodini BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga koʻrsatish boʻyicha muloqotni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida tashkil etilgan uchrashuvda mehmonlarga Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) va Konstitutsiyaviy sudi faoliyati haqida soʻzlab berildi.

BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzolari kunning ikkinchi yarmida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashdi.

Muloqot chogʻida sud tizimi, uning mustaqil va xolis faoliyat yuritishini tashkil etish, odil sudlovni taʼminlash va subyektlarni himoya qilish, shuningdek, huquqiy yordamdan foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini erkinlashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Fuqarolar huquq va erkinliklarini, ular qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasida dadil qadamlar tashlangani alohida taʼkidlandi. Odil sudlov tizimini yaratishga qaratilgan islohotlarga yuqori baho berildi.

– Oʻzbekistonda sud tizimi mustaqilligini taʼminlash yoʻlida qoʻyilgan ijobiy qadamlarni alohida eʼtirof etish joiz, – deydi Diyego Garsiya-Sayyan. – Sudyalarni tanlab olish, sudlarning ixtisoslashuvi, sud ishlari taqsimoti kabi jarayonlar aks etgan milliy tizim xalqaro tajriba asosida ishlab chiqilgani quvonarli.

Mamlakatimizda fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari boʻyicha xorijiy arbitraj qarorlari, huquqiy yordam va huquqiy munosabatlarni tan olish hamda ijro etishga doir BMT konvensiyalari, 30 ga yaqin xalqaro shartnomalar ratifikatsiya qilingan.

Uchrashuvda Oʻzbekistonda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar odil sudlovning demokratik tamoyillarini amalga oshirish uchun zarur sharoit yaratishga qaratilgani qayd etildi.

BMT delegatsiyasi shu kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov va Sudyalar oliy kengashi raisi Ubaydulla Mingboyev ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvda ham qatnashdi.

Tadbirda Oʻzbekistonda sud organlari mustaqilligini ragʻbatlantirish va himoya qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar, qonun ijodkorligi, Sudyalar oliy kengashi faoliyati, sudyalarni tanlash, tayinlash va tayyorlashdagi sud intizomi kabi masalalar muhokama qilindi.

BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi delegatsiyasining tashrifi davom etmoqda.

3 655
Gʻayrat XONNAZAROV, OʻzA