O‘zA O`zbek

29.05.2020 Chop etish versiyasi

BIRINCHI CHORAK: Atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalar miqdori belgilangan meʼyorga nisbatan kamaytirishga erishildi

BIRINCHI CHORAK: Atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalar miqdori belgilangan meʼyorga nisbatan kamaytirishga erishildi

Mamlakatimizda ishlab chiqarish korxonalarining atrof-muhitga salbiy taʼsirining oldini olish masalasi amalga oshirilayotgan iqtisodiy-ekologik islohotlarning muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Shu sababli, “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan tizimga oid korxonalarda ekologik ishlab chiqarish nazoratiga katta eʼtibor qaratiladi.

Jumladan, tizimdagi har bir boshqarma va korxonada atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish boʻyicha 2020-yil uchun hududiy ekologiya qoʻmitalari bilan kelishilgan holda 277 chora-tadbir ishlab chiqildi. Shu paytga qadar ushbu chora-tadbirlarning bajarilishiga 548,3 million soʻm sarflandi.

Joriy yilning birinchi choragida atmosfera havosiga tashlanadigan tashlanmalar 6639,7 tonnaga, oqova suvlar tashlanmalari 145,1 tonnaga va chiqindilarning hosil boʻlishi belgilangan meʼyorga nisbatan 12507,2 tonnaga kamaytirishga erishilgan.

Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-oktyabrdagi “2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonini ijrosini taʼminlash yuzasidan Buxoro neftni qayta ishlash zavodining gazoil gidrirlash texnologik qurilmasidagi katalizatori almashtirilib, Yevro 4, 5 talablariga javob beradigan dizel yoqilgʻisini ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilgani ham tabiatni muhofaza qilishda ijobiy koʻrsatkichlarni beradi.

Shuningdek, “Oʻzbekneftgaz” AJ tizimidagi korxonalar orasida Muborak gazni qayta ishlash zavodida atmosfera havosiga chiqariladigan tashlanmalarning yuqori koʻrsatkichi holati mavjud boʻlib, ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida zavoddagi ishdan chiqqan quvvatlar oʻrnini qoplash maqsadida oltingugurt ishlab chiqarish qurilmasini barpo etish rejalashtirilgan. Qurilmaning ishga tushirilishi natijasida atmosfera havosiga chiqarilayotgan oltingugurt angidridi SO2 gazini 5-6 ming tonnaga kamaytirishga erishiladi.

Boshqarma va korxonalardagi gaz, chang tozalash qurilmalar, oqova suvlarni tozalash inshootlarning belgilangan meʼyorda ishlashi, chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish kabi tartiblari ham doimiy nazoratda.

“Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati

697
OʻzA