O‘zA O`zbek

14.11.2019 Chop etish versiyasi

Biznes gʻoyalar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanadi

Biznes gʻoyalar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanadi
Prezidentimiz raisligida joriy yilning 7-noyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun sohani har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha muhim vazifalar belgilab berildi. Bu vazifalar ijrosini taʼminlashda Jizzax viloyatida katta imkoniyatlar mavjud.

Viloyatda tashkil etilgan “Jizzax” va “Zomin-Farm” erkin iqtisodiy zonalarida tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, xususan, ishlab chiqarish hududigacha muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash, soliq va bojxona imtiyozlari hamda boshqa preferensiyalar yurtdoshlarimiz va xorijiy sarmoyadorlarning tadbirkorlik tashabbuslarini yanada ragʻbatlantirmoqda.

Joriy yilda “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasini Sharof Rashidov, Zomin, Paxtakor va Arnasoy tumanlarining sanoat uchun qulay, zarur infrastrukturaga ega boʻlgan yerlari hisobidan 182 gektarga kengaytirilishi tadbirkorlik rivojida yangi imkoniyatlar yaratdi.

Ayni paytda viloyatda 10 ta kichik sanoat zonasi tashkil qilingan boʻlib, ularning hududida 170,4 milliard soʻmlikdan ortiq qiymatdagi mahsulot ishlab chiqarish hajmiga ega 35 ta kichik korxona faoliyat yuritadi.

Kichik sanoat zonalarida oʻz biznes loyihasini amalga oshirish istagida boʻlgan tashabbuskorlarga yer uchastkalari va bino-inshootlarni berish, tanlash va joylashtirish auksionsiz va toʻlovsiz, tanlov asosida, viloyat erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashining qaroriga binoan 10 yilga uzoq muddatli imtiyozli ijaraga berilayotir.

Davlatimiz tomonidan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga qaramay sohadagi kamchiliklar butunlay barham topgan emas. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining viloyatdagi Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonasiga kredit masalasida 675 ta, yer maydoni ajratish boʻyicha 431 ta, infratuzilma tarmoqlariga ulanish yuzasidan 106 ta va muammolar haqida 830 ta murojaat boʻlgani ham barcha toʻsiqlarga toʻliq barham berilmaganini koʻrsatib turibdi.

Viloyat hokimi Ergash Soliyev tadbirkorlarga murojaatida sohani 2020-yilda rivojlantirishda qanday vazifalar amalga oshirilishiga toʻxtalar ekan, bu ishda hokimlikning, shaxsan oʻzining masʼuliyatini alohida taʼkidladi.

Hokimning tadbirkorlarga murojaatida davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriq asosida har bir hudud xususiyati, salohiyati, ixtisoslashuvidan kelib chiqib, aholini tadbirkorlikka keng jalb etish, ularning biznes gʻoyalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish ishlari olib borilishi qayd etildi. Shuningdek, hokim har bir loyiha viloyat rahbari sifatida oʻz nazorati ostida boʻlishini taʼminlashi, bu loyihalar viloyatning ertangi kelajagi, aholi farovonligining kafolati ekanligini taʼkidladi.

612
Toshqul BEKNAZAROV, OʻzA