O‘zA O`zbek

28.03.2019 Chop etish versiyasi

Bir shikoyat izidan

Bir shikoyat izidan

Yonib ketgan kadastr hujjatlarini tiklash uchun yonib-kuyayotgan odam

Olmazor tumani yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi avval kadastri mavjud bo‘lgan, yong‘in sodir bo‘lgandan so‘ng yana qayta tiklangan xonadonga hujjat tayyorlab berishni nega istamayapti?

O‘zA saytida 2018 yil 15 mayda “Qarovsiz yo‘l, to‘silgan ko‘cha, sarson odamlar...” sarlavhali tanqidiy material e’lon qilingandi. Unda Toshkent shahar Olmazor tumani Miskin mahallasi Magazin Mavzuk ko‘chasidagi ayrim muammolar qatorida shu ko‘chada istiqomat qiluvchi Safobek Bekxo‘jaevning shikoyati asosida uning boshiga tushgan ishlar qalamga olingan edi.

Ushbu fuqaroning shikoyatida otasidan meros bo‘lib qolgan 16,56 sotix hovli-joyning 13 sotixini “Palmy flower” tadbirkorlik sub’ekti egallab olgani bayon etilgan. Aslida mazkur tadbirkorlik sub’ekti va S.Bekxo‘jaev o‘rtasidagi mojaro bir necha yillardan beri davom etib kelgan.

Maqola e’lon qilingach, masala hal bo‘lish o‘rniga idorama-idora adolat istab, o‘ziga tegishli bo‘lgan yerni qaytarib olish ilinjida yurgan Bekxo‘jaevning muammosi ko‘paygandan ko‘paydi.

2018 yil 12 avgustda S.Bekxo‘jaev istiqomat qilayotgan Magazin Mavzuk ko‘chasi 99-A uyda yong‘in chiqib, xonadondagi barcha buyumlar, hatto hujjatlar yonib kul bo‘lgan.

Yong‘indan keyin bu oila hech vaqosiz ko‘chada qolgan. Uy hujjatlarini tiklash, hayotlarini izga solish uchun oila a’zolari ko‘p zahmat chekishiga to‘g‘ri kelmoqda. S.Bekxo‘jaev uyiga qasddan o‘t qo‘yib yoqishganini aytib, bu jinoyatni fosh etishlarini so‘rab tegishli idoralarga hamon bosh urib yuribdi. Lekin oradan yetti oydan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, muammo hal qilinmadi.

Agentligimizga S.Bekxo‘jaev yongan hujjatlarini tiklashda yordam berishni so‘rab murojaat qildi. Shu asosda biz Toshkent shahar elektr tarmoqlari, Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasiga rasmiy xat yo‘llab, fuqaroga amaliy yordam berishlarini so‘radik.

Bizga Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi “Toshkent shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi”dan javob xati keldi. Unda “korxonaning arxiv ma’lumotlariga asosan, Olmazor tumani Magazin Mavzuk ko‘chasi 99-A uy manzilida joylashgan uy-joyga nisbatan huquq turini belgilovchi hujjatlar taqdim etilmaganligi munosabati bilan fuqaro Bekxo‘jaev Safobek Yusupbekovich nomiga foydalanuvchi sifatida kadastr hujjatlari shakllantirilgani, biroq uyda yong‘in sodir bo‘lgach, u yaroqsiz holga kelgani, shu bois kadastr hujjatlarini shakllantirishga asos yo‘qligi” bayon etilgan.

Bir-biriga qarama-qarshi fikrlar... Shunday emasmi? Lekin uyi kuygan bu odam farzandlari, yaqinlari ko‘magida xonadonini ta’mirlab, yashashga yaroqli holga keltirdi. Shundan keyin ham Olmazor tumani yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi xodimlari bu fuqaroga kadastr hujjati berishni negadir istamayapti.

index.jpeg1 28.03.jpeg

Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi esa xatimizga parvo ham qilmadi. Davlatimiz rahbari murojaatlar e’tibordan chetda qolishi kerak emasligini bot-bot takrorlab turgan paytdaya!

Yoshi bir joyga borib qolganda muammolar girdobida qolgan otaxonga yordam berish istagida Davlat xizmatlari agentligiga murojaat qildik.

Agentlik rahbariyati topshirig‘i bilan Toshkent shahar davlat xizmatlari markazi mas’ul xodimlari ushbu muammo bilan shug‘ullana boshladi. Ularning ko‘magida fuqaroning elektr energiyasidan foydalanishga oid hujjatlari qayta tiklandi, xonadonga elektr simlari tortildi. Nihoyat, Safobek otaning uyida chiroq yondi! (Holbuki, tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari avgust oyidan beri “bu uyga elektr o‘tkazish mumkin emas”, deb ishni paysalga solib kelayotgan edi).

Biroq, yuqorida ta’kidlaganimizdek, xonadonning kadastr hujjatlari hamon tiklanmadi. Nega? Nima uchun fuqaroning huquqi tiklanishini mutasaddilar istamayapti? Bu savol hamon javobsiz qolmoqda.

1 020
Norgul Abduraimova, O‘zA