Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.07.2018 17:42 Chop etish versiyasi

Bir jamoa, bir maqsad, bir manzil

Bir jamoa, bir maqsad, bir manzil
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Jizzax viloyati kengashi tomonidan Baxmal tumanida tashkil etilgan loyiha shunday nomlandi.

Partiyaning bosh g‘oyasi – barqaror milliy rivojlanishni ta’minlashni targ‘ib qilishga qaratilgan loyihani amalga oshirish uchun Baxmal tumani tanlangani bejiz emas. Tuman yurtimiz tarixi, xalqimizning o‘ziga xos urf-odat va an’analari bilan bog‘liq nomoddiy madaniy meros obyektlari, noyob tabiiy yodgorliklarga boy hududlardan biri sanaladi.

Hududning boy tarixiy va tabiiy imkoniyatlaridan ichki turizmni rivojlantirishda samarali foydalanishni targ‘ib etuvchi ushbu loyiha doirasida “Tarixdan sado berguvchi obod go‘shalar” aksiyasi o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar tumandagi Novqa ota ziyoratgohida bo‘lib, uning tarixi haqida batafsil ma’lumot oldi. Ziyoratgoh hududi obodonlashtirildi, daraxtlar oqlandi.

Novqa qishlog‘ida chavandozlar uchun egar yasaydigan qadimiy hunarmandchilik rivojlangan. Loyiha doirasida yurtimizning boshqa joylarida uchramaydigan ushbu noyob hunarmandlik an’anasini davom ettirish uchun “Xizmat-beminnat” o‘quv kursi ochilishi rejalashtirilgan. Yaxshi niyatning dastlabki qadami sifatida egarchi usta Mahmud Jiyanov qishloq yoshlaridan to‘rt nafarini ushbu kasbga o‘rgatish uchun shogirdlikka oldi.

Tadbir doirasida “Barkamol avlod” bolalar markazi, Bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilarining ijodiy ishlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda amaliy san’at va hunarmandlik yo‘nalishidagi ijodiy ishlari eng yaxshi deb topilgan bolalar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shuningdek, loyiha doirasida o‘tkazilgan milliy taomlar tayyorlash musobaqasi, konsert dasturi, milliy o‘yinlar, qiziqarli viktorinalarda ko‘pchilik katta qiziqish bilan ishtirok etdi.

Bellashuvlarda g‘olib chiqqanlar va faol ishtirokchilar partiyaning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

T.Beknazarov, O‘zA
2 469