Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

28.05.2018 10:11 Chop etish versiyasi

“Bir marta ko‘tarilgan bayroq hech qachon pastga tushmaydi”

“Bir marta ko‘tarilgan bayroq hech qachon pastga tushmaydi”
XX asr tarixda milliy uyg‘onish, mustamlakachi imperiyalarning qulashi va milliy davlatlarning tashkil topishi bilan tarixda qoldi.

Rossiyada 1917 yilgi fevral inqilobidan so‘ng, 1918 yil 28 mayda Ozarbayjon Demokratik Respublikasi tashkil topdi. Bugun Ozarbayjon ahli Ozarbayjon Demokratik Respublikasi tashkil topganining 100 yilligini keng nishonlamoqda. 28 may Ozarbayjon tarixidagi yorqin va shonli kunlaridan biridir. Bundan roppa rosa bir asr ilgari musulmon Sharqida birinchi dunyoviy davlat dunyoga keldi. Bir tomondan mamlakatning birlashuviga xizmat qilgan mazkur sana ikkinchi tomondan uzoq yillar Eron va Rossiya boshqaruvida bo‘lgan Ozarbayjon davlatchiligining tiklanishi kuni sifatida bayram qilinadi.

1917 yildagi fevral inqilobidan keyin Janubiy Kavkaz xalqlari a’zo bo‘lib kirishi kerak bo‘lgan “Kavkaz Federativ respublikasi”ni tuzish borasida qadamlar tashlandi. Biroq ayrim o‘sha vaqtdagi omillar federatsiya g‘oyasini amalga oshirish imkonini bermadi. 1918 yilning 26 mayida Tbilisida bo‘lib o‘tgan Kavkaz Parlamentining majlisida Gruziya o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Oradan ikki kun o‘tib Tbilisida Mamed Emin Rasulzoda boshchilik qilgan Ozarbayjon Milliy Kengashi tomonidan Ozarbayjon Demokratik Respublikasini tashkil etish to‘g‘risidagi qaror e’lon qilindi. Shu tariqa Mamed Emin Razulzodaning “Bir marta ko‘tarilgan bayroq hech qachon pastga tushmaydi” qabilidagi iborasi tarixga muhrlandi.

Mamlakat mustaqilligi rasmiy e’lon qilingan hujjat “Ozarbayjon mustaqillik deklaratsiyasi” nomi bilan tarixga kirdi. Unda mustaqil Ozarbayjon Respublika ko‘rinishidagi davlat bo‘lishi belgilangan. Mustaqil davlatning birinchi rahbari (Vazirlar mahkamasi raisi) etib Fatali Xan Xoyskiy saylandi. 1918 yilning 30 mayida mamlakatning muvaqqat poytaxti etib Ganja tanlandi. Keyinroq poytaxt Bokuga ko‘chirildi. 

Buning tarixi quyidagicha: 4 iyunda Ozarbayjon Demokratik Respublikasi va Turkiya o‘rtasida tinchlik va do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanadi. 1918 yilning 12 iyunida bolsheviklarning Boku kengashiga qarashli qurolli kuchlari Ganjaga hujum boshladi. Ozarbayjon hukumati harbiy yordam so‘rab Turkiyaga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Birlashgan turk-ozarbayjon qo‘shinlari Geychay ostonasida qizillar armiyasini tor-mor etadi. 1918 yilning 15 sentyabrida turk-ozarbayjon armiyasi Bokuga kiradi. Shahar ODRning poytaxti deb e’lon qilinadi.

Ozarbayjon Demokratik Respublikasi qo‘lga kiritgan yutuqlardan biri yosh davlatni Parij Tinchlik Konferensiyasi ishtirokchilari tomonidan tan olinishi bo‘ldi. Shu maqsadda 2018 yilning 28 dekabr kuni Fransiyaga Parlament raisi Alimardan bek Topchubashev rahbarligidagi delegatsiya yo‘l oldi. Delegatsiyaning sa’y-harakatlari bilan 1920 yil 12 yanvarida Ozarbayjon mustaqilligi Parij Tinchlik konferensiyasining asosiy davlatlari tomonidan tan olindi. O‘sha yilning 22 aprel kuni mamlakat parlamenti Angliya, Fransiya, Italiya, Shveysariya, Polsha va Amerika Qo‘shma Shtatlarida diplomatik vakolatxona ochish borasida qaror qabul qildi.

