O‘zA O`zbek

13.08.2018 20:00 Chop etish versiyasi

Bitiruvchilar xizmatga yo‘l oldi

Bitiruvchilar xizmatga yo‘l oldi Ichki ishlar vazirligi akademiyasida kursantlarning bitiruv tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, soha faxriylari, professor-o‘qituvchilar, kursantlarning ota-onalari, Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti delegatsiyasi a’zolari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Davron Nazarmuhammedov, Akademiya boshlig‘i Bahodir Matlyubov va boshqalar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizda jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ayniqsa, ichki ishlar organlari uchun har tomonlama professional kadrlarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘layotganini ta’kidladi.

– Kursantlarimiz uch yil mobaynida kasbiy, jangovar-jismoniy, ma’naviy-axloqiy bilimlarini mustahkamladi, – deydi Akademiyaning o‘quv jarayonini tashkil etish va muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek Muxtorov. – Endi ular tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda jonbozlik ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.

Bitiruv tadbirida kursantlarning 403 nafariga O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan leytenant unvoni va diplomlar topshirildi. Tengdoshlari orasida o‘zining a’lo baholari, namunali xulqi bilan o‘rnak ko‘rsatgan bir guruh kursantlar imtiyozli diplomlarni qo‘lga kiritdi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA
1 950