O‘zA O`zbek

20.08.2018 20:17 Chop etish versiyasi

Birdamlik va mehnatsevarlik barometri

Birdamlik va mehnatsevarlik barometri Mustaqilligimizning 27 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va Qurbon hayiti bayramini munosib nishonlash maqsadida tashkil etilgan umumxalq xayriya hasharida barcha hamyurtlarimiz faol qatnashdi.

Azaliy qadriyatlarimizning ajralmas bo‘lagi hasharda – xalqimizning ahilligi, hamjihatligi, saxovati, yurtiga sadoqati yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Vazirlar Mahkamasining farmoyishi asosida joriy yil avgust oyi mamlakatimizda obodonlashtirish va tozalik oyligi, 18-19 avgust kunlari umumxalq xayriya hashari kuni, deb e’lon qilindi.

Ikki kun davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida umumxalq xayriya hashari ko‘tarinki ruhda, uyushqoqlik bilan o‘tkazildi.

O‘tkazilayotgan umumxalq xayriya hashari davomida 45 ming gektardan ortiq maydonlar obodonlashtirildi va tozalandi, 57 ming tonnadan ziyod chiqindilar chiqarib tashlandi. 48 ming kilometrdan ortiq uzunlikdagi ariq va lotoklar tozalandi. 9 mingga yaqin qabristonlar, 800 ga yaqin ziyoratgohlar obodonlashtirilib, tartibga keltirildi. 12 milliondan ortiq daraxtlar oqlanib, shakl berildi. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun 17 mingga yaqin texnika vositasi jalb etildi.

"Yurt obodligiga o‘z hissangni qo‘sh!” shiori ostida o‘tkazilgan hasharda hamyurtlarimiz munosib qatnashdi. Jumladan, Ekoharakat faollari va talabalar 70 dan ziyod madaniyat va istirohat bog‘ida 6 kilometr ariqlarni tozaladi, 4 mingdan ziyod daraxtlarga shakl berdi, 138 tonna chiqindilarni chiqarib tashladi.

Hashar kuni aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga beminnat muruvvat yordamlari ko‘rsatildi. 16 mingdan ziyod kam ta’minlangan oilalarning uy-joylari hashar yo‘li bilan ta’mirlandi. 22 mingga yaqin ehtiyojmand oilalar, jumladan, 14 mingdan ortiq nogiron va yolg‘iz qariyalarning holidan xabar olinib, moddiy yordam ko‘rsatildi.

Hashar kuni mahallalarda 236 ijtimoiy, maishiy xizmat ko‘rsatish va boshqa obyektlari foydalanishga topshirildi.

Umumxalq xayriya hasharida 16 million 440 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz ishtirok etdi. Tadbirda xalqimizning birdamligi, hamjihatligi, ahilligi, mehnatsevarligi yana bir karra namoyon bo‘ldi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
2 576