O‘zA O`zbek

08.07.2020 Chop etish versiyasi

Bizda nazardan chetda, xorijda tansiq taom

Bizda nazardan chetda, xorijda tansiq taom
Mulohaza

Ha, bu koʻpchiligimizga tanish, qir-adirlarda oʻsadigan butasimon kovul mevasi.

Uni qishloq bolalarini aytmasa, bizda deyarli isteʼmol qilish odat emas. Ammo bu oʻsimlikning gulkurtagi koʻplab xorijiy mamlakatlar tamaddixonalarida tansiq gazak taom hisoblanar ekan.

Jizzax viloyatining Forish tumanidagi “OʼRMONCHA – CAPERS” masʼuliyati cheklangan jamiyati joriy yilning oʻtgan davrida xorijga 400 ming dollarlik kovul sotdi.

Korxona oʻtgan yildan buyon shu sohada faoliyat yuritib kelmoqda. Italiya, Ispaniya, Gretsiya, Turkiya kabi mamlakatlarga 1 million AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilgan. Bu yil ham yil oxirigacha shuncha miqdorda kovul gʻunchalari eksport qilinishi moʻljallanmoqda.

Ayni kunlarda korxona jamoasi Italiya va Ispaniyaga eksport qilish uchun yana 30 tonnaga yaqin mahsulot tayyorlab qoʻydi.

– Korxonamizda terib olingan kovul gulkurtaklarini saralash, yuvish va idishlarga joylash ishlari maxsus mexanizatsiyalashgan uskunalarda amalga oshiriladi, – deydi masʼuliyati cheklangan jamiyat raisi Bekmurod Gʻopirov. – Idishlarga joylangan mahsulotlarning barchasi xorijga eksportga chiqariladi. Korxonamizda qishlogʻimizdan 50 nafar yosh ishlayapti. Hozircha qir-adirlarda tabiiy oʻsib yotgan kovul gulkurtaklarini terib olayapmiz. Kelajakda kovulzorlar barpo etib, ishlab chiqarishni kengaytirish niyatidamiz.

Kovul ildizi baquvvat, suvsizlikka va sovuqqa chidamli koʻp yillik buta boʻlib, oʻn besh yilgacha oʻsib, meva beradi. Tuman hududida ham kovul oʻsimligi azaldan togʻ yonbagʻirlarida, qir-adirlarda, choʻl hududlarida tabiiy holda oʻsadi. Ahamiyatlisi shundaki, kovul yoz boʻyi kurtak yozadi. May-iyun oylarida gullaydi, iyul-avgust oylarida mevasi yetiladi. Hali ochilmagan, 10 millimetrdan katta boʻlmagan dumaloq, qattiq kurtaklari eng xaridorgir mahsulot hisoblanadi.

Mevasi tarkibida alkaloidlar, uglevodlar, askorbin kislota kabi foydali unsurlar mavjud boʻlgan kovul farmatsevtika sanoatida xomashyo sifatida qadimdan qoʻllaniladi. Yangi kesib olingan va choy qilib damlangan kovul shoxlari juda yaxshi antiseptik vosita hisoblanadi. Ulugʻ ajdodimiz Abu Ali ibn Sino ushbu nabotot turidan koʻplab xastaliklarni davolashda foydalangani ham xalq tabobatiga maʼlum.

Dunyoning bir qator mamlakatlarida kovulni madaniy maydonlarda yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan. Jahon tajribasi koʻrsatishicha, bu oʻsimlikni ekib oʻstirganda gektaridan oʻrtacha 125 ming dollardan ziyod daromad olish mumkin ekan.

Keyingi yillarda respublikamizning bir qator viloyatlarida madaniy kovulzor plantatsiyalari barpo etib, bu mahsulotni sanoat asosida yetishtirishni yoʻlga qoʻyayotgan tadbirkorlar ham koʻpayib borayotir. Shu bois bu mahsulotning mamlakatimiz eksportidagi ulushi ham ortmoqda.

Hududining asosiy qismi lalmikor qir-adirlardan iborat boʻlgan Jizzax viloyatida, ayniqsa, Forish tumanida kovulchilikni rivojlantirish imkoniyatlari katta. Prezidentimiz oʻtgan yili tumanga tashrifi davomida kovul yetishtirishni kengaytirishga eʼtibor qaratgani ham bejiz emasdi.

Ammo hozircha bu ish yovvoyi holda oʻsayotgan kovul gultugunlarini yigʻishtirib, saralab, xorijga chiqarish bilan cheklangan. Gultugunlar asosan qishloq aholisi, ishsiz uy bekalari, bolalar tomonidan terilib, tayyorlovchi tadbirkorlarga topshiriladi.

Ammo suvsiz, yurish qiyin boʻlgan togʻ bagʻirlarida butun tanasi tikondan iborat kovul oʻsimligi orasidan uning gulkurtagini olish qiyin, oʻta unumsiz ish. Aksariyat hollarda ancha xavfli.

– Bolalarim bilan har yili kovul terishga chiqib, 1-1,5 million soʻm ishlaymiz, – deydi Forish tumani Egizbuloq qishlogʻida yashovchi Oʻlbusin Xidirova. – Uch kishi boʻlib kuniga 10-12 kilogacha terib, kilosini 5 ming soʻmdan topshiramiz. Ammo bolalarning oʻzini yuborib boʻlmaydi, kovul koʻpincha jarliklar, tik qiyaliklarda oʻsadi. Butaning orasida zaharli gazandalar, ayniqsa, ilon, chayon koʻp boʻladi. Shuning uchun oʻzim bormasam, bolalarni ham yubormayman.

Kovul terish mavsumida jarohatlanish holatlari ham uchrab turadi. Ammo norasmiy mehnat, hech kim bu ishda masʼuliyatni zimmasiga olmagan.

Kovulni qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan maydonlarda yetishtirishni, qayta ishlab, yaʼni isteʼmol uchun tayyor mahsulot holida eksportga chiqarishni yoʻlga qoʻyish hozirgisidan koʻproq daromad keltirishi ham allaqachon isbotlangan. Biroq hozircha ekmasdan, tikmasdan tabiat qoʻynidan yigʻishtirib olish yaxshi foyda keltirayapti shekilli.

Buning uchun mahsulot tayyorlovchi tadbirkorlarni ayblash ham oʻrinli emas. Kovul gulkurtaklarini yigʻishtirib olish, qayta ishlash, qadoqlash bilan bogʻliq jarayonlarning ekologik, texnik, mexanik, gastrologik, oziq-ovqat xavfsizligi, mehnatga, mahsulotga haq toʻlash meʼyorlari haqida hozircha ushbu ish bilan shugʻullanayotganlar ham yetarli maʼlumotga ega emasligi tarmoqni rivojlanishiga toʻsiq boʻlmoqda.

Kovul yetishtirishda faqat tadbirkorlik bilan bogʻliq jihatlarnigina hisobga olmasdan, undan ilmiy asosda foydalanish boʻyicha tavsiyalar, tegishli yoʻl-yoʻriqlar, meʼyoriy hujjatlar, agar hozirgacha boʻlsa, ishlab chiqilib, ommalashtirish zaruriyati sezilmoqda.

Qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati sohalaridagi ilmiy-ishlab chiqarish muassasalari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat ekologiya qoʻmitasi kabi tegishli idoralardan ushbu masalaga munosabatlarini kutib qolamiz.

1 771
Toshqul BEKNAZAROV, OʻzA