O‘zA O`zbek

17.08.2018 20:18 Chop etish versiyasi

Birdamlikka chorlovchi hamkorlik

Birdamlikka chorlovchi hamkorlik Avval xabar berilganidek, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. Bu tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Prezident Emomali Rahmonning mazkur tashrifi tafsilotlari haqida O‘zbekiston Milliy matbuot markazida jurnalistlarga batafsil ma’lumot berildi.

Unda mutaxassislar tomonidan mazkur tashrifga oid ma’lumotlar berilib, turli informatsion roliklar, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi rasmiy uchrashuvdan jonli efirlar namoyish etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti rahbari Baxtiyor Mustafoyev mazkur uchrashuvda bir qator yo‘nalishlar yuzasidan imzolangan shartnomalarning ahamiyati xususida ma’lumot berdi. Shuningdek, mintaqadagi xavfsizlik, chegara, diniy ekstremizm, terrorizm, narkobiznesga qarshi kurashish masalalari va suv manbalaridan umumiy foydalanishga oid mavzularga to‘xtalib o‘tdi.

Tadbirda mutaxassislar tomonidan mazkur tarixiy tashrif O‘zbekiston – Tojikiston hamkorligini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishi, tomonlar eng murakkab masalalarni o‘zaro ishonch va hurmat asosida, har ikki mamlakatning manfaatlarini birdek hisobga olgan holda hal qilishi bilan yanada ahamiyatli bo‘lishi kutilayotgani ta’kidlandi.

– Tashrif doirasida bo‘layotgan tadbirlarni yuqori texnik sharoitda yoritish imkoniyatimiz bor, – deydi “O'zbekiston-24” telekanali muxbiri Gulchehra Mirzaliyeva. – Televideniye, radio va internet jurnalistlarining aksariyati axborotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatishmoqda. Jurnalistlarni mazkur jarayonlar yanada birlashtiradi, hamkorlikda ishlashga chorlaydi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
2 487