O‘zA O`zbek

23.09.2019 Chop etish versiyasi

Bilimga maktab javobgar, tarbiyaga-chi yoxud “o‘qituvchi”larning kasbiga qilayotgan xiyonati

Bilimga maktab javobgar, tarbiyaga-chi yoxud “o‘qituvchi”larning kasbiga qilayotgan xiyonati


Bugungi kunda o‘qituvchilar va ularning muammolari ancha bahstalab mavzuga aylanib qoldi. Ta’lim tizimi, jumladan o‘qituvchilar faoliyati bilan bog‘liq fikrlar, tanqidlar, takliflar tinmayapti. Ammo muammolarga yechim topish, takliflarni o‘rganish va ularni saralab hayotga tatbiq etishga soha mutasaddilari yetarlicha e’tibor qaratyaptimi – hamma gap mana shunda.

Jamiyatdagi eng sharafli kasb egalari – muallimlarning fikrlarini tinglar ekanman, hozirgi kunda ustozlarga bo‘layotgan munosabat, ayrim “o‘qituvchi”larning kasbiga qilayotgan xiyonati kishini o‘ylantirib qo‘yadi.

BIR TAMANING MING BIR KASRI

Hujjatlarimni unutib qoldirganim uchun uyga qaytishimga to‘g‘ri keldi. Uydan chiqishim bilan eshikning qarshisida turgan qizimga ko‘zim tushdi. Shu paytda maktabda, darsda bo‘lishi kerakligi sabab: “Tinchlikmi?” deb so‘radim. U esa biroz kalovlanib: “Agar maktabga bormayman, o‘qituvchimga hech nima demayman, deya va’da bersangiz aytaman”, dedi. Va’damni olgach, qizimning aytishicha, biologiya fani o‘qituvchisi chorak yakunida bahosi kam bo‘lgan yoki bahosini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan bolalarni savol-javob qilishini aytibdi. Buni qarangki, savollarga javob berishga harakat qilayotgan o‘quvchilarni ataydan chalg‘itib, “Yaxshi javob bera olmading, sen hozir do‘konga chiqib men aytgan narsani olib kelsang, yaxshi baho qo‘yib beraman”, debdi. Qizimning kundalik xarajatlari uchun beriladigan pullaridan tejab jamg‘aradigan odati bor edi. To‘plab qo‘ygan pullaridan olaman, degan o‘yda uyga shoshibdi...

Farzandimga bergan va’damni buzgim, ishonchiga putur yetkazgim kelmadi. Shu sabab maktabga bormadim. Ammo o‘qituvchiga munosib javob qaytarishni qizimning o‘ziga qo‘yib berdim. “Maktabga borib, o‘qituvchingga ayt, bilimingni nechaga loyiq deb topsa, shu bahoni qo‘ysin. Agar senga yomon baho qo‘ysa ham xafa bo‘lmayman”, dedim.

Qizimni maktabga yubordimu o‘qituvchining bu xatti-harakati yuragimni qattiq larzaga soldi. Hali bular bor-yo‘g‘i 8-sinf-ku?! Uch-to‘rt so‘m pul mayli, ammo bu bolalarni pora berishga, yolg‘onga, ilmsizlikka da’vat etish emasmi? Bir o‘qituvchining bu xatti-harakati ertaga ming bir tamagirlik urug‘ini undirmaydimi? Keyin bildimki, qizimning sinfdoshlarining ko‘pchiligi o‘qituvchisi aytgan narsalarni olib kelib osongina, hech bir savolga javob bermay bahosini olibdi...

Ishdan qaytayotsam, qo‘shnim o‘g‘lini yetaklaganicha shoshib qaergadir ketyapti. Aytishicha, o‘g‘li “O‘qituvchimga sovg‘a olishimiz kerak”, deb ishdan charchab kelgan onasining holi-joniga qo‘ymay ko‘chaga olib chiqibdi: “Ertaga sinf rahbarining tug‘ilgan kuni ekan. O‘qituvchisi bugun dars davomida “Ertaga meni tug‘ilgan kunim” deb qayta-qayta takrorlabdi. Hamma sinfdoshlarim sovg‘a olib borsa, o‘qituvchim ularga yaxshi gapiradi, men ajralib qolamanmi, dedi o‘g‘lim. Tavba, o‘n bir yil maktabda o‘qib, o‘qituvchilarimning tug‘ilgan kunlari qachonligini bilmagan ekanman”, deb hayron bo‘lib gapirgan qo‘shnim kech tushganiga qaramay do‘kon tomon shoshib ketdi.

