O‘zA O`zbek

23.04.2019 20:22 Chop etish versiyasi

Bir xonali uyga mulk huquqi berilmaydimi?

Bir xonali uyga mulk huquqi berilmaydimi?

Qoʻshnim uzoq yillar oilasi bilan yashab kelayotgan uyini meros qilib farzandi nomiga oʻtkazmoqchi boʻldi. Lekin uyning hech qanday hujjati yoʻq edi. Imoratni sotib sotolmasa, meros qilib qoldirolmasa, nima qilish kerak?

Bu kabi muammo koʻpchilikni qiynab kelayotgan edi. Prezidentimizning 2018 yil 20 apreldagi “Fu­qa­rolarni ijtimoiy qoʻllab-quv­vatlash boʻ­yicha qoʻshimcha chora-tadbirlar hamda oʻz­boshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha bir martalik umumdavlat aksiyasini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi farmoni xalqimiz koʻnglidagi tashabbus boʻldi.

Koʻplar ushbu imkoniyatdan foydalanib, oʻzboshimchalik bilan qurgan imoratiga mulk huquqi va meros qilib qoldirish imkoniyatiga ega boʻldi. Shu jumladan, qoʻshnim ham imoratni farzandiga meros qilib qoldirish imkonidan mamnun.

Ammo ayrim fuqarolar hamon sarson. Nima emish, yashashga sharoit boʻlishi kerak, bir xonali uyga mulk huquqi berilmaydi. Yer uchastkasida kamida ikki xonali uy solingan boʻlishi kerak.

"Oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish hamda yer uchastkasiga umrbod egalik qilish huquqini berish toʻgʻrisida tuman hokimining qarorini olish maqsadida Shahrisabz tuman Davlat xizmatlari markaziga murojaat qildim.

Buning uchun uchastkadan bir xonali uy koʻtargandik. Uy shaharsozlik talablariga javob bermaydi, degan xulosa bilan arizamiz rad etildi. Uyning ichki va tashqi qismini suvadik, gilam toʻshab yashashga sharoit yaratdik. Soʻng yana ariza bilan murojaat qildik. Endi esa, uyingiz bir xona boʻlsa, arizangiz yana qaytariladi. Uni ikki xona qilish kerak, degan turli gaplarni eshityapman. Koʻnglimga gʻulgʻula tushdi. Bir martalik aksiya muddati 1 mayda tugaydi. Bu vaqt ichida ikkinchi xonani qurib boʻlmaydi-ku!”, deydi fuqarolardan biri oʻz murojaatida.

– Prezident farmoniga asosan 2018 yil 20 aprelga qadar qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan uy-joylarga nisbatan mulk huquqi maʼlum bir shartlar asosida beriladi, – deydi Davlat xizmatlari agentligi yetakchi maslahatchisi Jenis Dosimbetov. – Agar oʻzboshimchalik bilan qurilgan uy-joy aholi punktlarining bosh rejalari va ularning qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalariga, qishloq fuqarolari yigʻinlari hududlarini meʼmoriy rejalashtirishni tashkil etish loyihalariga (mavjud boʻlganda) zid boʻlsa, mulk huquqi eʼtirof etilmaydi. Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasida qurilgan imoratlar shaharsozlik normalari va qoidalarini buzib qurilgan boʻlsa, uning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzsa yoxud fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirsa, bunday imoratlarga ham mulk huquqi berilmaydi. Yuqoridagilarga koʻra, oʻzboshimchalik bilan qurilgan uy-joyning bir yoki ikki xonali ekanligi mulk huquqini berish yoki rad etish uchun asos boʻlmasligi lozim.

Mutaxassisning taʼkidlashicha, oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga mulk huquqini berishda shu kunga qadar 130 mingdan ortiq qonunbuzilishi holatlari aniqlanib, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 21 iyundagi 461-sonli qarori asosida tasdiqlangan nizom talablariga rioya etmagan 1200 dan ortiq tuman (shahar) komissiya aʼzolarining masʼul xodimlari Agentlik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan maʼmuriy hamda 387 ta masʼul shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi.

Oʻtgan davr mobaynida oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini olish uchun 750 ming 469 nafar fuqaro tomonidan Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilingan. Shundan 249 ming 286 ta murojaat boʻyicha mulk huquqi berilgan, 89 ming 484 ta murojaat rad qilingan, 82 ming 910 ta murojaat boʻyicha bir martalik yigʻim toʻlanishi kutilayotgan boʻlsa, 411 ming 699 ta murojaat komissiya aʼzolari tomonidan koʻrib chiqilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, aksiya muddati uzaytiriladimi yoki yoʻqmi, oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joyga mulk huquqi berilmagan fuqarolarga qanday jazo qoʻllanishi haqida rasmiy maʼlumot yoʻq.

Xurshid Qodirov, OʻzA
814