O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Bilimsizlik mutaassiblikka, mutaassiblik tubanlikka yetaklaydi


Achchiq bo‘lsa ham to‘g‘risini tan olish kerak, ilgari faqat yutuqlarimizni ko‘rsatishga harakat qilardik, chet el matbuoti esa nuqul kamchiliklarimizni aytish bilan cheklanardi. Natija esa hammamizga ma’lum.

Keyingi yillarda mamlakatimizda shakllangan ochiqlik siyosati natijasida hayotimizdagi barcha o‘zgarishlarni ro‘y-rost gapira boshladik. Bu odamlarda ishonch tuyg‘usini paydo qildi. Bugungi kunda biror soha yo‘qki, xalqimiz manfaatini ko‘zlab amalga oshirilayotgan yangilanishlar mohiyati avvalo ommaga yetkazilmayotgan bo‘lsa. Bundan birinchi navbatda jamiyatimiz naf ko‘rmoqda, odamlarda islohotlarga daxldorlik hissi yuksalmoqda, har bir o‘zgarish ertaga hayotimizga yengillik olib keladi, turmushimiz farovonligi ortadi degan qarash barchaning ongiga singdi.

Prezident Shavkat Mirziyoev deyarli har bir nutqida, odamlar bilan muloqotlarida ijtimoiy hayotimizdagi o‘zgarishlar xalqimiz tafakkuri, ma’naviy olamiga qanday ta’sir etayotgani haqida alohida to‘xtaladi. Negaki, islohotlardan maqsad avvalo odamlarning o‘zida harakat, intilish uyg‘otish, mening hayotim yaxshi bo‘lishi o‘zimning mehnatimga bog‘liq, degan tushunchani paydo qilish. Bu bejiz emas. Chunki odamlarda boqimandalik kayfiyati yo‘qolmas ekan, siyosiy va iqtisodiy mustaqillikka, ma’naviy-ruhiy erkinlikka erishib bo‘lmaydi.

Mustaqillik yillarida xalqimizning asriy orzulari amalga oshdi. Milliy-diniy qadriyatlarimiz tiklandi, o‘zligimizni anglay boshladik.

Hozirgi yoshlarga sobiq tuzum davridagi voqealarni aytib bersangiz ishonmaydi. Tilimiz, dinimiz cheklandi, biror masalada sobiq markazning izmi-ixtiyorisiz ish qilolmasdik. Xudosizlik sovet davlatning siyosatiga aylanganidan e’tiqodli odamlarning chekkan azoblarini bugungi yosh avlod tasavvur ham etolmaydi.

Bobomiz Shayx Muhiddinxon Urgutiy naqshbandiya tariqatining vakili bo‘lgani sababli oilamiz boshiga yog‘ilgan kulfatlar, doimiy ta’qib ostida yashash azobini tortganimizni yaxshi eslayman. Shu bois mustaqillik bebaho ne’mat ekanini, uni asrab-avaylash kerakligini qayta-qayta ta’kidlagim keladi.

Bir haqiqatni aytish kerak, mustaqillik – gullar to‘shalgan tekis, ravon yo‘ldan iborat emas. Istiqlolga erishish qanchalik qiyin bo‘lsa, uni asrab qolish undan-da mashaqqatli. Ushbu bebaho ne’matni asrash uchun bilim-ma’rifat kerak. Chunki bilimsizlik mutelikni, mutelik –mutaassiblikni keltirib chiqaradi.

Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor. Biz mutaassiblik haqida gapirganda,sho‘rolar zamonidan qolib ketgan odatga ko‘ra diniy mutaassiblikni tushunamiz, aslida dinsizlik mutaassibligi ham borligini esdan chiqaramiz.

Yetmish yil davomida alifbosi uch marta o‘zgargani tufayli xalqimizning arab yozuvida bitilgan kitoblardan bebahra bo‘lib keldi. Diniy ma’rifatga bo‘lgan tashnalik sabab oyat va hadisdan iqtibos keltirib gapiradigan har bir kimsa ko‘zimizga alloma bo‘lib ko‘rindi, o‘zligimiz, milliyligimizni anglash o‘rniga boshqalarga o‘xshab yashashga harakat qildik.

Ayrimlar hatto o‘zimizning do‘ppilar o‘rniga boshqa xalqlarning bosh kiyimini kiyib, savlatliroq ko‘rinishga va shu ishi bilan go‘yoki ko‘proq savob oluvchilar qatoridan joy olishga harakat qildi. Imom Buxoriyning “Sahih”ini, Marg‘inoniyning “Hidoya”sini o‘qish o‘rniga, o‘z maqsadlari yo‘lida diniy kitoblardagi fikrlarni buzib talqin qilish yo‘li bilan siyosiy dastak yasagan ayrim xorijiy “ulamo”larga mahliyo bo‘lib qoldi. Natijada diniy mutaassiblik bilan dinsizlik mutaassibligi ko‘plab begunoh yoshlarimizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirdi.

