Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.10.2017 19:03 Chop etish versiyasi

Bir suhbat tarixi: Sharof Rashidov bilan bevosita muloqotda bo‘lgan inson xotiralari

Sobiq tuzum davrida Jizzax viloyatida uzoq yillar moliya-xo‘jalik bo‘limini boshqargan Abdulla Qarshiboyev xizmat vazifasi taqozosiga ko‘ra ko‘plab davlat va jamoat arboblari bilan bevosita muloqotda bo‘lgan. U kishi, ayniqsa, xalqimizning ardoqli farzandi Sharof Rashidovni alohida hurmat bilan eslaydi.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyovning xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, xususan, kitob chop etish, tarqatish tizimini rivojlantirish, kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratayotgan alohida e’tibori haqida o‘ylaganimda, atoqli adib va davlat arbobi Sharof Rashidov yodimga tushadi, – deydi Abdulla aka. – Sharof aka kitobga mehri baland, chin ma’nodagi ziyoli inson edi. Bu fazilat u kishining butun faoliyatida, odamlar bilan muomalasida yaqqol sezilib turardi. Qayerda, qanday vaziyatda bo‘lmasin, odamlar turmushi bilan qiziqar, ma’naviyatga, xususan, kitob va mutolaaga munosabatiga e’tibor berardi.

Xizmat vazifam taqozosiga ko‘ra, viloyatga kelgan yuqori martabali mehmonlarning moddiy ta’minoti bilan shug‘ullanish, dam olish sharoiti yaratish mening zimmamda bo‘lardi. Faoliyatim davomida sobiq Ittifoq miqyosidagi, shuningdek, ko‘plab xorijlik davlat va siyosat arboblariga xizmat qilishimga to‘g‘ri kelgan. Ular orasida bir inson – Sharof aka alohida mehrimni qozongan, har bir harakati, gap-so‘zi va muomalasi bilan xotiramda o‘chmas iz qoldirgan.

Odatda yuqori lavozimli mansabdor oddiy xodimlarga e’tibor bermaydi, ular bilan muloqot qilmaydi. Bu ishni ularning mulozimlari bajaradi. Ammo Sharof aka g‘oyat kamtar, kattayu kichikka birday xushmuomalada bo‘ladigan inson edilar. Xizmatdagi odamlar bilan ham samimiy suhbatlashib, ularning shaxsiy hayoti bilan qiziqardi. Shuning uchun oddiy odamlar orasida ham Sharof akaga qadrdon bo‘lib qolganlar ko‘p edi. Men u kishining I.Oxunova, R.Mamatova, Q.Abdurazzoqov, Q.Boymirzayev, Y.Tursunov, X.Rustamova kabi ko‘plab oddiy dehqonlarni shaxsan tanigani, viloyatga tashrifi davomida ular bilan ko‘rishib, mabodo imkoniyati bo‘lmasa, sog‘ligi, hol-ahvoli qandayligi va ishlari haqida boshqalardan surishtirib turishiga guvoh bo‘lganman.

Sharof aka viloyatga kelsalar odatda kuni bilan dala aylanar, odamlar bilan muloqotda bo‘lardi. Samimiy gaplari bilan suhbatdoshining ishonchini qozonar, darrov do‘stlashib ketardi. Kechki payt mehmonxonaga qaytgandan so‘nggina biror narsa tanovul qilib olar, uyquga-ku umuman kam vaqt ajratardi. Allamahalgacha yozuv-chizuv bilan shug‘ullanar, kitob o‘qirdi. Bundan hayratlangan vaqtlarim ko‘p bo‘lgan. Axir, ko‘pchilik rahbarlar bunday qilishmas edi-da. Davlat arbobi va adib o‘z asarlarini ham shunday safarlar davomida yozgan bo‘lsa, ehtimol.

Jizzaxga tashriflarining birida kutilmaganda “Abdullajon, mutolaa qilib turasizmi?” deb so‘rab qoldilar. To‘g‘risi, hech kimdan, ayniqsa, rahbar odamdan bunday savol eshitmaganim uchunmi, biroz kalovlanib qoldim. Hatto erish ham tuyuldi. Butun respublikaning tashvishi yelkasida bo‘lgan odam shunday savol bersa-ya, deb ajablandim ham. U kishi meni tushunmadi, deb o‘yladi chog‘i, qaytadan muloyimlik bilan “kitob o‘qib turasizmi?”, dedilar yana.

Men shaxsiy kutubxonam borligini, o‘zim ham, farzandlarim ham kitob o‘qishni yaxshi ko‘rishimizni aytganimda, Sharof akaning yuzlariga tabassum yugurdi:

– Mutolaada hikmat ko‘p, – dedilar qo‘llarini oldinga siltaganday qilib. – Mutolaa har qanday insonning tafakkurini teranlashtiradi. bilimini boyitib, dunyoqarashini kengaytiradi. Shuning uchun kitobni shunchaki o‘qish emas, mohiyatiga yetib, har bir so‘zning mag‘zini chaqib o‘qish kerak.

Kitob suhbatning eng yaxshi mavzusi. Bu mavzuda suhbat shu paytgacha hech kimni, hech qachon zeriktirmagan. Bizning ham suhbatimiz qizib ketganini sezmay qolibmiz. Men taniqli adib, ulkan davlat arbobi bilan emas, yaqin sirdoshim bilan suhbatlashayotganday yayrab gapirar edim.