Bir vaqtlar qiziga o‘qituvchi bo‘lsang bayramlarda sovg‘alarga “ko‘milib” ketasan deb, maslahat berayotgan onani ko‘rganimda rosa ajablangan edim. Demak maktablarda ushbu kasbga mehri borligi tufayli emas, bayramlaru tadbirlarda sovg‘a olaman, degan ilinjda adashib “o‘qituvchi” bo‘lib qolganlar ham bor ekan-da! Shularni o‘ylar ekanman kuni kecha hamkasbimning aytgan gaplari yodimga tushdi:

– Kichkina o‘g‘limning aytishicha, sinfdoshlari bilan tanaffus paytida yo‘lakda duch kelib qolgan barcha muallimlarga hurmat bilan salom berishar ekan. Baraka topsin, bunday odobni ularga sinf rahbari o‘rgatgan. Kecha o‘g‘lim mendan “Yo‘lakda bir o‘qituvchiga salom bersak, u esa har gal bizga “Senlarning saloming shokolad yoki kofe bo‘lib qolarmidi?!” deya takrorlaydi. Bu nima degani, oyi?! – deb so‘rab qolsa deng. O‘g‘limga noiloj, “Salomingiz kofedek xushbo‘y, shokoladdek mazali, degani-da bolam”, deya oldim xolos...

Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, bu ayrim maktablarda ta’lim berayotgan ayrim o‘qituvchilarnigina ahvoli xolos. Ammo yuqorida ta’kidlaganimizdek tama’girlik illatining zarracha bo‘lsa-da maktablarda, o‘qituvchi va o‘quvchi orasida ko‘rinishi chinakam taraqqiy etgan jamiyat qurishdek orzularimizni tumandek tarqatib yuborishi shubhasiz.

Aynan ana shunday o‘qituvchilar ustoz nomiga dog‘ tushirib, ularning kasriga fidoyi muallimlar nomi yomonotliq qilinmoqda. Nahotki maktab direktorlari qo‘l ostidagi o‘qituvchilarning qilayotgan ishlaridan bexabar bo‘lsa?! Shunday paytlarda ma’rifatparvar alloma Abdulla Avloniyning “Tarbiya beruvchining o‘zi, avvalo, tarbiyalangan bo‘lishi kerak”, degan so‘zlari naqadar haq ekanligiga yana bir karra amin bo‘ladi kishi.

O‘QITUVChIGA AVVALO TINChLIK KERAK

“O‘qituvchilarga vazifasidan tashqari buyuriladigan ishlar talaygina. Biz mahalla va ko‘chalar oralab, uyma-uy yurib aholining kommunal to‘lovlardan qarzdorliklarini aniqlash va ularga to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lashlari lozimligi haqida tushuntirish ishlarini olib boramiz. Bu ishlar bizning vazifamizga kirmaydi-ku, degan e’tirozlarimizga mutasaddilar ahamiyat ham berishmaydi. Bundan tashqari reja, dastur, hisobotlarning oxiri yo‘q, deydi tahririyatimizga qo‘ng‘iroq qilgan o‘qituvchilardan biri. Xo‘sh, bunday ahvolda o‘qituvchi qachon va qanday dars beradi?

Yana bir misol: saylov o‘tkaziladigan yillar saylov uchastkalari asosan maktablarda tashkil etiladi. Tabiiyki, saylov uchastkasining raisi, a’zolari odatda maktab o‘qituvchilaridan tayinlanadi. Bunda o‘z-o‘zidan tashkiliy ishlarning asosiy og‘irligi muallimlar zimmasiga tushadi. “Saylov paytida maktabimizdagi 20 nafar o‘qituvchidan 12 tasi tashkiliy ishlarga jalb qilinsa, qolgan 8 nafari bir soat davomida birato‘la 3-4 ta sinfga dars o‘tishiga to‘g‘ri keladi”, deydi o‘qituvchilardan biri. Endi o‘sha paytdagi bolalarga berilayotgan dars sifatini tasavvur qilavering. Ortiqcha tashkiliy ishlar bilan band qilinayotgan ayol o‘qituvchilarning uyiga kech qaytishi natijasida oilasida yuzaga kelayotgan urush-janjallarni-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Hatto turmush o‘rtog‘i: “Maktabda ishlamaysan, bo‘lmasa ajrashamiz”, deya shart qo‘yayotganlari ham bor.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Nahotki mutasaddilar muallimlarni dars berish jarayonidan chalg‘itmaslik yo‘llarini topa olishmasa? Nega biz barcha yukni o‘qituvchilar zimmasiga yuklashga o‘rganib qolganmiz. Xorijda yashayotgan yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashganimda, ular maktab o‘qituvchilari bolalarga ta’lim berishdan boshqa ishlarga umuman jalb qilinmaydi, deya ta’kidlashadi. Nega biz o‘qituvchilarga shunday imkoniyatni yaratib bera olmaymiz?!

