Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.03.2017 12:33 Chop etish versiyasi

Bir oila farzandlaridek

Bir oila farzandlaridek Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash, ta’lim, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasida muhim vazifalar belgilab berildi.

Harakatlar strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biri yurtimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashdir. Bunda aholi farovonligini yuksaltirish, jamiyatimizda ijtimoiy barqarorlik, tinchlik va osoyishtalikni asrashda yurtimizdagi barcha millat vakillarining yagona oila farzandlaridek ahil-inoq yashashi, mehnat qilishi, ilm olishi uchun yanada qulay sharoit yaratish ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan qozoq, turkman, rus, koreys, ukrain milliy madaniy markazlari ham yurtimizdagi tinchlik, totuvlik va barqarorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida turkman millatiga mansub 100 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ular ham barcha yurtdoshlarimiz qatori Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan mehnat qilmoqda.

– Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek, “O‘zbek va turkman xalqlarining azaliy tarixi, madaniyati, ma’naviyati, takdiri, aytish mumkinki, yuragi abadul-abad tutashib, birlashib ketgan”, – deydi turkman milliy madaniy markazi rahbari, “Do‘stlik” ordeni sohibi Muratboy Tag‘anmuratov. – O‘zbekistonimizda barcha millatlarning o‘z tili, adabiyoti, urf-odat va an’analarini rivojlantirishi uchun teng sharoitlar yaratilgan. 1999-yilda tashkil etilgan bizning markaz ham turli tadbirlarda faol ishtirok etib keladi. Turkman xalqining milliy qadriyatlari, tarixi, madaniyatini kelajak avlodga yetkazish, xalq amaliy san’atini ommalashtirish markazning asosiy vazifalaridandir.

Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ta’lim turkman tilida olib boriladigan maktablarni pedagog-kadrlar bilan ta’minlashda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti alohida ahamiyatga ega.

– Mustaqilligimizning ikkinchi yili, ya’ni 1992-yilda turkman filologiyasi bo‘limi tashkil etilgan, – deydi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti o‘qituvchisi Tirkash Boyjonov. – Har yili 30 dan ortiq yoshlar turkman tili va adabiyoti o‘qituvchisi mutaxassisligiga ega bo‘lib, ta’lim turkman tilida olib boriladigan maktablarga yo‘llanma oladi. Bu maktablarni darslik va o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlashda Qoraqalpog‘iston Respublikasi turkman milliy madaniy markazining munosib hissasi bor.

To‘rtko‘l, Beruniy, Ellikqal’a, Amudaryo, Xo‘jayli va Shumanay tumanlaridagi umumta’lim maktablarida 8 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz turkman tilida tahsil oladi.

– Tumandagi 20 umumta’lim maktabida turkman tilida saboq beriladi, – deydi To‘rtko‘l tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini tashkil etish va metodik ta’minlash bo‘limi mudiri Mahmud Qulimbetov. – Ularda yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar etib ulg‘aytirish uchun barcha sharoit yaratilgan. “O‘zbekiston – umumiy uyimiz”, “O‘zbekiston – yagona Vatan”, “Shu aziz Vatan – barchamizniki, uning farovon kelajagi va taqdiri uchun yashash, kurashish biz uchun eng yuksak baxt” shiori ostida turli tadbirlar, festival va uchrashuvlar o‘tkaziladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2001-yildan buyon turkman tilida “Mekan” gazetasi nashr etiladi, o‘tgan yili Qoraqalpog‘iston radiosida turkman tilida eshittirish olib boradigan “Diyor” kanali faoliyat boshladi. Milliy madaniy markaz qoshida faoliyat olib borayotgan “Orzu” turkman xalq ansambli turkman milliy qadriyatlarini asrab-avaylash va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda. Atoqli o‘zbek va qoraqalpoq adiblarining asarlari turkman tiliga tarjima qilinib, keng kitobxonlar ommasiga yetkazilmoqda.

Millatlararo totuvlik g‘oyasi umumbashariy qadriyat bo‘lib, ko‘p millatli mamlakatimiz taraqqiyotini belgilovchi asosiy omillardan biridir. Bu g‘oya tinchlik va totuvlik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Aminboy Ortiqboyev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA
800






Все о погоде - Pogoda.uz