Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.02.2017 19:22 Chop etish versiyasi

Chegarachilar test sinovlarini topshirdi

Chegarachilar test sinovlarini topshirdi O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlarining Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar harbiy qism qo‘mondonligining oliy o‘quv yurtlariga imtiyozli asosda o‘qishga kirish imkonini beradigan tavsiyanomasi uchun davlat test sinovlarini topshirdi.

Namunali xulqi, jangovar tayyorgarligi va yuksak intellektual salohiyati bilan safdoshlariga ibrat bo‘layotgan mard, jasur o‘g‘lonlarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor ularda Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat va milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlayotir.

Birinchi Prezidentimizning 2012-yil 31-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

– Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25-yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga bayram tabrigida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, rezervga bo‘shatilgan yoshlarning ishga joylashishi va oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirishi bilan bog‘liq imtiyozlar tizimi belgilangani alohida qayd etilganida chuqur ma’no bor, – deydi ofitser Z.Islomov. – Test sinovlari yakunida harbiy qismlar qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan askarlar barcha mutaxassislik va yo‘nalishlar bo‘yicha mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 27 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga ega bo‘ladi. Buning uchun ular test sinovlari natijalarida eng ko‘p ball to‘plashi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining test sinovlari Vatanimizning janubiy sarhadlaridagi harbiy qismlarda ham ochiq va adolat tamoyillari asosida tashkil etildi. Unda muddatli harbiy xizmat burchini o‘tab bo‘lgach, oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish istagida bo‘lgan askarlar jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, harbiy intizom va mantiqiy savollar bo‘yicha o‘z bilimini sinovdan o‘tkazdi.

– Muddatli harbiy xizmat davrida jismonan va ma’nan yanada toblanib, mustaqil hayot yo‘limni belgilab oldim, – deydi oddiy askar Mavlonbek Hakimjonov. – Huquqiy-ijtimoiy va boshqa fanlar bo‘yicha bilimimni mustahkamladim. Test savollariga xizmat davrida olgan bilim va ko‘nikmalarim asosida aniq javob topishga harakat qildim.

Oddiy askar Shohboz Mirzayev xizmat burchini o‘tash davrida kelajakda professional chegarachi bo‘lishni ko‘ngliga tugdi, oliy harbiy bilim dargohlaridan biriga hujjat topshirishga ahd qildi.

– Ona kabi muqaddas, har qarichi aziz Vatanni himoya qilish yigit uchun tom ma’nodagi shon-sharaf ishi ekanini yanada teran angladim, – deydi Shohboz. – Konstitutsiyaviy burchimni ado etish davrida harbiylik kasbini tanlaganimdan hamisha faxrlanaman. Bugungi test bilimlarimni jiddiy sinovdan o‘tkazdi.

Test sinovlari natijalari tegishli tekshiruvdan o‘tkazilgach, harbiy qism qo‘mondonligiga yuboriladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining ana shu ma’lumotlari asosida eng yuqori ball to‘plagan askarlar harbiy xizmatchilarni rezervga bo‘shatish jarayonida tavsiyanomalarga ega bo‘lib, o‘zlari tanlagan kasb bo‘yicha oliy o‘quv yurtiga hujjat topshiradi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA
3 324






Все о погоде - Pogoda.uz