O‘zA O`zbek

21.08.2018 09:00 Chop etish versiyasi

Biz korrupsiyaga qarshimiz!

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashi tashabbusi bilan O‘rta Chirchiq tumanida “Biz korrupsiyaga qarshimiz!" mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.

Muloqotda viloyat prokuraturasi, adliya boshqarmasi mas’ullari, imom-xatiblar, partiya faollari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Mamlakatda aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.

Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida viloyat prokuraturasi va adliya boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, adliya va prokuratura organlari xodimlariga o‘z xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan biror-bir moddiy boyliklarni olish yoxud jismoniy yoki yuridik shaxslardan boshqacha naf ko‘rish taqiqlangan. Ularning o‘z xizmat vazifalarini bajarishda manfaatlar to‘qnashuviga sabab bo‘ladigan shaxsiy manfaatdorlik holatlariga yo‘l qo‘ymasligi belgilab berilgan.

O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”giqonuni mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, bu orqali korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha partiya hamda imom-xatiblar tomonidan olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari tahlil etilib, galdagi muhim vazifalar belgilab olindi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

A.Xudoyqulov, O‘zA
2 075