O‘zA O`zbek

02.08.2018 19:22 Chop etish versiyasi

Bir yilda bir olam o‘zgarish

Prezidentimizning yurtimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashib, samimiy muloqot qilganiga bir yil bo‘ldi.

Mazkur uchrashuvdan so‘ng davlatimiz rahbarining adabiyot, ma’naviyat, ma’rifat, madaniyat va san’at sohalarini rivojlantirish, ommaviy axborot vositalari faoliyatini takomillashtirish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan bir qator farmon va qarorlari qabul qilindi. Ijodiy tashkilotlarning “do‘stlari klublari” tashkil etildi. Ularga yirik korxona, bank va kompaniyalar homiy sifatida biriktirildi.

Bir yil – tarix oldida hech qancha muddat. Go‘yo ko‘z ochib-yumganchalik fursatda o‘tib ketdi. Lekin ana shu qisqa davrda yuqorida sanalgan sohalarda amalga oshirilgan va bugun ham davom etayotgan ishlar tufayli ko‘pchilik ziyolilarning hayotida yangi sahifa ochildi. Yillar davomida e’tibordan chetda qolgan muammolarga birin-ketin yechim topildi. Qalam ahlining, madaniyat xodimlarining, san’at namoyandalarining mehnati munosib qadr topa boshladi.

– Uchrashuvda Prezidentimiz teatrlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ijodiy salohiyatini yuksaltirish, soha xodimlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitini yaxshilash yuzasidan muhim masalalarni o‘rtaga tashlab, keyinchalik bu vazifalarni tegishli hujjatlarda qat’iy vazifa sifatida belgilab berdi, – deydi Samarqand viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig‘i B.Sharofov. – Ana shu vazifalar qatorida Samarqand viloyatidagi teatrlarda ham xodimlar va tomoshabinlar uchun munosib sharoit yaratish belgilangan edi. Xususan, bir asrlik tarixga ega Samarqand viloyati musiqali drama teatri binosi isitish tizimini yangilash maqsadida 1 milliard 300 million so‘m mablag‘ ajratilib, bu ish amalga oshirildi. Davlatimiz tomonidan berilgan imtiyozlar asosida teatrning 6 nafar xodimi Samarqand shahrida ehtiyojmand oilalar uchun qurilgan ko‘p qavatli uylardan ikki va uch xonali xonadonlarga ega bo‘ldi. Yil davomida to‘rtta yangi asar sahnalashtirilib, tomoshabinlar hukmiga havola etildi. Eng muhimi, bu sahna asarlarini tomosha qilish uchun viloyatimizdagi davlat boshqaruvi organlari, huquq-tartibot idoralari, korxona va tashkilotlar rahbar va xodimlarining oila a’zolari bilan teatrga kelish an’anasi shakllandi.

Xorijiy davlatlardagi teatr jamoalari bilan ijodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xalqaro tanlovlarda qatnashish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar samarasida viloyat teatri joriy yilning o‘zida Turkiya va Qozog‘istonda ijodiy safarda bo‘ldi. Mustaqillik yillarida ilk bor amalga oshirilgan ushbu safarlar davomida vakillarimiz xalqaro tanlovlarda sahna asarlari bilan muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

– Prezidentimiz bilan uchrashuvdan so‘ng samarqandlik jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari vakillarining jamiyatdagi voqea-hodisalar, islohotlar jarayoniga munosabati o‘zgardi, faolligi oshdi, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi F.Toshev. – Bu davlatimiz rahbarining xalqchil va ochiq siyosat yuritishi, jamiyatdagi illat va nuqsonlarni ochib tashlash, ularni bartaraf etishdagi shijoati hamda ana shunday ish uslubini jurnalistlar oldiga ham qat’iy vazifa qilib qo‘yishi bilan bog‘liq. Uchrashuvdan keyin viloyatimizdagi gazetalar sahifalari, televideniye va radioda “Tahlil, mulohaza, munozara”, “Mulohaza uchun mavzu”, “Jurnalist surishtiruvi”, “Bugunning gapi”, “So‘z – mushtariylarga!”, “Mening fikrimcha...”, “Achchiq, ammo ochiq gap” kabi yangi ruknlar ostida odamlarni qiynayotgan muammolar, ularning fikr-mulohazalari, hayotiy kechinmalari va yechimini kutayotgan masalalar aniq faktlar orqali yoritiladigan bo‘ldi. Tuman, shahar gazetalari internetda o‘z veb-saytlarini tashkil etdi, ijtimoiy tarmoqlarda sahifalarini ochdi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining “do‘stlari klubi” hamda “Ilhom” ijod fondi ko‘magida tahririyatlar moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Jumladan, viloyatdagi bir qator tuman, shahar gazetalari zamonaviy kompyuter va boshqa axborot vositalari bilan ta’minlandi. Joriy yil boshidan buyon 10 nafardan ortiq samarqandlik faxriy jurnalistga uyushma tomonidan moddiy yordam ko‘rsatildi. Shu paytgacha jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatib kelgan Jurnalistlar ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limlari xodimlariga oylik maosh beriladigan bo‘ldi

.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi faoliyati hamda viloyat ijodkorlari hayotida ham bir yil davomida ko‘p o‘zgarishlar kuzatildi. Uyushma viloyat bo‘limi mas’ul kotibi T.Tugalovning qayd etishicha, Prezidentimiz qarori asosida bo‘limga qo‘shimcha shtatlar berildi. “Do‘stlar klublari” yordamida shoir va yozuvchilarning yubiley va ijodiy kechalari o‘tkazildi. Samarqandlik 7 nafar ijodkor “Do‘rmon ijod uyi”da dam olib, yangi asarlar yaratdi. Yaqinda esa 5 nafar yoshlar uyushmaning “Zomin” seminarida qatnashib, mahoratini oshirib keldi. Ayni paytda ularning asarlari “Birinchi kitobim” turkumida davlat tomonidan nashr etishga tavsiya etilgan. Bundan tashqari, uyushma viloyat bo‘limining binosini zamon talablari darajasida ta’mirlash, yangi xizmat avtomashinasi ajratish bo‘yicha ham chora-tadbirlar belgilangan.

Birma-bir sanayversak ijodiy uyushmalar, tashkilotlarning bir yillik faoliyatida bunday o‘zgarishlar, yangiliklar juda ko‘p. Shu bilan birga, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar ham kam emas. Ayniqsa, tuman va shaharlar gazetalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning yosh va zamonaviy fikrlaydigan kadrlarga bo‘lgan talabini qondirish, ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda iste’dodini ro‘yobga chiqarishga sharoit yaratish, tuman markazlari va qishloqlarda kitob do‘konlari, madaniyat maskanlari tashkil etish eng dolzarb masalalardan bo‘lib turibdi. Bir yil davomida amalga oshirilgan ishlar salmog‘iga qarab aytish mumkinki, yaqin yillarda bu muammolarning ijobiy yechim topgani haqida ham g‘ururlanib gapiramiz. Ayni paytda olib borilayotgan ishlar ko‘ngilda ana shunday ishonch uyg‘otadi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
2 321