O‘zA O`zbek

04.07.2020 Chop etish versiyasi

“Bizning meros” turkumidan koʻrgazma

“Bizning meros” turkumidan koʻrgazma

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy koʻrgazmalar direksiyasida “Bizning meros” turkumidan rassom Andrey Krikisning shaxsiy koʻrgazmasi ochildi.

Rangtasvir ustasi A.Krikis Rossiyaning Yaroslavl shahrida arxeolog oilasida tavallud topgan. Otasining xizmat vazifasi tufayli dastlab Toshkentga, soʻng Samarqandga koʻchib oʻtgan. Rassomning birinchi shaxsiy koʻrgazmasi 1986-yilda, hayotlik chogʻidagi oxirgi koʻrgazmasi esa 1994-yilda tashkil etilgan.

Oʻzini tez va baralla namoyon etgan rassomni tanqidchilar biri Yevropa “transavangard” vakillari qatoriga qoʻshgan. Rassom fantaziyalarini cheklolmagani kabi oʻzini erkin ijodiy parvozsiz tasavvur qila olmagan. U umrining oxirigacha tinimsiz ijod qilib, 500 dan ortiq rangtasvir asarlarini yaratdi. Oʻz sanʼat namunalarini Irkutsk, Qozon, Riga, Moskva, Dehli, Stokgolm va Gyoteborgda oʻtkazilgan shaxsiy koʻrgazmalari hamda Bangladeshda oʻtgan Xalqaro biyennaleda, San-Fransiskoda tashkil etilgan festivalda namoyish etgan. Betakror asarlari mamlakatimizdagi muzeylardan tashqari, Angliya, Germaniya, Gretsiya, Isroil, AQSH, Rossiya, Tailand, Fransiya, Shvetsiyadagi galereyalardan ham joy olgan.

A.Krikis asarlari shakldor va predmetsiz kompozitsiyalar, reminissensiya – polotnosi epataj va boʻrttirib tasvirlash elementlari, dinamika, ichki ekspressiya – shakl va ranglarning gʻaroyib uygʻunlashuvi bilan ishlangan koʻrinishda qurilgan.

Bu yil rassom tavalludining 70 yilligi nishonlanmoqda. Bugungi koʻrgazma yosh avlodni mamlakatimiz sanʼat vakillaridan biri ijodi bilan yaqindan tanishtirish imkonini beradi.

Ekspozitsiyada Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy koʻrgazmalar direksiyasi fondida saqlanayotgan va rassomning shaxsiy kolleksiyasidan oʻrin olgan 20 dan ortiq asar namoyish etilmoqda.

3 659
Oqil GʻULOMOV(surat), OʻzA