Gap orasida qayerga borsam kitob xarid qilishimni, kutubxonamda 5 mingga yaqin kitob borligi, ularning aksariyati o‘zbek, rus va jahon adabiyoti durdonalari ekanini aytib, maqtanib qo‘yganimni bilmay qoldim. O‘sha paytlarda bunday kitoblar hammada ham bo‘lavermas edi. Suhbatdoshim zukkolik bilan mavzuni o‘ziga kerakli o‘zanga burdi.

– Demak, obuna nashrlarini to‘liq olayotgan ekansiz-da.

Nima deyishimni bilmay qoldim. Sharof aka bu mavzuni bejiz boshlamagandi. Chunki, o‘sha yillarda jahon, rus, o‘zbek mumtoz adabiyoti vakillarining to‘liq tanlangan asarlar to‘plamlarini kitob do‘konlaridan topish qiyin edi. Markaziy nashriyotlar tomonidan chop etiladigan yangi asarlar to‘plamlariga kamida bir yil oldin obuna bo‘linar, talab kattaligidan kitobxonlarni to‘liq qanoatlantirib bo‘lmasdi. Kitobga obuna qilish matbuot tarqatish bilan shug‘ullanadigan “Soyuzpechat” degan tashkilotning mahalliy bo‘limlari orqali bajarilsa-da, amalda tuman-shahar partiya qo‘mitalari tomonidan taqsimlanardi. Bu ishda tanish-bilishchilik ham bo‘lib turardi. Shuning uchun bunday yangi nashrlarni obuna orqali olish hammaga nasib etavermasdi.

Kitobga obuna bo‘lish uchun har yili navbat kutib ololmaganlardan hatto markazqo‘mga shikoyatlar ham yozilardi. Kitob taqsimotidagi bu taqchillikdan Sharof aka ham xabardor edi, albatta. Aksariyati rus tilida bo‘lgan bu kitoblarga obuna bo‘lish, ayniqsa, qishloqlarda qiyinligidan shikoyat bo‘layotganini aytdi.

Suhbat o‘zani aylanib respublika nashriyotlarida o‘zbek tilida chop etilayotgan kitoblar mavzusiga ulandi. Men suhbatdoshimning quvvai hofizasiga tan berdim. U kishi mamlakatimizda o‘zbek tilida qancha badiiy kitob, jumladan, jahon adabiyoti tarjima asarlari va o‘zbek adiblarining tarjima asarlari nashr qilinayotgani, kelgusi yilda nashrlar adadining qanchaga oshishi haqidagi raqamlarni yoddan bilar ekan.

– Xalqimizning kitobga bo‘lgan talabini to‘liq qondira olmayapmiz, – dedilar o‘ksingan ovozda. – Urushdan keyingi yillarda xalqimiz farovonligi oshishi bilan kitobxonligi ham o‘sdi. Bu juda quvonarli. Shuning uchun har bir qishloqda kitob do‘koni ochish masalasini hal etishimiz kerak. Mumtoz adabiyotimiz, dunyoga mashhur ijodkorlar asarlari qancha, bundan tashqari, keyingi yillarda ko‘plab iste’dodli yosh shoir va yozuvchilar adabiyot maydoniga kirib keldi. Ularning ham asarlarini xalqimizga to‘liq yetkazib beradigan matbaa-noshirlik korxonalari barpo etishimiz kerak. Bu bizning vazifamiz. Millat va kelajak oldidagi burchimiz.

Nazarimda men suhbat davomida Sharof Rashidov bilan qaytadan tanishganday edim. Respublika bo‘ylab amalga oshirilayotgan ishlarni nazorat qilish, barpo etilayotgan qanchadan-qancha inshootlarni ko‘rish, yangi yerlar o‘zlashtirish, xalq xo‘jaligini rivojlantirish, umuman, millionlab odamlar hayoti bilan bog‘liq katta vazifalar tashvishida yurgan inson ko‘z o‘ngimda oddiy kitobxonning ham tashvish va o‘ylaridan voqif, avliyosifat buyuk bir siymoga aylandi.

Hozir yoshim sakson uchda. Yaqin yillargacha davlat va jamoat tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatdim. Turli davrlarni, suronli kunlarni boshdan kechirdim. Turfa odamlar, rahbarlar bilan ishladim. Lekin Sharof akaday samimiy, odamoxun rahbarni kam uchratdim. Vatanimiz mustaqilligi, xalqimiz erishayotgan ulkan yutuq va marralarga guvoh bo‘lib turganim, bugungi farovon turmush nasib etgani uchun Yaratganga behisob shukronalar aytaman. Sharof Rashidov bilan suhbatdosh bo‘lgan damlarim hayotimning eng baxtiyor, farahbaxsh kunlari deb bilaman.

Keksayganda farzandlar g‘amxo‘rligi, el-yurt e’tibori insonga ruhiy madad beradi, umriga umr qo‘shadi. Bugun davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev amalga oshirayotgan ishlar ertangi kunga ishonchimizni yanada mustahkamlamoqda. Illo, ma’naviyatli, kitob o‘qigan inson teran fikrlaydi, faqat ezgulikni ko‘zlaydi. Bunga Sharof Rashidovning faoliyati yaqqol misoldir. Xalqimizning baxti shundaki, bugun ham yurtimizga kitobga yuksak hurmat bilan qaraydigan inson rahbarlik qilmoqda. Kitobni yaxshi ko‘radigan, qadrlaydigan elning kelajagi yanada farovon bo‘lishiga ishonchim komil.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
5 301






Все о погоде - Pogoda.uz