O‘zA O`zbek

16.05.2018 12:12 Chop etish versiyasi

BIR ADASHGAN KЕCHIRILDI

Inson hayotda adashishi mumkin. Muhimi, keyinchalik to‘g‘ri yo‘lga tushib olishidir. Qonunni buzgan odamning gunohini kechirib, jamiyatga qaytarish uni jinoyat ko‘chasiga qayta kirishdan asrashning ishonchli yo‘lidir.

Bugungi kunda sudlar tomonidan bilib-bilmay jinoyat ko‘chasiga kirgan, ayniqsa, ta’qiqlangan diniy ekstremistik va aqidaparastlik g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan shaxslarga oid ishlarni ko‘rishda qonunda nazarda tutilgan jazo jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish maqsadini ko‘zlamasligi haqidagi prinsiplarga qat’iy rioya qilinmoqda.

Andijon viloyatida tug‘ilgan A.Mamadaliyev ham internetga ulanib, O‘zbekiston Respublikasida faoliyati ta’qiqlangan diniy ekstremistik tashkiloti yetakchisi Muhammad Tohir Foruqning aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarini profiliga ko‘chirib tarqatish bilan shug‘ullangan. Shuningdek, uyali aloqa vositasidagi profili ko‘zdan kechirilganida, Muhammad Tohir Foruqning fikrlari yozilgan diniy mavzulardagi materiallar saqlanganligi aniqlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudida ko‘rib chiqilgan ushbu jinoyat ishi ham keyinchalik viloyat sudida kassatsiya shikoyati asosida ko‘rib chiqilib, A.Mamadaliyevning oilaviy sharoiti, sudlanmagani, yoshligi, oilasida 2-guruh nogironi akasi borligi va boshqa holatlar inobatga olindi. Onasi ham farzandini qilgan harakatlariga kechirim so‘radi.

– Albatta, jinoyat sodir etgan har bir shaxs javobgarlikka tortilishi shart, biroq ushbu jazo adolatli bo‘lishi ham qonunda ko‘rsatilgan, – deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi sudyasi Sh. Umarov. – Sud yuqoridagi holatlarni inobatga olib, A.Mamadaliyevga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlab, qamoqdan ozod qildi. Albatta endi u bundan tegishli xulosa chiqarib, halol mehnati bilan yurt ravnaqiga hissa qo‘shishi lozim.

Ma'sudjon Sulaymonov, O‘zA
2 062