O‘zA O`zbek

19.09.2019 Chop etish versiyasi

“Bepul metro kuni”da Toshkent metrosi boʻylab sayohat

“Bepul metro kuni”da Toshkent metrosi boʻylab sayohat

Bu yildan Oʻzbekiston “Yevropa harakatlanish haftaligi” global kampaniyasi ishtirokchisiga aylandi. Shu munosabat bilan Toshkentda 19-sentyabr kuni “Bepul metro kuni” tadbiri oʻtkazildi.

Shu kuni metroda yurish bepul boʻldi. Har bir bekat va metro yer osti yoʻllarida musiqachilar va aktyorlarning chiqishlari Toshkent aholisi va mehmonlariga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.
– Bugun “Bepul metro kuni”da odamlar oqimi har kungidan koʻpaygan, – dedi Toshkent shahar xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi jamoat tartibini saqlash guruhi inspektori, katta leytenant Baxtigul Nurullayeva. – “Oybek” bekatidan “Mingoʻrik” bekatiga oʻtish joyida yoʻlovchilar teatrlashtirilgan musiqiy chiqishlarni tomosha qildi. “Amir Temur” bekatidan “Yunus Rajabiy” bekatiga oʻtish yoʻlida rasmlar galereyasi koʻrgazmasi tashkil etildi. “Paxtakor” va “Alisher Navoiy” bekatlariga oʻtish vestibyulida esa yoʻlovchilarni Toshkent metropoliteni tarixiga bagʻishlangan tarixiy fotokoʻrgazma kutib oldi. Bundan tashqari noodatiy fleshmoblar tashkil etilib, barcha liniyalardagi metro vagonlarida raqs jamoalari vagondan-vagonga oʻtib yurishdi.

Toshkent metrosining umumiy uzunligi 37 kilometrdan koʻproq, 29 stansiyali yer osti tizimi goʻzalligi noyob va unikaldir. Metrodan kuniga oʻrtacha 200 ming kishi foydalanmoqda. Boshqa poytaxt shaharlarga nisbatan taqqoslaganda esa Toshkent metrosida yoʻlovchi oqimi juda past hisoblanadi. Mazkur “Bepul metro kuni” loyihasi esa aholi oʻrtasida yerosti transportidan foydalanishni yanada ommalashtirishga xizmat qiladi. Ana shu maqsadda tashkil etilgan mazkur loyiha aholiga ham manzur boʻldi. Koʻpchilik oilalar farzandlari bilan metroda sayohat qildi. Koʻngilochar dasturlardan bahramand boʻldi. Poytaxt aholisi orasida shu kuni oʻz mashinalarini uyida qoldirib, ishxonasiga metroda borgan, metro xizmatining tejamkorligi va tezligini yuqori baholaganlar ham boʻldi.

– Bugungi aksiya ishtirokchisiga aylanganimdan xursand boʻldim, – deydi Jamoliddin Xonnazarov. – Ertalabdan metroga tushishing bilan koʻtarinki kayfiyat, metro xizmatchilarining xushmuomalasi kun boʻyi ijobiy taʼsir koʻrsatarkan. Bexarajat oʻz manzilingga yetib olish biroz noodatiy holat boʻlgani uchunmi, uning ham oʻzgacha gashti boʻlarkan.

Barchaga birdek manzur boʻlgan mazkur oʻziga xos, noanʼanaviy aksiya Toshkent aholisi hamda mehmonlari uchun “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va “Toshkent metropoliteni” UK tomonidan tashkil etildi.

3 637
Mohigul QOSIMOVA, OʻzA