O‘zA O`zbek

22.05.2020 Chop etish versiyasi

BESh TASHABBUS: buxorolik yoshlar xalqaro musobaqa gʻolibi

BESh TASHABBUS: buxorolik yoshlar xalqaro musobaqa gʻolibi

Buxoro viloyati Vobkent tuman 8-son bolalar musiqa sanʼat maktabi oʻquvchilari Fransiyaning Parij shahrida oʻtkazilgan “Le Grand bal de Paris” nomli onlayn xalqaro musobaqa gʻolibi boʻldi.

Fortepiano yoʻnalishi boʻyicha oʻtkazilgan musobaqada Abdullina Zalina, Mert Axmetov, Dildora Aliyeva, Shahzoda Ortiqova birinchi, Arina Bahranova va Amaliya Sharifboyeva ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Davlatimiz rahbari ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusning birinchisi –yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va boshqa sanʼat turlariga qiziqishini oshirishga, isteʼdodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi. Buxoro viloyatida ham bu muhim tashabbuslar doirasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa yoshlarda musiqa va sanʼatga qiziqish yuqori.

Vobkent tumanidagi 8-son bolalar musiqa sanʼat maktabi oʻquvchilari yuksak marralarni koʻzlagan. Maktab oʻquvchilari 2015-yildan buyon nufuzli xalqaro musobaqalarda munosib oʻrinlarni egallab keladi. Jumladan, 2019-yil Rossiyaning Sochi shahrida oʻtkazilgan “Velikaya Rossiya” xalqaro tanlovida uchinchi oʻrini qoʻlga kiritgan edi.

– Oʻquvchilarimizda sanʼatga qiziqish yuqori, – dedi Vobkent tuman 8-son bolalar musiqa sanʼat maktabi oʻqituvchisi, Xalq taʼlimi aʼlochisi Zebo Odilova. – Ayni vaqtda karantin boʻlsada ular vaqtini besamar oʻtkazmayapti. Oʻz ustida tinimsiz ishlayapti. Biz ularning faoliyatini onlayn kuzatib boryapmiz. Yangi va murakkab topshiriqlar beryapmiz va bular oʻz samarasini bermoqda. Parijda oʻtkazilgan onlayn musobaqada gʻoliblikni qoʻlga kiritgani esa bizni yana-da gʻururlantirdi.

1 149
OʻzA