Prezidentimizning ana shu muammo mohiyatini chuqur anglab, bag‘rikenglik namunasi sifatida o‘n olti mingdan ziyod fuqaroni adashganlar ro‘yxatidan chiqargani mamlakatda diniy sohada ulkan ishlar boshlanganidan dalolat berdi. Ayniqsa, davlatimiz rahbari 2017 yil sentabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zlab, islom dinining asl mohiyati ma’rifat va tinchlik ekanini, buyuk allomalarimiz islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shganini jahon hamjamiyatiga g‘oyat chiroyli tarzda yetkazib bergani yurtimizning diniy bag‘rikenglik siyosatini butun dunyoga namoyon qildi.

Bugungi kunda dunyoda tobora avj olayotgan turli xatar va tahdidlar yoshlarimiz ongini yot g‘oyalardan asrash, bunday xatarlarni jiddiy tahlil qilish va ularga munosib javob berishni taqozo etmoqda. So‘nggi uch yilda so‘z erkinligi qog‘ozdan amalga ko‘chdi, ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalari xalq dardi va muammolarini ochiq yoza boshladi. Hayotning o‘zi so‘z erkinligi bor joyda yashash osonroq, xavfsizroq bo‘lishini isbotlab bermoqda. Shu bilan birga ana shu erkinlikni tiyiqsizlik, bosar-tusarni bilmaslik, betgachoparlik bilan aralashtirib yuborayotganlar ham afsuski bor.

Kichik bir oilaviy muammosiga davlatni ayblab, shaxsiy manfaati yo‘lida birovni sharmanda qilishdan qaytmaydiganlar andishaning otini qo‘rqoq qo‘yib, fitna tarqatishga urinmoqda. Bunday toifa “g‘avg‘o ahli” deb atalib, qaerdaki bu qatlamga ko‘proq erkinlik berilsa, o‘sha yerda notinchlik paydo bo‘lishi ma’lum.

Internet va ijtimoiy tarmoqlar rivojlangani sababli blogerlar degan bir qatlam paydo bo‘ldi. Aynan ularning jonkuyarligi tufayli e’tibordan chetga qolib kelayotgan muammolar hal bo‘layapti. Shu bilan birga, fidoyi blogerlarning xalq orasidagi obro‘-e’tiboridan foydalanib, o‘zining g‘arazli niyatlarini amalga oshirmoqchi bo‘layotgan kuchlar borligini ham istisno qilmasligimiz kerak.

Alisher Navoiy hayotiga bag‘ishlangan “Makorim ul-axloq” asarida yozilishicha, u kishi shariat masalalarida zamonasining eng ko‘zga ko‘ringan ulamolardan biri – Mavlono Fasihiddin Nizomiy bilan hamisha maslahatlashib ish tutgan. Butun ijodi oyat va hadislar hikmatidan oziqlangan, “Siroj ul-muslimin”, “Arba’in”dek bebaho asarlar yozgan, shariat ahkomlarini bekami-ko‘st bajargani uchun “Nizomiddin”, ya’ni dinni tartibga soluvchi, degan kunya bilan sharaflangan Navoiy bobomizdan shariat bobidagi ehtiyotkorlikni ham o‘rganish va o‘rgatish vaqti kelmadimikan?

Buni aytganim bejiz emas. So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda diniy masalalarni muhokama qilish qandaydir “urf”ga aylandi. Ayniqsa, xalqimizning e’tiqodi orqali obro‘ orttirmoqchi bo‘lgan ayrim blogerlar qaysidir noaniq manbaga asoslanib fatvo berishi kishini ajablantiradi. Malakali shifokorga ko‘rinish o‘rniga tibbiyot haqidagi ma’lumotnoma orqali kasalni davolash qanchalik xavfli bo‘lsa, diniy masalalarni ishonchsiz manbalar, diniy bilimi yetarli bo‘lmagan kimsalardan o‘rganish ham hayotimiz, ham oxiratimiz uchun shunchalik xatarlidir.

Shayx Sa’diy Sheroziy ta’kidlaganidek, “uch nimarsa uch nimarsasiz boqiy qolmas va tezda zavol topar: mol – tijoratsiz, mamlakat – siyosatsiz, ilm – bahssiz”.Ilmiy bahsga kirishganda haqiqat qaror topadi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan noto‘g‘ri qarashlarga qarshi ulamolarimiz aniq va xolis raddiyalar berib, yoshlarimizni turli buzg‘unchi g‘oyalardan avaylashga o‘z hissalarini qo‘shsa jamiyatimizda barqarorlik mustahkamlanadi.

Bugungi kunda bilimsizlik va loqaydlik eng katta xatar bo‘lib turibdi. Chalasavodlik mutaassiblikni keltirib chiqarsa, loqaydlik bu illatning urchib ketishiga zamin hozirlaydi. Bu illatlarga faqat ma’rifat va fidoiylik bilan kurashish kerak. Chunki ikki dunyo saodatining kaliti ham ma’rifatdadir.

Muslihiddin MUHIDDINOV,
Samarqand davlat universiteti professori, 
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi. 

1 252
O‘zA