To‘g‘ri, so‘nggi bir-ikki yilda muallimlarimiz ancha-muncha ishlardan ozod etildi. Biroq “o‘rgangan ko‘ngil”li hokimiyat vakillari hamon uchrayapti-da.

Har safar maktabda ota-onalar majlislarida qatnashganimda direktor “Nima muammongiz bo‘lsa menga, o‘rinbosarimga murojaat qiling. Axir yurtimizda hal qilinishi kerak bo‘lgan katta-katta muammolar yetarli. Maktab ichidagi kichik ko‘ngilsizliklarni birgalikda, ahillikda o‘zimiz hal qilaylik”, deya yalinadi. Taassufki, oxirgi paytlarda farzandi sinfdoshi bilan urishib qolsayam Prezident qabulxonasiga murojaat qilishni odat qilgan shikoyatchi ota-onalar ko‘paydi. Bugun bir shikoyat xati borsa, o‘sha maktab o‘qituvchilari qanchalik darsdan chalg‘ib murojaatni “yopish” bilan shug‘ullanishini nahotki ular bilishmasa?! Tekshir-tekshirlarning hammasi, to‘g‘risini aytganda, o‘qituvchilarni bezdirib qo‘ygan. Bularning barchasi ta’lim sifatini pasaytirmoqda xolos.

O‘qituvchilar haqida gap ketganda avvalo ularning oylik maoshini ko‘tarish lozimligi ta’kidlanadi. Shuni e’tiborga olish lozimki, muallimlarga, ayniqsa, fidoyi muallimlarga birinchi o‘rinda tinchlik kerak. Qog‘ozbozlik va tadbirbozlikdan holi, tinchgina dars o‘tish imkoniyatini yaratib berish lozim. Sir emaski ko‘pgina bilimli o‘qituvchilar maktabdagi ortiqcha zo‘riqishlardan charchab, ishdan bo‘shayapti, xususiy tayyorlov kurslariga o‘tib ketyapti. Hech bo‘lmasa uyida bolalarga qo‘shimcha pulli dars bermoqda. Balki maktablarda o‘tkir bilimli o‘qituvchilar kamayib borayotganining sababi shunga ham bog‘liqdir. Balki shuning uchun farzandlarimiz faqat maktabda olgan bilimi bilan oliy o‘quv yurtlariga kira olmayotgandir...

Biz tahririyat xodimlari bilan tez-tez maktab tadbirlarida ishtirok etamiz. O‘tgan yil Toshkent shahridagi bir maktabdagi holat meni hayron qoldirdi. Maktabning ta’miri o‘ziga yarasha, bir ahvolga kelib qolgan. Ammo maktabga kiraverishda ikki-uchta xona alohida ta’mirlab qo‘yilgan va chiroyli bezatilgan. Avvaliga ta’mir shu tomondan boshlangan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Keyin bilsam, bu yerga tuman hokimi ma’lum kunlari aholi o‘rtasidagi shikoyatlarni o‘rganib, ularni qabul qilish uchun o‘ziga obdan sharoit yaratib olgan ekan. O‘qituvchilar qulflangan xonani ochib ko‘rsatishdi. Hayratimni ko‘rgan o‘qituvchi, “Yarim yildan buyon bu xonaga hokim biror marta kirmadi, bu hashamdor xona hali biror kishining muammosini hal etganicha ham yo‘q. Quvonadigan tomonimiz, shu xona bahona bizga ham bir nechta yangi stullar berishdi”, deydi.

