O‘zA O`zbek

08.09.2018 18:53 Chop etish versiyasi

Bemorlarga tibbiy koʻrik natijasida aniqlangan kasalliklari boʻyicha zarur maslahatlar berildi

Bemorlarga tibbiy koʻrik natijasida aniqlangan kasalliklari boʻyicha zarur maslahatlar berildi Navoiy shahridagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻida salomatlikni targʻibot qilish kunlari boʻlib oʻtdi.

Unda Toshkent shahridan 9 nafar malakali mutaxassis bilan bir qatorda viloyatdagi tibbiy muassasalarda faoliyat yuritayotgan 20 nafarga yaqin tajribali shifokorlar qatnashib, Navoiy shahri va Karmana tumani aholisini chuqurlashtirilgan koʻrikdan oʻtkazishdi. Madaniyat va istirohat bogʻida hozirlangan 6 pavilonda UTT, EKG apparatlari hamda laboratoriya tekshiruvlarini tashkil etish uchun ham kerakli sharoitlar yaratildi.

– Bemorlarga tibbiy koʻrik natijasida aniqlangan kasalliklari boʻyicha zarur maslahatlar berildi, – deydi Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti kafedra assistenti, tibbiyot fanlari doktori A.Abdurizayev. – Aholi orasida sogʻlom turmush tarziga amal qilishni targʻib etish – faoliyatimizning asosidir.

Shuningdek, chekka hududlarda istiqomat qiluvchi yoshi ulugʻ insonlar va nogironlarning holidan xabar olinib, ular uy sharoitida tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Statsionar sharoitda davolanishga muhtoj deb topilganlarga viloyat va respublika tasarrufidagi tibbiyot muassasalariga yoʻllanmalar ajratildi. Tadbir davomida sogʻlom turmush tarzi koʻnikmalarini hosil qilish, turli kasalliklarning oldini olish va tibbiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan targʻibot materiallari tarqatildi.

– Sogʻligim yomonlashgani sababli Toshkent shahriga koʻrikka borish uchun hozirlik koʻrayotgan edim, – deydi Karmana tumanidagi Paxtaobod mahallasida yashovchi I. Yoʻldosheva. – Poytaxtdan malakali shifokorlar kelganini eshitib, bu yerga keldim va koʻrikdan oʻtdim. Mutaxassislar menga kerakli tavsiyalarni berdi. Endi olis masofaga borishimga ham hojat qolmadi. Bu qulaylikni yaratgan mutasaddilardan minnatdorman.

Salomatlikni targʻibot qilish kunlari barcha tuman va shahar markazlarida ham tashkil etilib, keng jamoatchilik jalb etildi. Shuningdek, tadbirlar davomida boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalari oʻtkazilib, Navoiy viloyatidagi tibbiyot muassasalariga oʻnlab mutaxassislar doimiy ishga joylashdi.

Nuriddin Rahimov, OʻzA
2 653