O‘zA O`zbek

11.09.2018 12:30 Chop etish versiyasi

Beparvolik sabab ildiz otayotgan illat

Beparvolik sabab ildiz otayotgan illat

Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati

Sabr qilsang gʻoʻradin halvo bitur, deydi xalqimiz. Aslida ham qanoatda gap koʻp. Inson sabr-toqatli boʻlib, shukrona bilan yashasa roʻzgʻorida baraka boʻladi.

...T.Ahmedov yolgʻiz oʻgʻil edi. Gulday hunari – ustachilik bilan shugʻullanib, qoʻshni mahallalarda ham eʼtibor qozongan edi. Uylanib, farzandli boʻlgach, topgani yetmayotgandek tuyuldi. Ayolining orzu-havasi ham kundan-kun ortib boraverdi. Boriga qanoat qilmay, birdaniga hamma orzusiga erishishni istab qolgan er-xotin xorijda ishlab, koʻproq pul topishni reja qildi. Uzoqni oʻylamay, kengashsiz qilingan reja ularni odamfurushlik ortidan non yeydiganlar toʻriga yetakladi. Yosh er-xotin osongina oʻljaga aylandi.

Olti oylik farzandini buvisining qoʻliga tashlab ketgan ota-ona farzandining na ilk qadamini, na oʻyinqaroqligini koʻrdi, “oyi”, “dada” degan soʻzini eshitmadi. Nafsiga qul boʻlgan ota-ona besh yillik sarsongarchilikdan soʻnggina farzandining diydoriga yetdi. Topib kelgani ham “ot bilan tuya emas” edi. Olis yurt, qiyinchiliklar, sinovlar er-xotinni bir-biridan sovutgan, vaziyat koʻngil qolarlikka, ajrimgacha borib ulgurgan edi...

– Tuppa-tuzuk ishim bor edi, meni nima jin urdi, bilmadim, – deydi T.Ahmedov. – Xorijda hamma ham aravasini tortib keta olmas ekan. Chetga ishlash uchun ketganlarning qiynalganini eshitganimda, bu menga tegishli boʻlmaydi, deb oʻylardim. Xorijga borib ishlash, pul topish oson emas ekan. Umrimning besh yilini havoga sovurganim qoldi, oilam ham parokanda boʻldi. Ota-onamning saʼy-harakati bilan bugun oʻz yurtimda, farzandim oldidaman.

Sababsiz oqibat boʻlmaydi. Havoyi orzu-havas, nafs balosi achchiq oqibatlarga olib keldi – bir oilaning buzilishiga sabab boʻldi.

Dunyoda har yili 4,5 milliondan ziyod kishi odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ularning 1,2 milliondan ziyodi bolalardir. Bu raqamlar odam savdosiga qarshi kurashish qanchalik dolzarb ekanini anglatadi. Shu illat sabab jabrdiydaning oʻzigina emas, balki oila aʼzolari, yaqinlari ham zarar koʻrmoqda.

Ishlab pul topishning nimasi yomon, qiyinchilik ham boʻladi-da, deguvchilar topiladi oramizda. Ammo sodda insonlarni tuzogʻiga ilintirib, manfur maqsadi yoʻlida foydalanmoqchi boʻlgan kimsalar bugun atrofimizda payt poylamoqda. Ularning domiga tushib qolmaslikning yagona yoʻli esa, avvalo, qanoatli boʻlish, farzandlar tarbiyasiga jiddiy eʼtibor qaratish, maʼnaviy boʻshliqqa yoʻl qoʻymaslikdir.

Tohir Majidov bedarak ketgan akasi haqida hikoya qiladi: 

– Duradgorlik qilib, roʻzgʻorini tebratib yurgan akamning birdan “Qozogʻistonga ketaman”ga tushib qolganidan roʻzgʻorida biror gap boʻldimikin deb oʻyladim. Alohida hovli-joyi bor, roʻzgʻori but boʻlsa, nega bu kabi tezkor qaror qabul qilganidan ajablandim. Kelinoyim va ukalarimdan soʻradim, yelka qisishdi. Bunday qilmang, keksa ota-onamizni tashvishga qoʻymang, dedim. Foydasi boʻlmadi. “Mashina olaman, uyni boshqatdan quraman”, deb havoyi orzularga berildi. Oʻz bilganidan qolmadi. Bir hafta oʻtib, joʻnab ketdi. Akam Qozogʻistonga borgan zahoti “men keldim”, deb uydagilarni ogohlantirgan. Biroq safarga ketganining keyingi oyidan umuman telefon qilmay qoʻydi. Uydagilarning ham tinchi yoʻqoldi. Na puli bor, na daragi. Bir yil deganda yana bir qoʻngʻiroq qildi. Shundan soʻng yetti yil daragi boʻlmadi. Qidirdik, tanish-bilishlardan soʻradik, ammo... 12 yilki, akamdan darak yoʻq. Bolalari ham katta boʻlib qoldi. Ularga nima deyishni bilmaymiz. Ota-onam ham shu dard bilan hayotdan oʻtib ketdi.

Bugungi kunda aholi migratsiyasi, shu jumladan, mamlakat tashqarisida noqonuniy mehnat faoliyati bilan shugʻullanish koʻplab salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.

Afsuski, ayrim fuqarolarimiz odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Bularning barchasi davlat tomonidan ushbu illatga qarshi qatʼiy choralar koʻrishni, odam savdosidan jabr koʻrgan hamyurtlarimizni muhofaza etish zaruratini oshirmoqda. Choralar koʻrilayotir. Ammo bu yetarli boʻlmayapti. Eng muhim masala – yurtimizda yangi ish oʻrinlari ochish, aholi bandligini taʼminlash boʻlib qolmoqda.

Barno Meliqulova, OʻzA
1 534