Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

28.08.2018 17:53 Chop etish versiyasi

Beshariqda zamonaviy klinika

Beshariqda zamonaviy klinika Fargʻona viloyatining Beshariq tumanida zamonaviy xususiy klinika foydalanishga topshirildi.

Mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimida xususiy sektorning rolini oshirish, xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini rivojlantirish va aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar bermoqda. Prezidentimizning 2017 yil 1 apreldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilayotir.

Eʻtibor va ragʻbat samarasi sifatida esa yurtimizning eng olis va chekka hududlarida ham tadbirkorlarimiz tomonidan jahon andozalari darajasidagi xususiy tibbiyot markazlari barpo etilmoqda. Mazkur salomatlik maskani ana shulardan biri. Davlat-xususiy sheriklik asosida foydalanilmay boʻsh turgan eski bino oʻrnida bunyod etilgan markazda kardiolog, akusher-ginekolog, jarroh, terapevt singari ixtisoslashgan barcha toifadagi shifokorlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Bu yerda tashrif buyuruvchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Klinika hududida landshaft arxitekturasi boʻyicha yashil yoʻlaklar, jonli tabiat burchaklari, inson ruhiyatiga orom baxsh etuvchi tabiat manzaralari barpo etilgan. Xorijdan keltirilgan eng soʻnggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar, turli tekshiruvlar oʻtkazish va laboratoriya jihozlari tez hamda aniq tashxis qoʻyish imkoniyatini yaratgan boʻlsa, 20 oʻrinli kunduzgi statsionar va yotib davolanish uchun moʻljallangan joylar bemorlarga malakali xizmat koʻrsatilishini taʻminlaydi.

– Toshkentdagi tibbiy-ilmiy markazlar, viloyatning eng malakali shifokorlari bilan oʻzaro shartnoma asosida hamkorlikni yoʻlga qoʻyganmiz, – deydi klinika rahbari Feruza Kattaxoʻjayeva. – Hozirgi kunda shifokor nazoratida yotib davolanish hamda qoʻshimcha tibbiy xizmat turlarini kengaytirish maqsadida yangi bino qurilishi ishlari jadal davom ettirilmoqda. Bu qamrovni kengaytirish va qoʻshimcha yangi ish oʻrinlari yaratish imkonini beradi.

Maʻsudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat) OʻzA
1 530