O‘zA O`zbek

07.08.2018 17:34 Chop etish versiyasi

Besh yillik nizo

Besh yillik nizo Meros bilan bog‘liq nizolar asosan yaqin qarindosh, ya’ni ota-ona va farzandlar, aka-uka, opa-singillar o‘rtasida yuzaga keladi. Bunga ularning amaldagi qonun normalarini bilmasligi va biri boshqasining huquqini tan olmasligi sabab bo‘lmoqda.

Meros mulkini taqsimlashda vorislar o‘zaro kelishishi eng maqbul yechim hisoblanadi. Chunki nizolashish vorislar o‘rtasidagi qarindoshlik rishtasiga putur yetkazadi.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida besh yildan ortiq davom etgan nizoga barham berilib, qarindoshlik munosabatlariga putur yetishining oldi olindi.

Masala shundaki, otaning birinchi turmush o‘rtog‘i vafot etganida 3 nafar voyaga yetmagan farzandi bo‘lgan. Ikkinchi marta turmush qurishi natijasida yana bir farzand dunyoga kelgan. Ular birgalikda 4 farzandni tarbiya qilgan.

2010 yilda ota vafot etgach, undan qolgan meros – uy-joy, avtomashina va boshqa mulklarni o‘zaro bo‘lish borasida farzandlar va ona o‘rtasida bir-birining huquqini tan olmaslik natijasida nizo kelib chiqqan. Ushbu nizo 2013 yildan buyon bir necha marotaba sudlarda ko‘rilgan.

– Taraflarning sud qarorlaridan norozi bo‘lib bergan arizasiga asosan ish Oliy sudning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida nazorat tartibida ko‘rib chiqildi, – deydi Oliy sud raisining o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov. – Ish jarayonida har ikkala tarafga meros mulkiga bo‘lgan huquqlari, merosdagi ulushlari miqdori tushuntirildi. Ularga Oliy sud tomonidan chop etilgan vorislik huquqiga oid kitoblar taqdim etildi. Taraflarga nizoni kelishuv yo‘li bilan hal etish taklif etildi. Ona va bolalar meros mulkini bo‘lib olish yuzasidan Oliy sud tomonidan bildirilgan taklifga rozi ekanliklarini bildirib, nizoni kelishuv asosida hal etishga qaror qilishdi. Shunga ko‘ra, taraflar o‘rtasida meros mulkini bo‘lish bo‘yicha tuzilgan o‘zaro kelishuv bitimi sud tomonidan tasdiqlandi. Shu tariqa, besh yil davom etgan nizo barham topdi.

Eng asosiysi, ishni taraflarni kelishtirish orqali hal etish natijasida qarindoshlik munosabatlariga putur yetishining oldi olindi. Kelgusida o‘zaro yaxshi munosabatda, tinch-totuv yashashiga zamin yaratildi.

Jamiyatimiz ham insonlar o‘rtasida sog‘lom munosabatlar qaror topishi, ularning bir-biriga munosabati yaxshi bo‘lishidan manfaatdor. Zero, sog‘lom munosabat, sog‘lom oilalar jamiyat negizini tashkil etadi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
3 315