O‘zA O`zbek

23.03.2020 Chop etish versiyasi

Bir tanu bir jon boʻlib, ogʻir, tashvishli kunlarni yengadigan xalqmiz

Bir tanu bir jon boʻlib, ogʻir, tashvishli kunlarni yengadigan xalqmiz

Shu kunlarda turli davlat va nodavlat tashkilotlari, saxovatli tadbirkorlar tomonidan kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan, kasalmand insonlarga berilayotgan moddiy koʻmaklarni koʻrib, koʻnglimiz yaxshilikdan yana-da yasharadi. Shunday saxovatpesha insonlarning borligiga “Boriga shukur”!“-deb ham qoʻyamiz beixtiyor.

Koronavirus sabab Navroʻzning ommaviy saylu tantanalari bir muddatga ortga surilgan boʻlsa-da, ezgulik, muruvvatdan bir dafʼada toʻxtashni bilmagan elmiz.

Davlatimiz rahbari raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham xalqimiz hech qanday xavotir va vahimaga berilmasdan, aksincha, bir tanu bir jon boʻlib, xotirjamlik bilan ish tutishi, belgilangan gigiyenik talablarni oʻz vaqtida bajarib turishlari ayni paytdagi eng toʻgʻri yoʻl ekanligini alohida taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Qizil Yarim Oy Jamiyati Buxoro viloyati tashkiloti yakka-yolgʻiz, nogiron, hech kimi yoʻq dardmandlarning uylariga borib, ahvolidan xabar oldi.

Ularga Navroʻz sovgʻalari, oziq-ovqat mahsulotlari va sanitar-gigiyena vositalari berildi. Jumladan, Buxoro shahridagi 5-mavzeda yashovchi S.Saidova, Alpomish koʻchasidagi yotoqli Ruslan Pirnazarov, Poyi Ostona koʻchasidagi S.Asrorova, F. Husnitdinova va boshqalar holidan xabar olindi.

Shuningdek, Onkologiya va Yuqumli kasalliklar kasalxonasi, Koʻp tarmoqli bolalar kasalxonasida davolanayotganlar uchun tibbiy niqoblar va boshqa vositalar ham yetkazib berildi.

–Davlatimiz rahbari aytganlaridek, bir tanu bir jon boʻlsak, ogʻir, tashvishli va har birimizni xavotirga solayotgan kunlarni yengsak, yutugʻimiz ana shunda! Elchilik, xalqchilikdan uzoqlashtirmasin hech birimizni,– dedi Oʻzbekiston Qizil Yarim Oy Jamiyati Buxoro viloyati tashkiloti rahbari Shahodat Ixtiyorova.

Tashkilotning bu kabi moddiy va maʼnaviy koʻmagi davom etmoqda.

2 128 937
Zarif Komilov, OʻzA