O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

Bir juft zirak bahosiga qurilgan obidani bilasizmi?

Bir juft zirak bahosiga qurilgan obidani bilasizmi?

Tarix sahifalarini varaqlasak, mamlakatimizda nafaqat mashhur olim-u yozuvchilar, shoir-u faylasuflar, balki ko‘plab dono tadbirkorlar ham yashab o‘tganligiga guvoh bo‘lamiz… Bu borada qadimiy shaharlarimiz xususan, Buxorodagi ayrim madaniy meros ob’ektlari misol bo‘la oladi. 

Tarixiy manbalar ana shunday o‘tkir zehnli insonlardan biri sifatida Nodir devonbegining nomi keltirilgan. To‘liq nomi Nodir mirzo Tog‘ay ibn Sulton bo‘lgan Devonbegi Imomqulixon (1611-1642) saroyida moliyaviy ishlar vaziri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan, mamlakatda tijorat va soliq-xiroj to‘plash ishlarini boshqargan, soliqlar ro‘yxatini tuzgan, elchilardan yorliqlar qabul qilgan shaxs sifatida tarixda qolgan. 

Buxorodagi ulkan me’moriy yodgorliklardan biri Nodir devonbegi madrasasi nomi bilan atalishi ham bejizga emas. 1622—23 yilda barpo etilgan Nodir Devonbegi madrasasi Labi-hovuz ansamblining sharqiy qismida joylashgan. 

– Bu obidani qurilishi haqida xalq orasida ajoyib rivoyat yuradi, –deydi Buxoro viloyati turizmni rivojlantirish departamenti matbuot kotibi Dilnoza Kamilova. – Unga ko‘ra, Nodir devonbegi o‘z ayoliga bir juft zirakni sovg‘aga olib kelsa, ayoli uni olmasdan shunday debdi:. “Bosh vazir bo‘lsangiz-u, qadrimni bir juft zirakka teng ko‘rdingizmi?” deb sovg‘ani olmabdi. Shunda Nodir Devonbegi zirakni sotib, karvon saroy qurishga ahd qilibdi. Oradan vaqt o‘tib inshoot bitish arafasida ayoli qurilishni ko‘rib shunday debdi: “Menga bu inshoot yoqmadi, shunday qilingki, menga yoqsin” degan ekan shundan so‘ng qolgan qismi madrasaga mos tarzda qurilgan ekan.

Shuning uchun ham bu inshoot na madrasaga na karvon saroyga o‘xshaydi. Ammo, bitta zirak hisobiga mana shunday ajoyib inshoot barpo qilingan ekan. Unda madrasalarga xos ayvon, masjid va katta darsxona yo‘q, hovli atrofi 4 tomondan 2 qavatli kichik hujralar bilan o‘ralgan. Hujralarga o‘ymakori usulida bezatilgan eshiklar, eshiklar tepasidagi tobadonga panjaralar o‘rnatilgan. Hovliga pishiq g‘isht yotqizilgan. Bosh tarzi may-donga qaragan. Old tomonida hovuz bor. Peshtog‘i o‘ziga xos mahobatli va serhashamdir. Undagi o‘simliksimon naqshlar orasida quyoshga intilayotgan afsonaviy humo qushi va bug‘uning o‘tlab yurgan tasviri koshinkori bezaklari yorqin bo‘yoqlarda aks ettirilgan. 

Nodir Devonbegi madrasasi bir necha marta ta’mirlanib, gumbaz, ravoq va devorlaridagi namlik yo‘qotilib, buzilib ketgan hujralari qayta tiklangan.

505
O‘zA