O‘zA O`zbek

02.07.2020 Chop etish versiyasi

Bir sigirdan 30 litrgacha sut olinmoqda

Bir sigirdan 30 litrgacha sut olinmoqda

Romitan tumanidagi “Ozod” qoramolchilik-naslchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xoʻjaligiga Germaniyadan 115 bosh zotli qoramol olib kelindi.

Buxoro viloyati Romitan tumanidagi “Ozod” qoramolchilik-naslchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xoʻjaligida ayni paytda 317 bosh naslli qoramol boʻlib, shundan 197 bosh sogʻin sigir parvarishlanmoqda.

Xoʻjalik chorvachilikni rivojlantirish davlat dasturiga kiritilgan. Yaqinda xoʻjalikka Germaniya davlatidan 115 bosh zotli qoramol olib kelindi. Loyiha qiymati 5,5 milliard soʻm boʻlib, 3,5 milliard soʻm bank krediti hisobidan amalga oshirildi. Yil oxirigacha yana 350 bosh naslli qoramol olib kelish rejalashtirilgan. Ayni paytda xoʻjalikda 15 nafar yoshlar ish bilan taʼminlangan.

photo_2020-07-02_18-19-40.jpg

– Tumanda 3 ta yaʼni “Ozod”, “Hamro Toʻxta”, “Choʻpon ota” fermer xoʻjaliklari chorvachilikni rivojlantirish davlat dasturiga kiritilgan, – deydi tuman “Chorvanasl” markazi vakili Naim Najmiddinov. – Yuqoridagi xoʻjaliklar hukumat tomonidan berilgan imtiyozli kredit hamda subsidiyadan foydalangan holda chetdan naslli mollarni olib kelib xoʻjaligini kengaytirish imkoniga ega. 

Maqsad olib kelingan zotli qoramollarning buzoqlarini aholiga sotib, naslchilikni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga ishlab chiqarishni ham yoʻlga qoʻyishdir. Avvallari jaydari mollardan 4-5 litr sut sogʻilgan boʻlsa, ayni paytda chetdan olib kelingan zotdor mollardan 25-30 litrgacha sut sogʻib olinmoqda. Shuningdek, mollarimiz sunʼiy qochirish yoʻli orqali koʻpaymoqda.

Shuningdek, tumanda joriy yilda 3 ta yirik sut ishlab chiqarish va boʻrdoqichilik kompleksi ishga tushgan boʻlsa 2021-yilda 4 ta ana shunday kompleks ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.

4 621
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), OʻzA