Bunday ko‘zbo‘yamachiliklar kimga kerak? Nazarimda hokimlarni maktablarga nafaqat dars o‘tishlari uchun, balki, o‘quvchilar bilan birga o‘tirib dars tinglashlari uchun ham har zamonda chaqirib turish kerak. Ularni 40-45 o‘quvchidan iborat sinfxonalarga olib kirib, “Qani shu ahvolda 45 daqiqa darsni tinglab, qo‘lingiz qo‘lingizga tegib, turtinib, doskaga yozilgan mavzuni bir ko‘chirib ko‘ring-chi”, deyish kerak. Har safar maktablarga borganimda o‘quvchi soni ko‘pligidan bir stulda ikki o‘quvchining tiqilishib, zo‘rg‘a o‘tirganini ko‘rib rahmim keladi. Aynan shu sabab qanchadan-qancha bolalar maktabga borishni istamasligini ham, bu sharoitda bolalar ikki karra charchashi ham kunday ravshan. Lekin nega bu holga nisbatan mutasaddi rahbarlar quloqlarini kar, ko‘zlarini ko‘r qilib olishganiga haligacha hayronman. Ta’lim sifatini yaxshilash birinchi vazifa ekan, bir sinfda o‘quvchi sonini 20-25 tadan oshirmaslik kerakligini anglash uchun olim bo‘lish shart emas.

BILIMGA MAKTAB JAVOBGAR, TARBIYaGA-ChI?

Maqola tayyorlash niyatida filologiya fanlari doktori, folklorshunos olim, rahmatli ustoz Omonulla Madaevning xonadonlariga borganimda suhbat yakunida bir voqeani aytib bergan edilar:

“Bir kuni nabiramni olib kelish uchun maktabga bordim. Hali dars tugamagan ekan. Birpas kutib turdim. Sinf eshigi ochiq ekan. Ne ko‘z bilan ko‘rayki o‘qituvchi polyuvgich (shvabra)ni stolga urib bolalarni tinchlantirishga urinyapti. Shuncha yillik pedagogik tajribamda bunday holga duch kelmagan edim. To‘g‘risi, judayam hayron qoldim. Men bunday hollarda bolalarni umuman ayblay olmayman. Sababi bolaning zehni o‘tkir. O‘qituvchining o‘tgan bir-ikki darsidanoq bilimi qay darajada ekanligini darrov fahmlaydi. O‘z bilimiga ishongan, har bir ma’lumotni asoslab aytayotgan, jiddiy o‘qituvchini har qanday o‘quvchi istasa-istamasa hurmat qilishga, tinglashga majbur bo‘ladi. O‘quvchilarni tinchlantira olmayaptimi, demak muammo o‘qituvchining o‘zida...”

Naqadar haq gap. Tan olib aytish kerakki, maktablarda bilimi o‘tkir o‘qituvchilardan ko‘ra, tili o‘tkir, darsni eplab o‘tolmasligini tan olmay, o‘zini oqlash uchun mingta bahonani qalashtirib tashlaydigan “muallim”lar ko‘paymoqda.

Ota-onalar majlisida qirq o‘quvchidan bor-yo‘g‘i 20 yoki 22 nafarining otasi yoki onasi qatnashadi. O‘qituvchi ayrim bolalarning fanlarni yaxshi o‘zlashtira olmayotgani, darslarga muntazam qatnashmayotgani haqida kuyib-pishib gapiradi-yu, unga javoban ayrim onalar e’tibor bermay, allakimining to‘yiga yoki “gap”ga borgani haqida gaplashib o‘tiradi. Onalarning ahvoli shunday bo‘lganidan keyin bolalaridan nimani kutish mumkin?! Agar ertaga kutilmaganda bolasi birov bilan yoqalashib boshi yorilsa, qizi haqida biror “gap” chiqsa birinchi navbatda o‘qituvchini ayblashi aniq: “Nega qaramadingiz?..” Vaholanki, bola asosiy tarbiyani oilasidan olishini ota-onalarimiz unutmasligi kerak. O‘z farzandiga tarbiya berolmayotgan ota-onalarning o‘qituvchilarni ayblashga, ulardan xafa bo‘lishga qanchalik haqqi bor?

Oxirgi paytlarda, “Farzandimni xatti-harakatidan xavotirdaman, umuman gap tushuntira olmayapman”, deydigan ota-onalar, “O‘quvchilarim bilan til topisha olmayapman, dars paytida tinch o‘tirishmaydi, asablarim charchadi”, deydigan o‘qituvchilar ko‘paydi. Shularni inobatga olgan holda mutasaddilar tomonidan “Oila psixologiyasi” va “Maktab psixologiya” nomli ota-onalarni farzandlari bilan, o‘qituvchilarni o‘quvchilar bilan dildan yaqinlashishiga ko‘mak beradigan tekin kurslar tashkil etilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi...