Ozarbayjon Demokratik Respublikasi o‘z faoliyatini mamlakat ichida va tashqarisidagi og‘ir ijtimoiy-siyosiy vaziyatda boshladi. 2018 yilning 27 iyunida esa ozarbayjon tili ODRning davlat tili deb e’lon qilindi. Qisqa vaqt ichida davlat tomonidan ko‘rilgan choralar Ozarbayjon xalqi tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Biroq yosh Ozarbayjon Demokratik Respublikasi osmoni uzra qora quzg‘unlar paydo bo‘ldi. Strategik muhim jo‘g‘rofiy holati va uning ulkan neft zaxiralari Sovet Ittifoqining Kavkazdagi yo‘nalishining asosiy nishoniga aylandi. 1920 yil aprelining o‘rtalarida Qizil armiya bo‘linmalari Denikin qo‘shinlarining qoldiqlarini tor-mor etib, Ozarbayjonning shimoliy chegaralariga kirib keldi, aprel oxirlarida Ozarbayjon bosqinini boshlab, 28 aprelda Bokuga kirib keldi. Atigi 23 oy mavjud bo‘lganiga qaramay, ODR demokratik Ozarbayjon ziyolilari uchun katta maktab vazifasini o‘tadi. Mamlakatdagi fuqarolarning millati, jinsidan qat’iy nazar ular tomonidan davlat chegaralarini belgilashda, ona tilini davlat tili, deb e’lon qilishdagi qo‘shgan hissalari kelajakdagi mustaqil Ozarbayjon uchun kuchli asos vazifasini o‘tadi.

SSSR parchalangach, 1991 yilda Ozarbayjon o‘z mustaqilligini tikladi, o‘zini ODRning merosxo‘ri deb e’lon qildi, Demokratik Ozarbayjonning ramzlari – bayroq, gerb va gimnini tikladi. 1918 yilda tashkil etilgan Ozarbayjon Demokratik Respublikasi ozar xalqining milliy g‘ururi, mamlakat tarixidagi yorqin sahifadir. Aynan shularning barchasi mamlakatning iqtisodiy, intellektual va madaniy sohalardagi intilishi bilan birgalikda hozirdagi mustaqil Ozarbayjonning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. 1991 yildan keyingi rivojlanish davri ham Ozarbayjon xalqi ijtimoiy hayotning barcha sohalarida erishgan ulkan yutuqlari bilan tarixga kiradi.


Shuni qayd etish kerakki, zamonaviy tarix fanining oldida turgan muhim vazifalardan biri ham Ozarbayjon Demokratik Respublikasi tarixini haqqoniy tadqiq etishdan iborat bo‘lishi kerak. Hozirdagi suveren Ozarbayjon Respublikasi 1918-1920 yillardagi Demokratik Respublikaning eng yaxshi an’analarini davom ettirib kelmoqda. Ozarbayjon xalqi fan va madaniyat, adabiyot va san’at sohasidagi buyuk ziyoli-o‘g‘lonlarining sa’y-harakatlari bilan o‘zining milliy-ma’naviy qadriyatlarini saqlab qoldi, boyitib bordi va hozirda bular umuminsoniyat qadriyatlarining bir qismiga aylandi. 

Ozarbayjon Demokratik Respublikasining 100 yillik yubileyi munosabati bilan prezident Ilhom Aliyev farmoniga ko‘ra respublikaning o‘zida va jahondagi bir qator mamlakatlarda keng qamrovli tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Kuni kecha Toshkentda Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan qabul marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonda faoliyat yuritadigan xorijiy davlatlarning elchilari, xalqaro tashkilotlar vakillari, davlat muassasalari, jamoat tashkilotlari rahbarlari, ilm-fan, madaniyat va san’at namoyandalari, OAV vakillari qatnashgan tadbirda O‘zbekiston bosh vaziri A.Aripov ishtirok etdi.

Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchisi Guseyn Guliyev o‘z so‘zida 28 may ozarbayjon xalqi tarixida buyuk hodisa sifatida muhrlanib qolganini ma’lum qildi. Elchi o‘z so‘zida ODRning qisqa muddatdagi faoliyati haqida to‘xtalib o‘tdi va 1991 yilda mustaqilligini qayta tiklagan Ozarbayjonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar hamda demokratik va huquqiy davlat qurish yo‘lida qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlar haqida ma’lumot berdi. 

Bugun ikki suveren birodar mamlakatlar – Ozarbayjon va O‘zbekiston eng ishonchli do‘st va hamkor. 

Sharofiddin To‘laganov

O'zA
2 017