O‘zA O`zbek

31.08.2018 19:08 Chop etish versiyasi

Bepul “Wi-Fi” hududli elektron kutubxona tashkil etildi

Bepul “Wi-Fi” hududli elektron kutubxona tashkil etildi
Eng ulugʻ, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi arafasida Andijon shahrida bepul “Wi-Fi” hududlielektron kutubxona tashkil etildi.

Andijon viloyati hokimligi tashabbusi bilan keyingi ikki oyda viloyat markazidagi koʻchalar, xiyobonlar, bozorlar hududi, yirik tashkilotlar oldida ana shunday oynavand kitob javonlari tashkil etilib, ularning yoniga mutolaa uchun qulay boʻlgan oʻrindiqlar oʻrnatildi.

Kitob javonlari korxona-tashkilot va muassasalar, ziyolilar, umuman, kitobxonlikka qiziqadiganlar, odamlarning oʻqimishli boʻlishini istagan kishilar tomonidan ixtiyoriy ravishda turli mavzulardagi badiiy va ommabop kitoblar bilan toʻldirib borilmoqda.

– Koʻchalarda kitob javonlari tashkil etilgani gʻoyat xayrli ish boʻldi, – deydi mehnat faxriysi Mahbubaxon Muzaffarova. – Bu aholi, ayniqsa, yoshlarning kitob oʻqishga qiziqishini oshirish, ularda mutolaa madaniyatini yuksaltirishga yordam beradi.

Kitob javonlariga qoʻyilayotgan kitoblar soni kun sayin ortibbormoqda. Yurtimizda kitob oʻqishga boʻlgan munosabat yaxshi tomonga oʻzgargani, fuqarolarda kitobxonlik, mutolaa madaniyati yuksalayotgani kishini mamnun etadi.

Mamlakatimizda bayram shukuhi kezib yurgan shu kunlarda kitob javonlari takomillashtirilib, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi viloyat musiqali drama va komediya teatri oldidagi keng maydonda navbatdagi elektron kutubxona tashkil etilgani koʻpchilikka manzur boʻldi.

Kelgusida Andijon shahrining yana 12 hududida ana shunday “Wi-Fi” hududli elektron kutubxonalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Faxriddin Ubaydullayev, OʻzA
1 377