O‘zA O`zbek

06.12.2018 20:15 Chop etish versiyasi

“Biz korrupsiyaga qarshimiz” megatanlovi gʻoliblari taqdirlandi

Adliya vazirligi tomonidan xalqaro tashkilotlarning yurtimizdagi vakolatxonalari bilan hamkorlikda mamlakatimizda ilk bor 2018-yil 1-oktyabridan 1-dekabrigacha “Biz korrupsiyaga qarshimiz” megatanlovi oʻtkazildi.

“Eng yaxshi jurnalistik material”, “Eng yaxshi blogpost”, “Eng yaxshi ijtimoiy rolik”, “Eng yaxshi insho” yoʻnalishlarida oʻtkazilgan tanlov yakunida korrupsiyani fosh etishda oʻzlarining saʼy-harakatlarini ayamayotgan, jamiyat aʼzolarini ogohlikka chorlayotgan yoshlar ragʻbatlantirildi.

Poytaxtimizda mazkur tanlovlar gʻoliblarini taqdirlash boʻyicha tashkil etilgan tadbirda vazirlik va idoralar, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning yurtimizdagi elchixonalari va vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.

Tanlovga 56 jurnalistik material, 89 blogpost, 8 ijtimoiy rolik taqdim etilib, materiallar hakamlar hayʼati tomonidan tanlov nizomida belgilangan mezonlar asosida koʻrib chiqildi va baholandi.

Megatanlov doirasida maktab, kollej va oliy oʻquv yurtlari talabalari uchun tashkil etilgan “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” mavzuidagi insholar tanlovida 22 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etdi.

Tanlovga kelgan materiallar tahlili yoshlar ongida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat shakllanib borayotganini koʻrsatdi. Ularning eng saralari ijtimoiy tarmoqlarda yoritib borildi.

Barcha nominatsiyalar boʻyicha 1, 2, 3-oʻrin sohiblari aniqlandi. Gʻoliblarga Apple iPhone X, Samsung Galaxsy S9 smartfonlari noutbuk va televizor kabi qimmatbaho sovgʻalar taqdim etildi.

“Eng yaxshi insho” yoʻnalishida gʻolib boʻlgan ishtirokchi tahsil olayotgan Namangan viloyati Chust tumanidagi 3-maktab moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida ushbu maktabga 10 million soʻm miqdorida mablagʻ taqdim etildi.

“Biz korrupsiyaga qarshimiz” megatanlovida oliy sovrin - iPhone X smartfoni Rahim Mirmanovga nasib qildi. Uning “Bolalarning yangi oʻyini” nomli ijtimoiy roligi bunga munosib deb topildi.



OʻzA
756