O‘zA O`zbek

16.08.2018 19:55 Chop etish versiyasi

Bir kunlik sustkashlik butun mavsumga zarar keltirishi mumkin

Bir kunlik sustkashlik butun mavsumga zarar keltirishi mumkin Navoiy viloyatida 2018 yil hosili uchun 33 ming 800 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanmoqda. Barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida, belgilangan talablar asosida amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2017 yil 15 sentyabrdagi “2018 yilda qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish chora-tadbirlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan ham kundalik nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.

– O‘rganishlar mavjud 804 ta kultivatordan 529 tasi ishlatilgani,qolganlari kultivatsiyaga jalb qilinmaganini ko‘rsatdi, – deydi inspeksiya viloyat boshqarmasi bosh inspektori M.Mansurov. – Ishchi organlari nosoz kultivatorlarni g‘o‘za parvarishiga jalb qilishi oqibatida sifatsiz kultivatsiyalash holatlariga yo‘l qo‘yib kelingan. Jumladan, Karmana tumanida 120 ta kultivatordan faqat 52 tasi ishga jalb etilgan. Chopiq traktorlari himoya vositalari bilan jihozlanmagan, kultivatorlarni “baliq sirti” qilib o‘rash ishlari nihoyasiga yetkazilmagan. Shuningdek, Qiziltepa, Xatirchi, Navbahor tumanlarida ham g‘o‘za agrotexnik tadbirlarida yuqoridagi kabi qator kamchiliklar aniqlandi.

O‘rganishlar davomida inspeksiya tashabbusi bilan qo‘shimcha 15 ta texnika kultivatsiya ishlariga jalb etildi hamda 22 kultivatorning butligi, ishga yaroqliligi ko‘zdan kechirilib, to‘liq ta’mirlandi.

Shuningdek, viloyatda 2018 yil defoliatsiya mavsumida 151 ta OVX purkagichiishtirok etishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda ularning 10 tasi nosoz holda ekani aniqlandi. Misol uchun, Xatirchi tumanidagi “Hamro bobo” fermer xo‘jaligiga tegishli purkagichning harakat uzatish moslamasi nosozligi, suv filtrlari,monomert hamda shlanglari yaroqsizligi ma’lum bo‘ldi. Karmana, Navbahor, Konimex va Qiziltepa tumanlarida ham xuddi shunday kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Viloyatda parvarishlanayotgan g‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlarni sifatli o‘tkazish uchun 53 ta mexanizatorlar uyi tashkil etilgan. Ushbu maskanlarda mexanizatorlarning dam olishi uchun sharoit yaratilgan bo‘lsa-da, ayrim tumanlarda bir qator kamchiliklar mavjud. Ayni paytda mazkur nuqsonlarni bartaraf etish bo‘yichaishlar olib borilmoqda.

Mavsumning qurg‘oqchil kelishi suvdan samarali foydalanish va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, g‘o‘za parvarishlanayotgan maydonlarni navbatlab, sharbat usulida sug‘orish ishlarini tashkil qilishni talab etmoqda. Biroq, bu borada ham ayrim fermer xo‘jaliklari tomonidan jiddiy xatoliklarga yo‘l qo‘yilayotir. Jumladan, Qiziltepa tumanidagi “Nigorabonu Sevaraxon” fermer xo‘jaligining 6 gektar g‘o‘za maydoniga suv taralgani, lekin suvchilarning e’tiborsizligi va sug‘orish ishlarining qarovsiz qoldirilgani tufayli 0,30 gektar maydon ko‘llatib yuborilgani aniqlangan. Ushbu holat yuzasidan fermer xo‘jaligi rahbaridan tushuntirish xati olindi.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
1 990