O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Birinchi o‘zbek deputatlari kim bo‘lgan?

Birinchi o‘zbek deputatlari kim bo‘lgan?


XIX asrning so‘nggida boshlangan siyosiy jarayonlarda mamlakatimiz hududida tashkil topgan siyosiy partiyalar, harakatlar va ularning faollari — ilk mahalliy aholi orasidan yetishib chiqqan deputatlarimiz, ularning faoliyati haqida ko‘pchilik yetarlicha ma’lumotga ega emas. Shu bois bugun yurtimiz hududida ilk siyosiy partiyalarning vujudga kelishi va birinchi deputatlarimizdan Abduvohid Qoriev haqida to‘xtalamiz.

Siyosiy partiyalarga qanday ehtiyoj bor edi?

XIX asrning so‘nggi yillarida Rossiyada iqtisodiy-siyosiy islohotlar o‘tkazilishini talab qilishga qodir konstitutsiyaviy muxolifatning yo‘qligi sabab aholi turmush darajasi G‘arbiy Yevropa davlatlariga nisbatan juda past edi. Mavjud hukmron tuzum esa ijtimoiy islohotlarni amalga oshirmaslikdan manfaatdor edi. Bu mamlakatda turli guruhlar, uyushmalar paydo bo‘lishiga olib keldi. Shunday guruhlardan biri — G.V.Plexanov rahbarlik qilgan «Mehnatni ozod qilish» guruhi edi. 1883 yilda tuzilgan guruh hokimiyatni qurolli qo‘zg‘olon bilan emas, jamiyatni isloh qilish orqali natijaga erishish tarafdori edi. Shuningdek, 1895 yilda Peterburgda «Ishchilar sinfini ozod qilish uchun kurash ittifoqi» tuzildi. 1898 yilga kelib esa shu kabi guruhlar birlashib «Rossiya sotsial-demokratik ishchi partiyasi» tashkil topdi.

1905 yilning 9 yanvar sanasida tarixda «qonli yakshanba» nomi bilan mashhur bo‘lgan voqea sodir bo‘ladi. Unda podshoning odilligiga ishongan peterburglik ishchilardan iborat 250 ming kishi tinch namoyishga chiqadi. Biroq podsho o‘zidan erkinlik va minimal ish soatini so‘ragan namoyishchilarni otishga buyuradi. Buning ortidan norozilik kuchayib, mamlakatda dehqonlar harakati boshlanib ketdi. Inqilobiy harakatlar ayrim harbiy qismlarga ham ta’sir ko‘rsatdi. Voqealar bunday tus olgach, Nikolay II yon berishga majbur bo‘ladi va natijada manifest e’lon qildi. Unda vijdon, so‘z, matbuot erkinligi, yig‘ilish o‘tkazish va turli ittifoqlar tuzish huquqi, shuningdek, qonun ishlab chiquvchi hokimiyat — Davlat dumasi(parlament)ni joriy etish va’da qilindi.

Tinch namoyishga chiqqanlarni ommaviy o‘qqa tutish va undan keyingi inqilobiy voqealar davlat tizimini isloh qilish zaruratini tug‘dirdi hamda 1905 yilning 6 avgustida «Davlat dumasini ta’sis etish to‘g‘risida» va «Davlat dumasiga saylovlar to‘g‘risidagi nizom» qabul qilindi. 1906 yil fevralida Davlat Kengashiga saylovlar bo‘lib o‘tdi. U maslahatchi organdan parlamentning yuqori palatasiga aylantirildi va qonunchilik huquqi bo‘yicha dumaga tenglashtirildi. Dumaga saylovlar 1906 yil fevral-mart oylarida bo‘lib o‘tdi.

Jadidlar birlashib siyosiy kuchga aylandi

1905-1906 yillarda Rossiyada sodir bo‘lgan inqilobiy harakatlar Turkistonga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Ayniqsa, xalqimizning ilg‘or hur fikrli namoyondalari — jadidlar bir g‘oya atrofida birlasha boshladi. Ular Rossiyadagi siyosiy jarayonlarni diqqat bilan kuzatib, vujudga kelayotgan siyosiy partiyalar dasturlarini o‘rgandi. Ayni paytda ular tinchlik yo‘li bilan o‘z maqsadlarini amalga oshirishga intilardi. Bu xususida fikr yuritgan Behbudiy o‘zining 1906 yil 11 oktabrda «Xurshid» gazetasida chop etilgan maqolasida jadidlar birlashib yagona musulmon partiyasini tuzish va Butunrossiya musulmonlari ittifoqi tarkibiga kirishlari zarurligini ta’kidlaydi. Bu turkiy xalqlar orasidagi hamjihatlikni mustahkamlashdagi eng maqbul yo‘l edi.

