O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

12.09.2018 19:52 Chop etish versiyasi

Bir uyda qamalib yotishning azobini bilasizmi?

Bir uyda qamalib yotishning azobini bilasizmi? Bu Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumani “Chanoq“ mahalla fuqarolar yigʻini Mustaqillik koʻchasida yashovchi Juma Choriyevning soʻzlari.

Juma Choriyev 1967 yilda tugʻilgan. Baxtsiz hodisa sabab yetti yil oldin nogiron boʻlib qoldi. Oilada yetti kishi yashaydi. Nogironligi sabab koʻchaga chiqa olmaydi.

– Bunday dardni hech kimga ravo koʻrmayman, – deydi J.Choriyev. – Gohida dunyo koʻzimga qorongʻu koʻrinib ketadi. Yaxshiyamki oilam, farzandlarim yonimda. Doim koʻnglimni koʻtarishadi. Mahalla koʻy holimdan xabar olib turadi. Mana bugun sektor aʼzolari dardimni tinglab, nogironlik aravachasi sovgʻa qilishdi. Endi oʻzim istagan paytimda tashqariga mustaqil chiqa olaman. Toza havodan toʻyib-toʻyib nafas olaman. Bir uyda qamalib yotishning qanchalik azob ekanini bilsangiz edi. Bugun chindan-da baxtiyorman. Biz kabi ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning holidan xabar olib, mushkulimizni oson qilayotgan, qoʻllab-quvvatlayotgan hukumatimizga rahmat.

Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshligʻi rahbarligidagi 4-sektor tarkibiga kiruvchi Gʻuzor tumanida aholi muammolari uyma-uy kirilib oʻrganilmoqda. Mavjud kamchiliklar joyida bartaraf etilmoqda. Ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, muhtojlarga nogironlik aravachasi, qoʻltiqtayoq va oziq-ovqat mahsulotlari berilayotir. Aholi uchun bepul tibbiy koʻriklar tashkil etilmoqda.

Oʻlmas Barotov, OʻzA