O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Biz isteʼmol qiladigan qishloq xoʻjalik mahsulotlari qanday karantin tekshiruvlaridan oʻtkaziladi?

Biz isteʼmol qiladigan qishloq xoʻjalik mahsulotlari qanday karantin tekshiruvlaridan oʻtkaziladi?

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan Toshkent viloyatida OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.

Tadbirda jurnalistlar Toshkent viloyati misolida respublikada fitosanitar xavfsizlikni taʼminlash, mamlakatimizda zararli organizmlardan holi va ekologik toza mahsulotlar yetishtirish, eksport va import qilinayotgan oʻsimlik mahsulotlarini karantin tekshiruvidan oʻtkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Press-tur mobaynida jurnalistlar Inspeksiya tomonidan amalga oshirilayotgan dala nazorati, sayyor laboratoriya, oʻsimliklar klinikalari, tashqi iqtisodiy bojxona chegara postlaridagi inspektorlar faoliyati kabi jarayonlar bilan yaqindan tanishdi.

Dastlab press-tur ishtirokchilari Toshkent viloyati Nurafshon shahrida tashkil etilgan zamonaviy Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi laboratoriyasida boʻldi.

– Laboratoriyamiz oʻz faoliyatini joriy yil avgust oyidan boshlagan, – deydi Respublika markaziy karantin laboratoriya mudiri Sevara Xoʻjayeva. – Laboratoriyada inspektorlar tomonidan olib kelingan namunalar tekshiriladi. Dastlab mahsulot roʻyxatdan oʻtkazilib belgilariga qarab ekspertlarga taqsimlanadi. Tanlab olingan namunalar belgilangan qoidalar boʻyicha tekshiriladi. Mutaxassislarimizning asosiy vazifasi eksport qilinayotgan qishloq xoʻjalik mahsulotlari tarkibida zararli organizmlar chiqib ketishini oldini olish hisoblanadi. Agar loqaydlik oqibatida bu holat roʻy bersa bizga eʼtiroznoma keladi, bu esa mamlakat eksport salohiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shu bois ishimiz masʼuliyati juda katta. Labaratoriyamizda Toshkent davlat agrar universiteti talabalari kelib ish oʻrganishadi, olgan bilimlarini yanada mustahkamlaydi. Laboratoriya Latviya, Janubiy Koreya, Xitoy kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan jahon standartlariga javob beruvchi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Bu yerda nafaqat eksport va import mahsulotlari, balki aholi tomonidan yetishtirilayotgan qishloq xoʻjalik mahsulotlari ham tekshiruvdan oʻtkazib beriladi. Barcha laboratoriya xizmatlari bepul boʻlib, xarajatlar davlat byudjeti tomonidan qoplanadi.

OAV xodimlari sayyor laboratoriya faoliyati bilan ham tanishdi. Mutasaddilar tomonidan maʼlumot berilishicha, Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi Markaziy laboratoriyasidan tashqari ilk marotaba Xorazm, Andijon, Fargʻona, Samarqand va Toshkent viloyatlarida karantin laboratoriyalari tashkil etildi va zamon talabiga javob beradigan innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan. Ana shunday laboratoriyalardan biri Toshkent viloyati markazi – Nurafshon shahrida joylashgan. Bundan tashqari, respublika miqyosida “ISUZU” avtobusi bazasida bir nechta sayyor laboratoriyalar tashkil etilgan boʻlib, yil oxirigacha ularning soni 10 taga yetkazish rejalashtirilgan. Sayyor laboratoriyalardan asosan joylarda eksportyor tadbirkorlarning karantin ostidagi mahsulotlarini tekshiruvdan oʻtkazishda foydalaniladi.

Shuningdek, press-tur ishtirokchilari qishloq xoʻjalik mahsulotlarini sifatli holatda, zararkunandalardan muhofaza qilib omborlarda saqlash, kimyoviy vositalar orqali zararkunandalarga qarshi kurashish jarayoniga ham guvoh boʻldi.

Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida boʻlgan jurnalistlar bojxona chegara postlaridagi inspektorlar faoliyati bilan tanishdi. Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qoʻmitasi hamkorligida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hududlaridagi tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari (TIF) tashkil etilgan. Jumladan, Toshkent viloyatida jami 7 ta TIF mavjud.

– TIFlarda faoliyat olib boradigan agronom-inspektorning asosiy vazifasi yurtimizga kirib kelayotgan va olib chiqilayotgan karantin ostidagi mahsulotlarni karantin koʻrigidan oʻtkazishdir, – deydi Toshkent viloyati Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi tashqi iqtisodiy faoliyat agronom-inspektori Baxtiyor Shorahmedov. – Koʻrikdan oʻtkazish jarayonida zararkunandalar aniqlansa, ularga qarshi kurashish choralari koʻriladi va zararsizlantiriladi. TIFlarda tadbirkor (dehqon)larning ortiqcha vaqtlarini olmaslik va qogʻozbozlikka yoʻl qoʻymaslik uchun barcha tegishli hujjatlar elektron tarzda toʻldiriladi. Oldin rasmiylashtirish jarayoniga uch kun sarflangan boʻlsa, hozirda bir kun vaqt ketadi. Agar tadbirkorlar onlayn tarzda murojaat qilsa, koʻrikka uzogʻi 20-25 daqiqa sarflanadi. Import jarayonida ham birlamchi koʻrikdan oʻtkazamiz, biror shubhali holat yoki zararkunandalar aniqlansa laboratoriyada qayta tekshiruvdan oʻtkazamiz. Qishloq xoʻjalik mahsuloti xavfsizligi tasdiqlangachgina hujjatlarni rasmiylashtirib beramiz.

Mutaxassislar tomonidan maʼlumot berilishicha, karantin zararkunandalari faqatgina eksport va import orqali emas, oddiy fuqarolar yonida olib oʻtilayotgan qishloq xoʻjalik mahsulotlari, oʻsimliklar, gullar, koʻchatlar tarkibida ham boʻlishi mumkin. Shu bois oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun imkon darajasida karantin tekshiruvidan oʻtmagan mahsulotlarni mamlakat hududiga olib kirmagan maʼqul. Boisi sabzavot va meva urugʻida, koʻchat ildizlarida, gullar barglarida minglab zararli mikroorganizmlar boʻlishi, ular bir necha yillar davomida ham tirik saqlanib, oʻziga qulay muhitga tushgach koʻpayib ketishi, salbiy oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Press-tur ishtirokchilariga oʻsimliklar klinikalari faoliyati ham tanishtirildi. Bunday klinikalar oʻsimliklarga agrotexnik, biologik va kimyoviy ishlov berish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishga moʻljallangan. Ushbu klinikalarning asosiy vazifasi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sogʻlom holda yetishtirish maqsadida, aholini kimyoviy, biokimyoviy, biologik va mexanik vositalar bilan taʼminlashdan iboratdir. Hozirda Toshkent viloyatining 22 tuman va shaharlarida jami 20 ta oʻsimliklar klinikalar faoliyat olib bormoqda.

626
Inobat AHATOVA, OʻzA