O‘zA O`zbek

26.09.2020 Chop etish versiyasi

Bir siqim tuproq yoki fojianing koʻlami haqida

Bir siqim tuproq yoki fojianing koʻlami haqida

Qadimgi faylasuflar borliq toʻrt unsurdan iborat deb hisoblashgan. Bu dadil materialistik qarash Aristoteldan boshlangan. 

U tabiatda mavjud narsalarnig bari tuproq, suv, havo, olov va boʻshliqdan iborat deb yozadi.Bu fikr asriy bahslarga sabab boʻlgan. Sharqning buyuk olimi Forobiy esa bu muqaddas mavjudotlar faqat tuproq, havo, suv va olov deb biladi.

Har qanday sharoitda ham tuproqni birinchi oʻringa qoʻyishgani, kamina uchun hamon jumboq. Ehtimol, inson tuproqdan yaralib, tuproqqa ketishi nazarda tutilgandir yoki tirik mavjudot tuproq tufayli tirikligi hisobga olingandir...

Afsuski, tuproqning unumdor qatlami juda yupqa boʻladi. Bizga rizqu roʻz ato etadigan qatlam 10-40 santimetrdan oshmaydi. “Onalik qatlam” deb nomlanadigan pastki qavat esa hosil bermaydi. Oʻsimlik ildiziga eʼtibor bering; u yon tomonga qarab tarvaqaylaydi. Chuqurlikka ketmaydi: u yerda hech qanaqa mineral yoʻq. Ana shu yupqa qatlamni saqlash, boyitish, kelajak avlod oldidagi burchimiz ekanligi haqida soʻz yuritmoqchiman..

Matbuot va majlislarda bot-bot: “Yerning egasi kim?” degan dabdabali savollar koʻndalang qilib qoʻyiladi. Va koʻpchilik oʻz manfaatidan yoki tarqoq tasavvuridan kelib chiqib, javob beradi. “Yerning egasi dehqon yoki fermer yoki hokimiyat”... va hakozo.. Karl Marks taʼbiri bilan aytganda, biz yerning sohibi emas, undan vaqtincha foydalanuvchi ijarachilarmiz. Zaminning oʻsha yuza qatlami insonning asrlar davomida olib borilgan faoliyati samarasidir.

Chet ellarda boʻlganimda, oʻsha yurt tuprogʻini hovuchimga olib qaraydigan odatim bor. Koʻp oʻlkalarda tuproq serqum, shoʻrlangan, qashshoq ekanligiga guvoh boʻlaman. Xuddi javdar nonning magʻzini eslatadigan serhosil tuproq esa, bizning qadimdan dehqonchilik qilinadigan mintaqalarimizda serob va bu bizning baxtimizdir. Birqator mamlakatlarda esa iqlim oʻta sovuq yoki issiq; suv haddan tashqari koʻp yoki doimiy qurgʻoqchilik. 

Tuproq esa yaxlit tirik organizm; unda koʻplab mikroorganizmlar, hasharotlar yashaydi. Ularga esa normal namlik, harorat kerak. Buning ustiga ishlov berilgan, oʻgʻitlangan zaminda ular oʻzini yaxshi his etadi. Madomiki, tuproq tirik organizm ekan, u nobud ham boʻladi. Insonning jaholati oqibatida katta maydondagi zamin botqoqqa aylanadi, shoʻrlanadi, aniqrogʻi oʻladi.

Gurjilarning “Soldat otasi” filmi men qadrlaydigan kartinalardan biridir. Urush; otishmalar davom etyapti, bosh qahramon Maxarashvili bir siqim tuproqni hovuchiga olib, sherigini turtadi. “Hey, buni qara,tuproq: urushni qoʻy, ekinni ek, vaqt boʻldi, deyapti”, deydi. Keyin esa tokzorni yanchib ketayotgan tankachini giribonidan oladi.

Nachora, inson azal-azaldan yerga mehr koʻrsatish oʻrniga, uni bir-birining qoni bilan sugʻorishdan tiyilmayapti!