Turkistonda siyosiy partiyalar faoliyatini o‘rgangan fransuz razvedkachisi mayor Lyakosta 1906 yilda o‘z mamlakatiga yo‘llagan yashirin ma’lumotida: «Turkiston o‘lkasidagi eng e’tiborli va kelajagi porloq siyosiy kuch — sotsial demokratlar (bolsheviklar va mensheviklar) yoki sotsial inqilobchilar (eserlar) yoxud kadetlar va liberallar emas, balki o‘zbek jadidlaridir», deb yozgan edi. Chunki jadid bobolarimiz chorizmga qarshi kurashish uchun xalqimizning siyosiy-ma’rifiy ongini yanada rivojlantirish, jamiyatda hur fikrlilar safini kengaytirishni maqsad qilgandi. Bu esa o‘z-o‘zidan mustamlakachi tuzumni yo‘qqa chiqarishga qaratilgan katta yurish edi.

Ijtimoiy-siyosiy kuch sifatida ko‘ringan jadidlarni xalq o‘z himoyachilari deya tan ola boshladi. Shu sabab Peterburgda o‘tadigan Davlat dumasiga a’zolikka saylangan ilk deputatlardan biri Abduvohid Qoriev zimmasiga aholining 12 moddadan iborat talabnomasini Davlat dumasiga topshirish yuklatildi. Bu hujjatda ko‘pgina ijtimoiy talablar ko‘rsatilgan edi. Abduvohid qori 1907 yilda Peterburgda Sadri Maqsudiy, Muso Jorilloh, Alimardon To‘pchiboshev kabi musulmon ziyolilari bilan tanishib, musulmon fraksiyasining raisi Biglovga Turkiston xalqi dardini yetkazdi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay, Abduvohid qori qamoqqa olindi va Tulaga surgun qilindi.

Abduvohid qori kim edi?

Jamoat va din arbobi, tajribali pedagog A.Qoriev dastlab Ko‘kcha dahalik maktabdor Yoqubxo‘ja eshondan eski usulda saboq oladi. 1870-80 yillarda Eshonquli dodxoh va 1880-88 yillarda Buxorodagi Ernazarboy madrasalarida tahsil oladi. 1888-1906 yillarda Toshkent shahridagi Mir Abdullaboy masjid-madrasasida imom, mudarris, Shayx Xovandi Tohur dahasi qozisi kabi vazifalarni bajaradi. 1906 yilda Toshkent shahri dumasi a’zosi bo‘ladi va 1907 yilda o‘tkazilgan saylovdan so‘ng Rossiya Davlat Dumasining deputati etib saylanadi. U Tula viloyatidagi 5 yillik surgundan qaytgach, 1917 yil aprelgacha mudarris, aprel oyidan «Sho‘royi islom» raisi va 1918 yildan «Fuqaho» («Huquqshunoslar») jamiyati a’zosi sifatida faoliyat yuritadi. Shuningdek, O‘rta Osiyo mahkamai shariya idorasining raisi ham bo‘ladi. 1923 yilda shu idora delegatsiyasi tarkibida Ufaga borib, Usmon Kur’onini olib kelishda ishtirok etadi.

Albatta, bunday uyg‘oq fikrli inson o‘sha davr siyosati uchun dushman edi. Shu sabab qattol tuzum sabab A.Qoriev 1937 yilda asossiz ravishda qamoqqa olinadi va 1938 yilda qatag‘onlik siyosati oqibatida o‘limga mahkum etiladi.

Xulosa o‘rnida

XIX asrning so‘nggi yillarida Rossiyada iqtisodiy-siyosiy islohotlar osonlikcha yuz bermadi. O‘sha vaqtda tashkil topgan Davlat dumasi bir necha bor tarqatib yuborilib, qaytadan tashkil etildi. Ana shu jarayonlarda ko‘p qiyinchiliklar evaziga O‘rta Osiyo xalqlari ham ovoz berish huquqiga ega bo‘ladi va birinchi marta Davlat dumasiga deputatlar saylanadi. Ularning siyosiy faoliyati uzoq davom etmagan bo‘lsa-da, maqsadi ulug‘ edi. Zero, ularning ko‘nglida ozod va obod Vatanda yashashdek ezgu niyat bor edi.

Jahongir G‘ANIEV,

tarix fanlari nomzodi.


277
O‘zA