YeTTI O‘LChAMASDAN ChIQARILGAN QARORLAR

Tahririyatimizga Samarqand viloyatidan kelgan bir o‘qituvchi ba’zi fikrlarni aytib qoldi: “Avvallari mukofotga nomzodi qo‘yilgan o‘qituvchilarning dars o‘tayotgan sinflariga kirib, u ta’lim berayotgan o‘quvchilarning bilimi va axloqi sinovdan o‘tkazilgan. Har tomonlama namunali deb topilgan o‘qituvchigina davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Ammo hozir bu tartib butunlay o‘zgarib ketdi. O‘qituvchining birgina o‘quvchisi fan olimpiadasida g‘olib bo‘lishi ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Afsuski, fan olimpiadalari qay tarzda o‘tkazilayotgani ham bizga qorong‘i. Ayniqsa, tanlov shartlariga o‘qituvchilarning ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifasi orqali ko‘p “layk” to‘plashi lozimligi va o‘sha “layk”lar soniga qarab xulosa qilinishi esa juda kulgili holat emasmi? Men bir qishloq o‘qituvchisiman, 33 yildan buyon shu kasbim orqali halol non topib, oilamni boqaman. Haftasiga 3 kun chiroq bo‘lsa, 4 kun chiroqsiz yashaymiz. Qo‘limda oddiy telefon. Ijtimoiy tarmoqlarga kirishga vaqtim ham, sharoitim ham yo‘q. Imkon topdim degunimcha o‘quvchilarim bilan ko‘proq shug‘ullanaman.

Yana bir gap. Nafaqaga chiqqan o‘qituvchilarni maktabga qaytarish, ularning tajribalaridan foydalanish haqidagi fikr ham hamma joyda o‘zini oqlayotgani yo‘q. Yosh muallimlar va o‘quvchilarga o‘z tajribasidan kelib chiqib sidqidildan maslahat va ta’lim berayotgan ustozlar qatorida sog‘lig‘i, jismoniy holati dars o‘tish talablariga javob bera olmasa-da, ham nafaqa pulini, ham oylik maoshini to‘liq olish ilinjida, o‘zini zo‘rlab ko‘proq dars soatlari olib, maktabga vaqtini o‘tkazish uchun kelib ketayotgan ustozlar ham talaygina. Ularni ishdan bo‘shatishga esa hech kimning jur’ati yetmaydi. Albatta, maktablarda o‘qituvchilar soni yetishmasligi hammamizga ma’lum. Ammo gap farzandlarimiz kelajagi haqida ketayotgan ekan, bu masalani jiddiy o‘ylab ko‘rish zarur nazarimda.

So‘nggi vaqtlarda ta’lim tizimi bilan bog‘liq yangi-yangi qarorlar chiqyapti. Ammo ularning hammasi ham mavridi va zarurligi bilan o‘zini oqlayaptimi? Masalan, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustda “Davlat umumiy ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 666-sonli qarori ancha muhokama qilindi. Qaror tasdiqlangach, ko‘plab tadbirkorlar maktab formalarini ishlab chiqarishni ham boshlab yuborishdi. Oradan ko‘p o‘tmay, maktab formasini joriy qilish masalasi 2024-2025 yilga kechiktirildi. Bu yog‘i esa o‘zingizga ma’lum...

Har bir chiqarilayotgan qarorlar aholi o‘rtasida ziddiyatlarni keltirib chiqarishi emas, aksincha muammolarni bartaraf etishi lozim. Ota-bobolarimiz bir ishni qilishdan avval yetti o‘lchab bir kesgin, deb bekorga aytishmagan. Zamirida inson hayoti turadigan har bir qarorni chiqarishdan avval yetti marta emas, yetmish marta o‘ylab ko‘rilsa ham kam. Axir maslahatlashib, o‘ylab, kengashib, pishiq va puxta qarorlarni tavsiya etish shunchalik mushkulmi?!

