Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.08.2017 12:07 Chop etish versiyasi

52 bino va inshoot faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasi yong‘in xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan joriy yilning 9-avgustidan 16-avgustiga qadar o‘tkazilgan profilaktika tadbirlarida 7 ming 115 xonadon, 145 korxona-tashkilot, ta’lim muassasasi va boshqa maskanlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, yong‘in kelib chiqishining oldini olish bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazildi.

Zangiota tumani “Bek baraka” savdo majmuasida fuqarolar, tadbirkorlar va savdo majmuasi ma’muriyati ishtirokida o‘tkazilgan tushuntirish-targ‘ibot tadbirlarida yong‘inlarning oldini olish, yong‘in sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakatlanish, odamlarning hayoti va sog‘lig‘i uchun zarur bo‘lgan boshqa tavsiyalar berildi.

– Savdo majmuasi hududida avtotransport vositalari va sotish uchun mo‘ljallangan buyumlarning tartibsiz joylashtirilishi yong‘in paytida tezkor harakatlanishga to‘sqinlik qiladi, – deydi Zangiota tumani IIB yong‘in xavfsizligi boshqarmasi katta inspektori, kapitan Q.Ashurov. – Yong‘inlar profilaktikasi jarayonida savdo majmuasida o‘t o‘chirish bo‘yicha amaliy o‘quv-taktik mashg‘ulot o‘tkazildi.

Xuddi shunday tadbir Qibray tumanidagi “Chinobod neftbaza” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli mahsulotlarni saqlash omborida ham o‘tkazildi. Yong‘in xavfsizligi xodimlari belgilangan tartib asosida harakat qilib, shartli yong‘in o‘chirildi. Mashg‘ulot yakunida bajarilgan ishlar va aholi tomonidan yo‘l qo‘yiladigan qoidabuzarliklar muhokama qilindi.

Yong‘inlar profilaktikasi doirasida tuman va shaharlarda bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Hafta davomida viloyatda 34 yong‘in sodir bo‘lgan, fuqarolar jiddiy tan jarohati olmagan. Tekshiruvlar davomida yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan 103 nafar mansabdor shaxs va fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortildi. Yong‘in kelib chiqish xavfi bo‘lgan 52 bino va inshootning ishi vaqtincha to‘xtatildi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
1 494






Все о погоде - Pogoda.uz