Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

23.04.2018 11:15 Chop etish versiyasi

Bir chorakda 480 ajrim arizasi: ko‘pmi, ozmi?

Gulistonda “Oila qurish – o‘yinchoq emas” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Sirdaryo viloyati xotin-qizlar qo‘mitasi, prokuraturasi, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tuman va shahar xotin-qizlar qo‘mitalari raislari, imom-xatiblar, FHDYo bo‘limi mudirlari va ajrashish uchun ariza bergan yosh oilalar ishtirok etdi.

“Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi rahbari O‘.Abdiyev va boshqalar Prezidentimiz joriy yil 13 aprel kuni Sirdaryoga tashrifi chog‘ida viloyat faollari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda hududda oilaviy ajrimlar soni ortib borayotgani, bunday salbiy holatlar jamiyatning mustahkam poydevoriga rahna solishi mumkinligi haqida gapirib, hali kelinlik chillasi chiqmay, ajrashish haqida ariza berayotgan yoshlar ko‘payib borayotganini afsus bilan qayd etgan edi. Ba’zi tuman sudlari yoshlarni yarashtirish o‘rniga belgilangan muddat yakuniga yetishi bilan, o‘rtadagi farzand taqdirini o‘ylamay, ajrim haqida hukm chiqarayotgani achinarlidir.

– Darhaqiqat, joriy yilning birinchi choragida viloyatdagi fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlariga ajrashish bo‘yicha 480 ta ariza tushgan, FHDYo bo‘limlarida yana 90 ariza turibdi, – deydi viloyat hokimi o‘rinbsari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi D.O‘rolova. – Kichik bir viloyat uchun bu juda katta raqamlar emasmi? Biz yoshlarning o‘z xatolarini anglab yetishi uchun vaqt berishimiz, turmushning ilk zarbasidanoq ajrimga qo‘l urishiga yo‘l qo‘ymasligimiz, oila muqaddas tushuncha ekanini ular ongiga singdirmog‘imiz shart. Har qanday oila ajrimiga hayot-mamot masalasi deb, qaramog‘imiz kerak. Endi oila qurishga ahd qilgan yoshlar “Oila mas’uliyati” kursini o‘tab, oiladagi er va xotin ma’suliyatini to‘la anglab olganidan so‘nggina nikohdan o‘tadi.

A.Qayumov, O‘zA
2 500