Kuni kecha viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi ish faoliyati bilan tanishish maqsadida qo‘mita xodimlarining bir kunlik ish jarayonini kuzatdim. Aholi o‘rtasidagi turli nizolar, oilaviy kelishmovchiliklar, ajrimlar yetmaganidek, maktab direktorlari va o‘qituvchilar orasidagi o‘zaro jumboqli vaziyatlarni hal etayotganligining guvohi bo‘ldim. Masalan, ko‘rilayotgan mazkur holatni olaylik: sog‘lig‘ini tiklash vajidan ma’lum muddat ishdan bo‘shagan o‘qituvchi qayta ishga kirmoqchi. Ammo direktor “Siz oliy ma’lumotga ega emassiz” deb uni qayta ishga olishdan bosh tortyapti. Mavzu o‘ta bahstalab. Sababi Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yil 30 iyuldagi 14/1-4141-raqam bilan tasdiqlangan “Umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli kadrlar o‘rnini bosqichma-bosqich oliy ma’lumotli pedagog kadrlar bilan to‘ldirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar Dasturi”da o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilarni oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi, kechki va sirtqi yo‘nalishlarida o‘qishga yo‘naltirish, 2030 yildan (e’tibor bering!) boshlab umumta’lim maktablarida faqat oliy ma’lumotli pedagoglar faoliyat yuritishiga erishish ko‘zda tutilgan. Ushbu dastur haqida qisqacha ma’lumot bergan yagona internet saytlaridan biri — sadikov.uzʼga ko‘ra, o‘rta maxsus ma’lumotli pensiya yoshidagi o‘qituvchilar hamda nomutaxassislar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinadi. Hammasi tushunarli. Ammo... 23 yil davomida bir maktabda mehnat fanidan dars berib kelayotgan oliy ma’lumoti bo‘lmagan muallima bu vaziyatda nima qilishi kerak? Sirtqi ta’lim asosida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin, deyishingiz mumkin. Muhokamada qatnashayotgan mutaxassislar ham bu fikrni aytishdi. Lekin masalaning iqtisodiy tomoni-chi? Muallima farzandlari katta bo‘lib qolganligini, katta o‘g‘li oliy o‘quv yurtiga kontrakt asosida ta’lim olayotgani, o‘zi esa sirtqi bo‘limda o‘qish uchun to‘lanadigan kontrakt pulini to‘lay olmasligini aytsa-chi? Nega endi bir insonning moddiy imkoniyati yetmagani uchun uni sevimli kasbidan ajratishimiz kerak? Nahotki uning necha yillik fidoyiligiga javobimiz shu bo‘lsa? Biz diplomli yoki diplomsiz deb ajratish o‘rniga, bilimli yoki bilimsiz o‘qituvchilarni saralab, ularning bolalarga sidqidildan ta’lim berishi uchun to‘g‘ri yo‘naltirishimiz kerak emasmi?! To‘g‘ri, diplom kerak. Lekin maktablarda oliy ma’lumotli bo‘la turib, hattoki o‘zbek alifbosida nechta harf, nechta belgi borligini bilmaydigan o‘qituvchilar ham yo‘q emas.

Shunday ekan, bir parcha qog‘oz inson hayotidan ustun bo‘la oladimi?! Biz qachon inson qadrini qog‘oz bilan emas, aql bilan o‘lchashni, qadrlashni o‘rganamiz?! Haqiqiy zahmatkash ustozlarni ham oliy ma’lumotga yo‘naltirishning yengilroq va sodda yo‘li yo‘qmikan boshqa?! O‘z kasbining barcha sir-sinoatini biladigan muallimning faoliyatini davom ettirish uchun mutasaddilar oqilona o‘zga yo‘llarni topishga nahotki harakat qilishmaydi?20-25 yillab maktabda fidoyilik bilan ishlagan, shu sohaning kami-ko‘stiga qanoat qilgan haqiqiy bilimli o‘qituvchilarni xolisona imtihondan o‘tkazib, munosiblariga rag‘bat sifatida kontrakt pullarini to‘lash yoki qo‘liga oliy ma’lumotli ekanligi to‘g‘risidagi diplomni tutqazish shunchalik mushkulmi?!