Bayram kunlari Moskvadagi Qizil maydondan ajal qurollari: zihrli tankalar, raketalarni namoyish qilib olib oʻtishganini koʻrganmisiz. Lekin oddiy plug va traktorni, ha-ha yerga ishlov berib, uni yumshatadigan va oxir oqibat, insonga non-nasiba ulashadigan vositalarni namoyish etishmaydi. Vaholanki, hozirgi yerga ishlov beradigan texnikalar juda mukammal, ular tuproqni qirq santimetgacha yumshataoladi; oʻsha, onalik qatlamdan bir necha santimetni yuqoriga olib, uni unumdor tuproqqa aralashtiradi.

Qadimgi faylasuflar behudaga, tuproqni muqaddas hisoblashmagan. Afgʻonistondan kelgan mehmon sellofon xaltaga tuproq olib ketgani yodimda. “Dadam bir zamonlar shu yurtlardan borib qolganlar, u kishi oʻlsam, qabrimga vatan tuprogʻidan tashlanglar”, deb vasiyat qilganlar”, degandi u.

Bobolarimiz juda qadim zamonlarda choʻyan, temir eritishni oʻrganishgan va undan eng avvalo, urush qurollari emas, yerga ishlov beradigan ashyolar yasashgan, omochga tish quyishni oʻzlashtirishgan. Madomiki, ular, ana shu vositalar tufayli bizga unumdor tuproq qoldirgan ekanlar, biz bu burchimizni uddalayapmizmi?

Tirnoqning yuziday joydan bir tup bugʻdoy oʻnadi, keyin u tublanadi, yaʼni yonidan tagʻin uch toʻrtta poya unib chiqadi. Ularning boshogʻidan naq bir burda non chiqadi. ( Bugʻdoyning vatani - Iroq. Bizda asrlar davomida javdar, arpa, makkajuxori donidan non pishirishgan. Bugʻdoy non faqat boylarga nasib etgan)

Tirnoqning yuzidek joydan... Unday boʻlsa, bir kvadrat metrdan, bir sotixdan yoki gektardan chiqadigan hosildan qancha non yopish mumkin? Shunday boʻlsa, nechun yer yuzida hamon bir burda nonga zorlar yetib ortadi? Zero, inson faqat non bilan tirik emas, unga meva, sabzavot, sut, qatiq; kiyim kechak ham zarur. Bularning barini tuproq beradi. Shuning uchun ham uni sevish, eʼzozlash shart!

Bizda oʻtgan asrning 1960 -1990-yillar oraligʻida oʻn ming!!! gektarlab ekin maydonlari shoʻrlandi va ishdan chiqdi. Moskvaga pahta kerak edi, bizning rahbarlarda esa orden va medallar.... Melioratsiya ishlari amalga oshirilmadi, zovurlar qazilmadi, almashlab ekish joriy etilmadi.

Bu yoʻqotishning koʻlami Orolning qurishidan kam emas.Bu zaminnii endi avvalgi holiga keltirib boʻlmaydi! Qishda shoʻr yuvilib, suv qochirilsa, koʻpi bilan ikki yil hosil olish mumkin. Keyin tagʻin oʻsha ahvol. Hosil ham choʻgʻdagiday boʻlmaydi. Mikroorganizmlarning aksariyati nobud boʻlgani oqibatida tuproq zichlashadi va hosil kamayib ketadi, tannarx osmonga sapchiydi.

Birgina shu emas, oʻsha muddatda million kubometrlab yerosti suvlari shoʻrlandi. Endi uni hech qanaqa ilgʻor texnologiya, innovatsiya, investitsiya bilan ham oʻz holiga keltirib boʻlmaydi! Bu suv na ichishga yaraydi va na sugʻorishga. Mana oqibat! Mana oqibat!!

Ha, koʻz oʻngimizda oʻlkan fojia yuz berdi. Bu mislsiz jinoyat uchun hech kim javob bermadi ham. Biz esa oʻz xatolarimiz haqida gapirishni yoqtirmaydigan xalqmiz...Lekin kelajak avlod (nabira, evara, chevalararimiz)ning qargʻishi oʻsha gunohkorlarni qabrda ham tinch qoʻymaydi, degan yupanchdan tasalli topadi dilim...

Zero, endilikda qoʻlimizdan hech narcha kelmaydi ham. Men boshim yerga tekkuncha egilib, kelajak avloddan kechirim soʻrab, tavba tazarru qilaolaman, xolos!

Qoʻlimdan keladigani shu!

Nusrat Rahmat

970
O'zA