O‘zA O`zbek

16.08.2018 17:31 Chop etish versiyasi

Besh yoshli bolaning hayoti saqlab qolindi

Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida birinchi bor yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va mazkur muassasalarning viloyatdagi filiallari, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi shifokorlari hamkorligida o‘tkazilgan to‘rtta jarrohlik amaliyoti yurtimiz tibbiyotining moddiy-texnik imkoniyatlari kengayib, malakali mutaxassislar tajribasi ortib borayotganini ko‘rsatdi. Jumladan, kardiolog, tibbiyot fanlari nomzodi N.Bahriddinov boshchiligidagi jarrohlar guruhi tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelgan A.Mahmudjonovda ochiq arterial tomirni bog‘lash jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazib, besh yoshli bolaning hayotini saqlab qoldi.

– Imkoniyat yo‘qligidan o‘g‘limni davolatishga qiynalib yurgan edim, – deydi Abdullaning onasi D.Ahmadjonova. – Bugun esa mana, davlatimizning o‘zi menga shunday marhamat ko‘rsatib turibdi. Yurtimizdagi barcha onalar nomidan Prezidentimizga minnatdorlik bildiraman. Bolajonimni bezovta qilayotgan og‘ir darddan xalos qilgan shifokorlardan bir umr minnatdorman.

Jarrohlik amaliyoti jarayoni mahalliy shifokorlarga, tumanlardan kelgan kardiolog va jarrohlarga mahorat darsi sifatida onlayn tarzda ko‘rsatib borildi.

Navro‘zobod mahallasida yashovchi J.Qodirovaga surunkali tosh xoletsistit kasalligi azob berar edi. Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi jarrohlik bo‘limi mudiri G‘.Mamadaliyev hamkasblari bilan bemorda eng zamonaviy laparoskopik apparat yordamida tig‘siz laproskopik xoletsistit-ektomiya amaliyotini muvaffaqiyatli bajarishga erishdi.

Bundan tashqari, endoskopik amaliyot vositasida bemor og‘iz bo‘shlig‘i orqali umumiy o‘t yo‘liga kirilib, tosh sanoqli daqiqalarda olib tashlanishi respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan viloyati filiali shifokorlarining bilim va mahorati davr bilan hamqadam ortib borayotganidan dalolat berdi.

Akramjon Sattorov, O‘zA
2 984