Ha, bugun o‘qituvchilar hayotida, ta’lim tizimimizda muammolar shu qadar ko‘pki, yozaversak, bitta katta kitob bo‘lishi hech gap emas. Shu kitobning “kichkinagina bobi”ni shu yerda yakunlab tura qolay deganimda telefonim jiringlab qoldi. Go‘shakni ko‘tarsam, qizimning sinf rahbari. Xuddi biror nimaga ulgura olmayotgandek shoshib gapirardi:

– Ota-onalar haqidagi ayrim ma’lumotlar to‘liq emas ekan. Boshidan boshlab yana to‘ldirib chiqyapman. Shu desangiz kundan-kunga chiqayotgan “yangiliklar” biz o‘qituvchilarni shoshirib qo‘ymoqda. Endi elektron jurnal asosida ishlar ekanmiz. O‘quvchilarga baholar yozma jurnalda emas, balki kompyuter orqali qo‘yiladi va ota-onalar farzandlari olayotgan baholarni onlayn kuzatib borishar ekan. Muammo shundaki, bunday tizimga hali maktablar ham, o‘qituvchilar ham tayyor emas. Elektron jurnal uchun har bir o‘qituvchiga noutbuk yoki planshet, internet paketlari kerak bo‘ladi. Maktabimizda ko‘pchilik o‘qituvchilar o‘rta hol oiladan. Qo‘lida oddiy telefon tutib yurganlari ham talaygina. Ular qanday qilib noutbuk yoki planshet sotib oladi? Oylik internet uchun sarflanadigan pulni qaerdan oladi?!

Qiziq, endi o‘qituvchilar dars bo‘yi bolalarga emas, planshetga termilib o‘tirsa-ya! Bu “yangilik”ni Toshkent shahridagi maktablar qabul qila olmayapti-yu, endi viloyat, tuman, qishloq maktablarini gapirmasak ham bo‘laveradi...

O‘qituvchilardan talab qilinayotgan ishlar juda ko‘p. Ammo ularning qay biri farzandlarimiz kelajagi uchun zarurroq ekanini mutasaddilar jiddiy o‘ylab ko‘rishsa ayni muddao bo‘lar edi.

...Maktabda o‘qib yurgan chog‘larimni yodga olsam, avvalo ko‘z o‘ngimda sinf rahbarim – ona tili va adabiyot fani o‘qituvchimiz keladi. Biz o‘quvchilarning ketma-ket beradigan savollarimizga aniq va lo‘nda qilib javob beradigan, dars boshlashdan oldin bahru bayt musobaqasi o‘tkazib, butun sinfni jonlantirib yuboradigan bu muallimning saboqlarini intizorlik bilan kutardik. Shu fan uchun maxsus tayyorlanardik. Ayniqsa, maktab tadbirlariga bizni shunchalik yuqori saviyada tayyorlar ediki, o‘qituvchimizning bilim salohiyatiga qoyil qolardik va hayratlanardik. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ustozimning o‘zi ham, qo‘yayotgan har bir bahosi ham o‘quvchilar uchun qadrli edi.

Har gal Qarshiga borganimda, albatta, ustozimni ham yo‘qlayman. Ziyo taralayotgan yuzlariga qarab, maslahatlarini eshitib to‘ymayman. Bir safar bolamning tobi qochganligi sababli o‘qituvchimni ko‘rgani bora olmadim. Toshkent tomon yo‘l olar ekanman, ichimda faqat, “Yana qayta ko‘rishish nasib etgunicha ustozimning jonini omon saqla, Xudoyim”, deb pichirlardim. Har safar meni bag‘riga bosganida o‘qituvchim ham shu so‘zlarni takrorlashdan charchamasdi. Keyin o‘ylab qolaman. Bu qanday tuyg‘uki, garchi oilam a’zosi bo‘lmasa-da o‘qituvchimni yo‘qotishdan shunchalik qo‘rqaman?! Keyin ishonch bilan savolimga javob topaman. Bu hech qanday tamasiz yillab mashaqqat va zahmat, cheksiz fidoyiligu xokisorlik bilan erishilgan mehr-muhabbat. Bu yurakning tub-tubigacha joylashgan, yillar o‘tsa-da o‘z kuchini yo‘qotmaydigan, tushuntirib bo‘lmas tuyg‘u... Men o‘qituvchi, muallim, murabbiy, ustoz deganimda ko‘z o‘ngimda shunday tuyg‘ular namoyon bo‘laveradi.

Shunday aziz xotiralarni yodga olar ekanman,hozir meni faqatgina bir o‘y qiynaydi. Bugungi kun yoshlari yillar o‘tib maktab, muallim deganda xayollarida qanday xotiralar bilan yashashar ekan-a?!

Nilufar JABBOROVA

Manba: “Oila davrasida”


7 475
O'zA