O‘zA O`zbek

18.07.2018 16:03 Chop etish versiyasi

Bitta echkidan 5 litr sut olish mumkinmi?

Bitta echkidan 5 litr sut olish mumkinmi?
Yilqichilik bilan shug‘ullanib kelayotgan “Buxoro Temur otlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati yangi yo‘nalish – echkichilik tarmog‘ida ham yaxshi natijalarga erishmoqda.

Jamiyatga o‘tgan yili yozda Polshadan 400 bosh Alp va Zaanin zotli echkilar keltirildi. Bunda tadbirkorga bank tomonidan ajratilgan 1 milliard so‘m miqdoridagi kredit qo‘l keldi.

– Echki suti tarkibida oqsil mo‘lligi, yog‘lilik darajasi yuqoriligi bilan ahamiyatlidir, – deydi “Buxoro Temur otlari” MCHJ rahbari Akmal G‘ulomov. – Xorijdan keltirilgan zotli echkilar o‘zimizdagi jaydari turdoshlariga nisbatan mahsuldorligi bilan ajralib turadi. Dastlab, jonivorlar bizning iqlimga moslasha olmaydi, deguvchilar ham bo‘ldi. Soha mutaxassislari va polshalik hamkorlar bilan maslahatlashib, echkilarni mahalliy iqlim xususiyatlarini hisobga olgan holda parvarish qildik. Mehnat besamar ketmadi – echkilar sharoitga moslashdi. Natija shubhalarga o‘rin qoldirmaydigan darajada yaxshi bo‘ldi.

Joriy yil bahorda 200 bosh uloq olindi. Bu echkilarning mahalliy iqlimga moslashuvi tajribadan o‘tgan dastlabki yil uchun yaxshi ko‘rsatkich. Bugun uloqlar durkun o‘smoqda. Hozirda har bir echkidan kuniga 2,5 litrdan ortiq sut sog‘ib olinmoqda.

Shifobaxshlik xususiyatiga ham ega echki sutining bozori chaqqon. Mahsulotning asosiy qismi aholiga sotilmoqda. Bir qismi qayta ishlanib, qatiq, qaymoq tayyorlanmoqda.

Echkilarning iqlimga to‘la moslashadigan navbatdagi avlodida mahsuldorlik yanada yuqori bo‘ladi. Mutaxassislar fikricha, keyinchalik har bir bosh echkidan kuniga o‘rtacha 5 litrdan sut sog‘ib olish mumkin ekan. 

Shuning uchun ham korxona rahbariyati sutni qayta ishlash zamonaviy texnologiyasi bilan jihozlangan sex tashkil etish va tayyorlanadigan sariyog‘, qatiq, pishloq, brinza kabi mahsulotlarni ichki bozorga, keyinchalik esa eksportga chiqarish rejasi ustida ishlamoqda. Hozir korxonada 10 kishi mehnat qilayotir. Ishlab chiqarish loyihasi amalga oshishi va tuyoq soni ko‘payishi jarayonida yana 15 yangi ish o‘rni yaratiladi.

Xorijdan keltirilgan zotli echkilarning vazni ham og‘ir. Garchi ular asosan sut uchun boqilsa-da, yaxshi parvarishlanganda har biri o‘rtacha 70 kilogrammgacha tosh bosishi mumkin.

Albatta, mahsuldorlik bevosita ozuqa bazasiga ham bog‘liq. Bu borada tadbirkorda muammo yo‘q. Tuman hokimligi korxonaga 30 gektar unumdor yer ajratgan. Bu yerda beda va tariq yetishtirilmoqda.

Prezidentimiz joriy yil fevral oyida Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida ko‘plab loyihalar qatorida “Buxoro Temur otlari” MCHJning zamonaviy echkichilikni rivojlantirishga oid rejasi bilan ham tanishgan edi. Loyiha muhokamasida tuyoq sonini keskin oshirish va olingan zotli echkilarni boshqa tumanlar, umuman, yurtimizning turli hududlariga yetkazib berish vazifasi qo‘yildi. Ayni paytda korxonada bu yo‘nalishda ham ishlar boshlab yuborilgan. Masalan, viloyatning qator fermer xo‘jaliklari o‘nlab zotli echkilarni ushbu yangi yo‘nalishdagi korxonadan xarid qildi.

Erkin Yodgorov, O‘zA
4 925